Kilicheva Mehriniso Rajabovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Ingliz va o‘zbek adabiyotida psixologik holatlar talqinida adabiy ta’sir muammosi (yolg‘izlik motivi misolida)», 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3.PhD/Fil589.
Ilmiy rahbar: O‘raeva Darmon Saidaxmedovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti. PhD.03/30.12.2019.Fil.72.03.
Rasmiy opponentlar: Qarshibaeva Uljan Davirovna, filologiya fanlari doktori; Axmedov Oybek Saparboevich, filologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Urganch davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ingliz va o‘zbek adabiyotida yolg‘izlik motivining badiiy-ruhiy talqin xususiyatlarini hamda bunda adabiy ta’sirning o‘rnini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ingliz va o‘zbek she’riyatida, hikoya, qissa, roman kabi nasr namunalarida metafora, antiteza, ramz, peyzaj, konflikt, qiyoslash singari badiiy tasvir vositalari inson yolg‘izlik holatining ijtimoiy-psixologik faktorlari poetik motivlashtirilishiga aloqador badiiy xususiyatlarni voqelantirishda birlamchi funksiya bajarishi aniqlangan;
yolg‘izlik motivining an’anaviyligi, tizimlilik prinsipi, ma’noviy induksiya hosil qilishi, asar syujet mazmunini shakllantirishi, aktuallashuvi natijasida sarlavhada aks etish asoslari, bunda ijodkorning yolg‘iz odam obrazini yaratish, peyzaj, rang simvolikasi, monolog kabi poetik vositalardan foydalanish jarayonida ruhiy tahlil, kognitiv-diskursiv, assotsiativ motivlashtirish, yolg‘izlik motivining taraqqiyot tamoyillarini belgilash mahorati asoslangan;
ingliz va o‘zbek adabiy kontekstida yolg‘izlikning tanholik, qo‘rquv, begonalashuv, dinga qattiq berilish, jamiyatni qabul qila olmaslik, kelajakka ishonchsizlik ko‘rinishlarining madaniy, ijtimoiy, antropologik kabi ramziy-falsafiy va ijobiylik/salbiylik integrallashuvida namoyon bo‘ladigan konseptual mohiyati isbotlangan;
ingliz va o‘zbek ijodkorlari asarlarida millat mentaliteti, diniy-e’tiqodiy, marosimiy tushunchalar, ruhiy tahlil, ijtimoiy mavqe, adabiy ta’sir yolg‘izlik motivining muallif ijodi individualligini belgilash, syujetning o‘zagini ta’minlash kabi badiiy-estetik va kompozision vazifalarni o‘tashining birlamchi omillari ekanligi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Jahon adiblari ijodida yolg‘izlik motivining o‘rni, poetik xususiyatlari va vazifalarini aniqlash jarayonida erishilgan ilmiy natijalar asosida:
inglizzabon va o‘zbek ijodkorlari asarlarida yolg‘izlikning kosmik, madaniy, ijtimoiy, shaxsiy turlari, yolg‘izlik holatining kechish vaqti va vaziyatiga qarab surunkali, vaqtincha, vaziyatli bo‘lishi, maqsadiga ko‘ra ko‘ngilli va majburiy ko‘rinishlarining tasniflanishi, poetik motivlashtirilishining ijtimoiy-ruhiy omillari bilan bog‘liq xulosalardan F-1-06 «Istiqlol davri o‘zbek adabiyotida Sharqu G‘arb adabiy an’analari sintezi» mavzusida bajarilgan fundamental loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 1 iyuldagi 89-03-2371-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek adabiyoti bilan jahon adabiyotidagi ba’zi motivlarning tabiati, vazifasi jihatidan o‘zaro mushtaraklik kasb etishi, dunyo xalqlari adabiyoti an’analarining o‘zbek adabiyotida ham mavjudligi asoslangan;
ingliz va o‘zbek adabiyotida yolg‘izlik motivining qahramonlar ruhiy holatiga ijobiy va salbiy ta’siri, ikki millat ijodkorlarining yolg‘izlik motivini qo‘llash tajribasida keksalik, xiyonat, ijodga berilish, telbalik, oila a’zolari bilan munosabatlarning uzilishi, o‘lim, odam zotini yoqtirmaslik, nafrat kabi mushtarak yolg‘izlik faktorlarining asoslanishiga doir xulosalardan Lal Baxadur Shastri nomidagi hind madaniyat markazida «Jahon adabiyotida yolg‘izlik motivi: uning turlari va omillari» mavzuida qilingan ma’ruzada foydalanilgan (Lal Baxadur Shastri nomidagi hind madaniyat markazining 2020 yil 2 martdagi ma’lumotnomasi). Bu esa markaz mutaxassislarining ingliz va o‘zbek tillarida yaratilgan asarlar badiiy xususiyatlari haqidagi bilimlar bazasini yanada kengaytirishga asos bo‘lib xizmat qilgan;
badiiy-psixologik asarlarda yolg‘izlik bilan bog‘liq ruhiy vaziyat va holatlarning g‘oyaviy-estetik hamda kompozision jihatdan ahamiyat kasb etishi, asar syujeti voqealarini o‘z atrofiga birlashtirishi, turli millatlar adabiyotida bunday asarlar yolg‘izlikning milliy, diniy-e’tiqodiy, marosimiy tushunchalar asosida ifoda etilishining badiiy xususiyatlari bilan bog‘liq xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Buxoro viloyat teleradiokompaniyasining «Assalom, Buxoro», «Sakkizinchi mo‘’jiza» kabi turkum ko‘rsatuvlari ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Buxoro viloyat teleradiokampaniyasining 2020 yil 17 martdagi 1/416-son ma’lumotnomasi). Natijada teletomoshabinlarning kitobxonlikka qiziqishini oshirishga, ularning hozirgi kunda insoniyat hayotida global muammoga aylanib borayotgan yolg‘izlik holatining jahon va o‘zbek adabiyotidagi badiiy talqiniga xos xususiyatlar haqidagi ilmiy tasavvur-tushunchalarini boyitishga erishilgan;
yolg‘izlik holatini badiiy yoritishda ruhiy tahlilning o‘rni va ahamiyati, o‘zbek ijodkorlari tomonidan zamonaviy ruhiy tahlil asoslarining o‘zlashtirilishi, adabiy ta’sirning o‘rni va roli bilan bog‘liq ilmiy xulosa va natijalar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Buxoro viloyat hududiy bo‘linmasi mutaxassislarining kasbiy faoliyatiga tatbiq etilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2020 yil 17 avgustdagi 01-03-15/706-son ma’lumotnomasi). Natijada bo‘linma mutaxassislarining zamonaviy adabiy oqimlar va tanqidchilik haqidagi nazariy bilimlarini bir tizimga solishlari, badiiy taraqqiyot tamoyillari va mazkur janrdagi asarlar mohiyatini teran anglashlari uchun imkoniyat yaratilgan.