Radjabova Marjona Axmadovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Onomastik komponentli frazeologik birliklarning lingvomadaniy jihati va tarjima muammolari (ingliz, o‘zbek va rus tillari materialida)», 10.00.06–Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Fil160.
Ilmiy rahbar: Quvvatova Dilrabo Habibovna, filologiya fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti. PhD.03/30.12.2019.Fil.72.03.
Rasmiy opponentlar: Nasrullaeva Nafisa Zafarovna, filologiya fanlari doktori (DSc), dotsent; Qilichev Bayramali Ergashovich, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti.    
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ingliz, o‘zbek va rus tillaridagi onomastik komponentli frazeologik birliklarning etimologiyasini, semantikasini, lingvomadaniy xususiyatlarini ochib berish; ularning ekvivalentlik darajasini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
ingliz, rus va o‘zbek tillaridagi  onomastik komponentli frazeologik birliklarning shakllanish manbalari antik mifologiya, diniy dunyoqarash, fol`klor, xalqning tarixi, kundalik turmush tarzi kabi ichki hamda ekstralingvistik omillar asosida vujudga kelishi isbotlangan;
qiyoslanayotgan tillar kesimida onomastik komponentli frazeologik birliklar tarkibi jihatidan antroponim, toponim, etnonim, zoonim, astronim, kosmonim, xrononim, faleronim, geortonim, dokumentonim, ergonim, ideonim, xrematonim va biblionim tuzilishli guruhlarga ajratilgan hamda nomlar har bir xalqning tarixi va madaniyati bilan bog‘liqligi misollar asosida dalillangan;
har uchala tilda onomastik komponentli frazeologik birliklarning semantik xususiyatlari nuqtai nazaridan rostgo‘ylik, xotirjamlik, sevgi, sadoqat, sabr-toqat kabi ijobiy; makkorlik, sotqinlik, o‘g‘rilik, dangasalik kabi salbiy konnotatsiya kasb etadigan universaliyalar aniqlangan; milliy-madaniy qirralari xalqlarning diniy tafakkuri, turmush tarzi, urf-odatlarini aks ettirishi nuqtai nazaridan mushtarakligi; tarixiy-ijtimoiy sharoiti, geografik joylashuvi omilining ta’siri jihatdan farqlanishi asoslangan;
ingliz, o‘zbek, rus tillaridagi onomastik komponentli frazeologik birliklarning gender xususiyatlari erkaklarga xos jasurlik, donolik, udduburonlik; ayollarga xos vafodorlik, mehribonlik, jozibadorlik kabi sifatlarda namoyon bo‘lishi asoslangan va mazkur birliklar tarjimasida madaniy muloqot ta’sirida ekvivalentlik, muqobillik, obrazlilik kabi muvofiq hamda nomuvofiq munosabatlarning voqelanishi aniqlangan.     
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Ingliz, rus va o‘zbek tillaridagi onomastik komponentli frazeologik birliklarning lingvomadaniy jihatlarini aniqlash jarayonida erishilgan ilmiy natijalar asosida:
ingliz, o‘zbek va rus tillari frazeologik birliklarning o‘xshash hamda farqli tomonlari, ularning semantikasi, nutqda voqelanishi,  psixolingvistik xususiyatlariga oid xulosalardan A-1-39 «O‘zbek amaliy psixolingvistikasini yaratish dasturini ishlab chiqish» nomli amaliy loyihada (2014-2017) foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 7 fevraldagi 89-03-589-sonli ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek tilidagi onomastik tarkibli frazelogik birliklar qardosh bo‘lmagan ingliz va rus tillardagi shunday birliklardan psixolingvistik jihatdan farqlanishini asoslashga erishilgan;    
ingliz, rus va o‘zbek tillaridagi onomastik komponentli matal, maqol, aforizmlarning milliy va lingvomadaniy xususiyatlari, semantikasi  haqidagi xulosalardan Buxoro davlat universitetining №F-0-06 «Istiqlol davri o‘zbek adabiyotida Sharqu G‘arb adabiy an’analari sintezi» nomli fundamental loyihada (2012-2016)  foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 11 maydagi 89-03-1531-son ma’lumotnomasi). Natijada Sharqu G‘arb madaniy aloqa va poetik an’analari zamirida vujudga kelgan ba’zi frazeologik birliklarning shakllanish manbalari antik mifologiya, diniy qarashlar, fol`klor, xalqning tarixi va kundalik turmush tarzi bilan bog‘liqligi asoslangan;
ingliz, o‘zbek va rus tillaridagi tarkibida onomastik komponent qatnashgan va shu tillarda gaplashuvchi xalqlarning madaniyati, tarixi bilan bog‘liq bo‘lgan milliy bo‘yoqdor frazeologik birliklar bir-biriga qardosh bo‘lmagan xalqlarning urf-odatlari va madaniy aloqalari ta’siri ostida shakllanganligi haqidagi xulosalardan «Birinchi Xalqaro ziyorat turizmi forumi»ni tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2019 yil 15 noyabrdagi 02-22/8346 sonli ma’lumotnomasi). Natijada onomastik komponentli milliy frazeologik birliklarning ingliz, rus va o‘zbek tillaridagi ekvivalentlari, ularning qardosh bo‘lmagan tillarda  muqobillarining berilishiga oid fikrlar forum materiallarini boyitishga xizmat qilgan;
dissertatsiyadagi antroponim, toponim, etnonim, zoonim, astronim, kosmonim, xrononim, faleronim, geortonim, dokumentonim, ergonim, ideonim, xrematonim va biblionim komponentli frazeologik birliklar tasnifi haqidagi ilmiy qarashlardan Buxoro viloyat teleradiokompaniyasi tomonidan 2018 yil 11 noyabrda namoyish etilgan «Assalom, Buxoro» dasturining «Til bilgan – el biladi» nomli sahifasi ssenariysini tayyorlashda  foydalanilgan (Buxoro viloyat teleradiokompaniyasining 2019 yil 15 avgustdagi 1/299-son ma’lumotnomasi). Natijada teletomoshobinlarning o‘zbek tilidagi onomastik komponentli frazeologik birliklarning etimologiyasi, milliy xususiyatlari, tarkibi va tasnifi bo‘yicha xulosalarini boyitishga erishilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish