Mullasadikova Nigora Muramanovnaning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Qur’onda “ma’oniy ilmi”ning lingvopoetik asoslari”, 24.00.04 – Mumtoz sharq adabiyoti va manbashunosligi (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3.PhD/Fil1021. 
Ilmiy rahbar: To‘ychieva Gulxumor Ummatalievna, filologiya fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, DSc.35/30.12.2019.Isl/Tar/F.57.01.
Rasmiy opponentlar: Imomnazarov Muhammadjon, filologiya fanlari doktori, professor; Rustamiy Salimaxon Aliybeg qizi, filologiya fanlari doktori. 
Yetakchi tashkilot: Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Qur’onda ma’oniy ilmining lingvopoetik xususiyatlarini ochib berishdan  iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
ma’oniy ilmining ilk xususiyatlari arab matnlari, fol`klori, maqol va matallari tarkibida shakllangani, Qur’oni karimni o‘rganish asosida ma’oniy ilmi rivojlanib, mukammal lingvistik nazariya darajasiga etgani, mazkur evolyusion jarayon johiliya davri namunalaridan bo‘lgan “القتل أنفى للقتل” – “Qatl qatlni rad etadi” maqolining keyinchalik Qur’on matnida (“لَكُمْ فِي الْقِصَاصِ حَيَاةٌ” – «Sizlar uchun qasosda hayot bor” shaklida (“Baqara” surasining 179-oyati) ma’nolari keng, jumlasi ixcham tarzda qo‘llangani ochib berilgan;  
nutq va ma’noning lingvopoetik va psixolingvistik aloqalariga oid lingvistik nazariyalar o‘rta asrlar arab va o‘zbek tilshunos olimlarining asarlarida IX-XIII asrlardayoq, ya’ni Evropa tilshunosligidan (XVII-XVIII) bir necha asr avvalroq islom ilmlari klassifikatsiyasiga kiritilgani va Movarounnahr lingvistik maktabi vakillari tomonidan tugallangan tarzda ishlab berilgani isbotlangan; 
Movarounnahr olimlari ma’oniy ilmining ilmiy-nazariy asoslarini yaratgan bo‘lib, Mahmud Zamaxshariy “ma’oniy ilmi” istilohini poetik ilmlar tarkibiga kiritgani, Yusuf Sakkokiy esa ma’oniy ilmini tizimga solib, yaxlit lingvopoetik nazariyaga asos solgani, ular dunyo tilshunosligida ilk bor lingvopoetik va psixolingvistik ilmlarni o‘rganishni boshlagan olimlar ekanligi dalillangan; 
o‘rta asrlardayoq arab tilida yaratilgan sharq lingvistik nazariyalarida tilning ijtimoiy vazifasiga doir qarashlar tizimi shakllangani, ular nafaqat o‘z davri uchun, balki bugungi kun uchun ham ilg‘or xulosalar majmuidan iboratligi va zamonaviy lingvistik talablar bilan o‘zaro mutanosib ekanligi, ularda ta’sirchan nuqt yaratish san’ati va madaniyati, suhbatdoshga nutq asosida ta’sir etish talablari, lingvistik shart-sharoitlarning taqozosi masalalari yaxlit tizim sifatida ishlab chiqilganligi risolalar qiyosiy tahlili asosida isbotlangan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Movarounnahr olimlari Mahmud Zamaxshariy va Yusuf Sakkokiy ma’oniy ilmining asoschilari  ekanligi va yaxlit lingvistik nazariya yaratganliklari, ular dunyo tilshunosligida ilk bor lingvopoetik va psixolingvistik ilmlarni o‘rganishni boshlagan olimlar ekanligiga oid ma’lumotlardan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida tayyorlangan “O‘rta asr sharq allomalari” ensiklopediyasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2020 yil 7 fevraldagi 02/46-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur ma’lumotlar yurtimizda islom sivilizatsiyasi rivojiga oid  yangi xulosa va qarashlar asosida buyuk o‘tmishimizning haqiqiy tarixini yaratishga xizmat qilgan; 
o‘rta asr tilshunos olimlarining ma’oniy ilmiga doir qarashlari, Movarounnahrda IX-XIII asrlardayoq o‘ziga xos lingvistik nazariyalar yaratilganligi borasidagi xulosalar buyurtma asosidagi “Nahvda yuzta omil” kitobida aks ettirilgan hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Toshkent islom instituti talabalari uchun “Durusu-l-balog‘a” darsligi mazmuniga singdirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2020 yil 4 iyundagi 3136-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘quv ta’minoti mazmuni yangi qarashlar, tarixiy faktlar va asarlar bilan boyitilgan, yoshlarda o‘z ajdodlari hayoti va merosidan g‘urur va faxr hissini turg‘un shakllantirishga erishilgan; 
Qur’on tili tushunchasi, uning arab va musulmon mamlakatlarida koyne til mavqeida qo‘llanilgani,  ma’oniy ilmida lafz va ma’no uyg‘unligiga doir ma’lumotlar Imom Buxoriy nomli Toshkent islom institutida buyurtma asosida “Balog‘at ilmi” fanidan atamalar qomusini yaratishda foydalanilgan (O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2020 yil 11 iyundagi 1314-son ma’lumotnomasi). Natijada ma’oniy ilmiga doir istilohlar atamalar qomusiga kiritilgan;
ma’oniy ilmining o‘rta asrlar lingvopoetik va psixolingvistik ilmlar majmui ekanligiga oid xulosalar O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan tayyorlangan “Islom sivilizatsiyasi” qomusiy lug‘ati mazmuniga singdirilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazining 2020 yil 11 iyundagi 185/20-son ma’lumotnomasi). Natijada soha mutaxassislarining ma’oniy ilmi bo‘yicha ma’lumotlari shakllantirilib, bilimlarining oshishiga xizmat qilgan.
 

Yangiliklarga obuna bo‘lish