Sayt test rejimida ishlamoqda

Eshonqulov Husniddin Pirimovichning fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
    
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Alisher Navoiy g‘azaliyotidagi ishq poetikasining qiyosiy-tipologik tahlili (“Xazoyin ul-maoniy” misolida)”, 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.1.DSc/Fil102.
Ilmiy maslahatchi: Muhiddinov Muslihiddin Qutbiddinovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.02.03.
Rasmiy opponentlar: Erkinov Aftondil Sadirxonovich, filologiya fanlari doktori; Qobilov Usmon Uralovich, filologiya fanlari doktori; Funda Toprak, filologiya fanlari doktori, professor.
Etakchi  tashkilot: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Alisher Navoiy ijodida ishq talqinining o‘rni, an’anaviyligi, tasavvufiy mohiyati, shakliy-uslubiy va badiiy obrazlilik xususiyatlari, lingvopoetik vositalarini “Xazoyinul-maoniy” devonidagi oshiqona g‘azallar bilan Hofiz Sheroziy g‘azaliyotining tipologik qiyosiy asosida aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Alisher Navoiyning “Xazoyinul-maoniy” devonidagi oshiqona g‘azallari hamda tarkibida ishq ta’rifi va tavsifi o‘rin olgan asarlari Hofiz Sheroziyning shunday mazmundagi g‘azaliyoti bilan qiyosiy-tipologik aspektda tekshirilib, turkiy she’riyatda ishq mavzusi sharq she’riyati an’analari, badiiy mezonlari doirasida poetik talqin qilinishi barobarida yanada badiiy takomillashtirilgani  asoslangan;
o‘zbek adabiyotida, jumladan, Alisher Navoiy ijodida ishq g‘oyasi talqinining an’anaviyligi, etakchi o‘rin tutganligi, islomiy va tasavvufiy manbalar asosida shakllanganligi dalillangan;
Alisher Navoiyning “Xazoyin ul-maoniy” she’riy to‘plamidagi oshiqona g‘azallarda ishq talqini poetikasining tasavvufiy qirralari, irfoniy-ma’rifiy va ramziy-timsoliy ma’nolari ochib berilgan;
shoir ma’rifiy-irfoniy qarashlarida “ishq” tushunchasi bilan bog‘liq “ishq” turlarining badiiy ifoda ko‘rinishlari, “oshiq” va “ma’shuqa”, “raqib”, “visol”, “hijron” timsollarining poetik talqin xususiyatlari, bunda Hofizga mutanosibligi va o‘ziga xosligi, ular qo‘llagan obrazlar tizimi umumiy tavsifi va tasnifi, ramziyligi, lirik qahramonning,  payg‘ambarlar, an’anaviy adabiy qahramonlarning badiiy-estetik vazifalari qiyosiy-tipologik aspektda aniqlangan;
Navoiyning savol-javob, so‘z takrori va qofiyani shakllantiruvchi badiiy san’atlardan foydalanishdagi badiiy mahorati oshiqona g‘azallarining o‘ziga xos badiiy qurilishi misolida ko‘rsatib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Navoiyning komil inson g‘oyasi ifodalangan  she’riy  asarlari tahlili, bu g‘oya talqinida shoirning badiiy mahorati, uni o‘ziga xos poetik usul va vositalar orqali takomillashtirgani haqidagi materiallar 2003-2007 yillarda bajarilgan 5.1.17-raqamli “Sharq mumtoz adabiyotida komil inson konsepsiyasi” mavzusidagi fundamental loyihada tadbiq etilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 9 sentyabrdagi 8903-8183-son ma’lumotnomasi). Natijada ulug‘ shoir poetik merosining barkamol avlodni tarbiyalashdagi ahamiyati, Sharq poetikasida komil inson konsepsiyasi tarixi, badiiy shakl va mazmun yangilanishida Navoiy ijodining muhim manba ekanligi bo‘yicha aniq xulosalar chiqarish imkonini bergan;
Navoiyning ishqiy g‘azallari g‘oyasi, lingvopoetik va kompozision xususiyatlari, obrazlar tarkibi, shoirning ilohiy va majoziy ishq talqinini berishda o‘ziga xos poetik usul va vositalardan foydalanishdagi badiiy mahorati haqidagi ilmiy natijalardan 2007-2011 yillarda bajarilgan  “OF-F8-027 raqamli “Qo‘lyozma manbalarning milliy ma’naviy va adabiy meros targ‘ibotidagi ahamiyati” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 9 sentyabrdagi 8903-8183-son ma’lumotnomasi). Natijada Navoiy “Xazoyinul-maoniy” kulliyotining boshqa kulliyotlardan farqi, mushtarak hamda o‘ziga xosliklari, undagi tahlilga tortilmagan ayrim g‘azal matnlarida yuz bergan shakliy-uslubiy yangilanishlar, devondagi ishqiy g‘azallar tasnifoti bo‘yicha aniq xulosalar chiqarishga erishilgan;
Navoiy ishqiy g‘azallarining lingvopoetik xususiyatlari, shoirning ishq talqinida so‘zning o‘z va ko‘chma ma’nolaridan foydalanish mahorati haqidagi materiallardan 2008-2011 yillarda bajarilgan OT-F8-062 raqamli “Til taraqqiyotining derivatsion qonuniyatlari” nomli fundamental ilmiy loyiha bajarilishida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 9 sentyabrdagi 8903-8183-son ma’lumotnomasi). Natijada Navoiyning o‘zbek tili taraqqiyotida qo‘shgan hissasi asoslangan, shoir davri tili va hozirgi o‘zbek adabiy tili xususiyatlari qiyosiy o‘rganilib, undagi derivatsion qonuniyatlar aniqlangan;
Turkiya Respublikasi Karabuk universiteti Adabiyot fakul`teti turk tili va adabiyoti bo‘limining 2019-2020 o‘quv yili TED734 “Turkiston milliy uyg‘onish adabiyoti”, TED733 “Chig‘atoy adabiyoti” darslarida dissertatsiyaning ilmiy natijalaridan foydalanilgan (Karabuk universiteti Adabiyot fakul`teti professori Nodirxon Hasan nomidan berilgan ma’lumotnoma). Natijada ishq mavzusining genizisi, uning irfoniy mohiyat kasb etishining tayanch omillari, Navoiy asarlarida ishq mavzusi tadrijiy rivojlanishining talqini, shoirning g‘azalnavislikdagi buyuk salaflariga munosabati, ulardan ijodiy ta’sirlanishi, oshiqona g‘azaliyotining kompozisiyasi, g‘azallaridagi payg‘ambarlar timsollarining poetik funksiyasi, tasavvufiy timsollarning mohiyati kabilarni o‘rganishda dissertatsiya materiallari muhim ilmiy manba sifatida xizmat qilgan. 
Navoiyning ulug‘ salaflar ijodidan adabiy ta’sirlanib, mumtoz g‘azaliyotda ishq mavzusi ko‘lamining yangicha motivlar bilan kengayishiga salmoqli hissa qo‘shgani, irfoniy tushunchalardan san’atkorona foydalanib, Alloh va insonni ulug‘lagani, g‘azallarida vasf etilgan pok ishq insonni ma’naviy kamolotga etaklovchi muhim omil sanalib, uning zuhd va taqvodan afzalligi haqidagi ilmiy xulosalardan “Buxoro” telekanalining “Dolzarb mavzu”, “Interv`yu plyus”, “Assalom, Buxoro”, “Sakkizinchi mo‘’jiza” ko‘rsatuvlarida foydalanigan (Buxoro viloyati teleradiokompaniyasining 2020 yil 25 martdagi №.1/101-ma’lumotnomasi). Natijada shoir g‘azallaridagi ishqi komil insonni kamolotga erishtirishi, buning uchun undagi shijoat nafs itini zabun qilishi bilan bog‘liq ulug‘ shoirning hamida axloq haqidagi bir qator qarashlari tahlillar asosida yoritilgani teletomoshabinlarning axloqiy tushunchalarini yanada boyitgan;
Mir Arab oliy madrasasida “Tasavvuf”, “Tasavvuf atamalari” singari darslarni o‘tishda,  Navoiy tavalludining 578, 579 va Bobur tavalludining 536, 537 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda dissertatsiyasining natijalaridan foydalanilgan (O‘zbekiston Musulmonlar idorasining 2020 yil 16 oktyabrdagi№2030-dalolatnomasi). Natijada Navoiyning ishq martabalari, tavhid, tajalliy, ilohiy mazhar, faqrlik haqidagi qarashlari, tariqatlarga, jumladan, naqshbandiylikka, hazrat Bahouddin Naqshband va Xoja Ahrori Valiyga bo‘lgan samimiy munosabati, naqshbandiylikning “hush dar dam” rahshasi, tariqatning sir saqlash bilan bog‘liq g‘oyalaridan yuksak san’atkorlik bilan foydalanganligi tahlillar asosida ochib berilgani talabalarning tasavvuf adabiyoti bilan bog‘liq bilimlarini rivojlantirishga yordam bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish