Abduqodirov Xayrullo Abdusalomovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): «Barqaror rivojlanish sharoitida milliy iqtisodiyotning infratuzilmaviy bloklarini takomillashtirish (Tojikiston Respublikasi ma’lumotlari asosida)», 08.00.01 – Iqtisodiyot nazariyasi (iqtisodiyot fanlari).
Ilmiy maslahatchi: Ismoilova Maloxat Maxmudovna, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Naziri Gul`baxor, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Tojikiston davlat huquq, biznes va siyosat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.I.01.11.
Rasmiy opponentlar: Alimov Ravshan Arifovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Rasulev Alisher Fayzievich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Muftaydinov Qiyomiddin, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot nomi: O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Tojikiston Respublikasi milliy iqtisodiyotining barqaror rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan infratuzilma bloklarini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy taklif va amaliy tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
infratuzilmaning lokal, mintaqaviy, milliy va global tashkil etuvchilari va ularning o‘ziga xosliklaridan kelib chiqqan holda uni ul`tratuzilma (ITTKI, boshqarish, kadrlarni tayyorlash), intratuzilma (ma’lum bir vaqt doirasida ob’ektlar yoki hodisalarning ta’siri ostida tarmoqda vujudga kelgan vaziyat) va supertuzilma (agrosanoat va moliyaviy sektor)ga ajratish mezonlari ishlab chiqilgan;
milliy iqtisodiyot infratuzilmasini rivojlantirishga ta’sir ko‘rsatuvchi omillar o‘rtasidagi korrelyasion va regression bog‘liqlikni hisobga olgan holda, infratuzilmaning ijtimoiy-ishlab chiqarish blokini rivojlantirish uchun investisiya mablag‘larini samarali joylashtirish modeli ishlab chiqilgan;
iqtisodiy faoliyatning mavsumiy va davriy unsurlardan tashkil topishini hisobga olgan holda iqtisodiy amaliyotga diskretli yondashuvni joriy qilish orqali tashqi iqtisodiy blok infratuzilmasining rivojlanish darajasini baholash uslubiyoti takomillashtirilgan;
mamlakatda tarkib topgan ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat va aholining real sonidan kelib chiqqan holda, aholi bandligining sekinlashgan, mo‘’tadil, o‘rtacha va barqaror o‘sish sur’atlari darajalarini hisoblash mezonlari va uslubiyoti ishlab chiqilgan;
qo‘shimcha moliyaviy mablag‘larni jalb qilish orqali byudjetdan moliyalashtirishning o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishiga erishish hamda tarmoqning investision jozibadorligini oshirishni rag‘batlantirish asosida munisipial infratuzilmaviy bloklarni moliyaviy sog‘lomlashtirishning ustuvor yo‘nalishlari asoslangan;
ko‘p omilli regression tahlil asosida infratuzilmaviy bloklarni rivojlantirish maqsadidagi investision sarflarni hisoblash algoritmi va uslubiyoti taklif qilingan hamda istiqbolda infratuzilmaning ijtimoiy ishlab chiqarish blokini takomillashtirishga investision salohiyatning ta’sir ko‘rsatish darajasi ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Barqaror rivojlanish sharoitida milliy iqtisodiyotning infratuzilmaviy bloklarini takomillashtirish bo‘ycha olingan ilmiy natijalar asosida:
infratuzilmaning lokal, mintaqaviy, milliy va global tashkil etuvchilari va ularning o‘ziga xosliklaridan kelib chiqqan holda, uni ul`tratuzilma (ITTKI, boshqaruv, kadrlarni tayyorlash), intratuzilma (ma’lum bir vaqt doirasida tarmoq ichida yoki ma’lum bir inshoot ob’ektida tarkib topgan vaziyat) va supertuzilma (agrosanoat va moliyaviy sektor)ga ajratish borasida taklif etilgan mezonlar Tojikiston Respublikasi sanoat va yangi texnologiyalar vazirligida iqtisodiyot tarmoq va sohalarining o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda infratuzilmaviy bloklarga ajratib olish jarayonida foydalanilgan (Tojikiston Respublikasi Sanoat va yangi texnologiyalar vazirligining 2019 yil 11 noyabrdagi 8-2780-son ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida milliy iqtisodiyot infratuzilmaviy bloklarining rivojlanish darajasini aks ettiruvchi ko‘rsatkichlar tizimi va ularning asosiy mezonlari ishlab chiqilgan;
milliy iqtisodiyot infratuzilmasini rivojlantirishga ta’sir ko‘rsatuvchi omillar o‘rtasidagi korrelyasion va regression bog‘liqlikni hisobga olgan holda, infratuzilmaning ijtimoiy-ishlab chiqarish blokini rivojlantirish uchun investisiya mablag‘larini samarali joylashtirish maqsadida ishlab chiqilgan model Tojikiston Respublikasi Sanoat va yangi texnologiyalar vazirligida mamlakatda infratuzilmani rivojlantirishga investision mablag‘larni yo‘naltirishni rejalashtirish jarayonida foydalanilgan (Tojikiston Respublikasi Sanoat va yangi texnologiyalar vazirligining 2019 yil 11 noyabrdagi 8-2780-son ma’lumotnomasi). Taklif etilgan ushbu modelning amaliyotga joriy etilishi sanoat, xususan, undiruvchi va qayta ishlovchi sanoat tarmoqlarida o‘z ijobiy natijalarini bergan va undan bugungi kunda hisob-tahlil ishlarini amalga oshirishda keng foydalanilmoqda;
iqtisodiy faoliyatning mavsumiy va davriy unsurlardan tashkil topishini hisobga olgan holda, iqtisodiy amaliyotga diskretli yondashuvni joriy qilish orqali tashqi iqtisodiy blok infratuzilmasining rivojlanish darajasini baholash uslubiyotini takomillashtirish bo‘yicha berilgan taklif Tojikiston Respublikasi Savdo va iqtisodiy rivojlanish vazirligida tashqi iqtisodiy faoliyat ko‘rsatkichlarini choraklar bo‘yicha hisoblash jarayonida foydalanilgan (Tojikiston Respublikasi Savdo va iqtisodiy rivojlanish vazirligining 2019 yil 22 oktyabrdagi 10/2-742-son ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy taklifning amaliyotga joriy qilinishi tashqi iqtisodiy ko‘rsatkichlarni yuqori aniqlikda tahlil qilish, jahon bozoridagi qisqa muddatli o‘zgarishlarni kuzatish va shu bilan bir qatorda, jahon iqtisodiyotida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan mavsumiy tebranishlar dinamikasi bilan bog‘liq tadqiqotlarni amalga oshirish imkonini bergan;
mamlakatda tarkib topgan ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat va aholining real sonidan kelib chiqqan holda aholi bandligining sekinlashgan, mo‘’tadil, o‘rtacha va barqaror o‘sish sur’atlari darajalarini hisoblash uslubiyoti va mezonlari Tojikiston Respublikasining Mehnat, migratsiya va aholi bandligi vazirligida bandlik tuzilmasi tarkibidagi miqdoriy ko‘rsatkichlarni hisob-kitob qilish bo‘yicha me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqish jarayonida foydalanilgan (Tojikiston Respublikasi Mehnat, migratsiya va aholi bandligi vazirligining 2019 yil 11 noyabrdagi 2/2683-son ma’lumotnomasi). Ushbu uslubiyotning joriy etilishi aholining ishsiz qismini mehnat resurslari ortiqcha hududlaridan ko‘chirish va ularni iqtisodiyotning turli tarmoqlarida samarali joylashtirish imkonini bergan;
qo‘shimcha moliyaviy mablag‘larni jalb qilish orqali byudjetdan moliyalashtirishning o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishiga erishish hamda tarmoqning investision jozibadorligini oshirishni rag‘batlantirish asosida munisipal infratuzilmaviy bloklarni moliyaviy sog‘lomlashtirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha berilgan takliflar Tojikiston Respublikasining Savdo va iqtisodiy rivojlanish vazirligida munisipal infratuzilma ob’ektlarini moliyalashtirish rejalarini ishlab chiqish jarayonida foydalanilgan (Tojikiston Respublikasi Savdo va iqtisodiy rivojlanish vazirligining 2019 yil 22 oktyabrdagi 10/2-742-son ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy taklifning amaliyotga joriy qilinishi munisipal infratuzilmaviy bloklarni moliyalashtirishga yo‘naltirilgan mablag‘larni qoplash va ularning samaradorligini oshirishga imkon bergan;
infratuzilmaviy bloklarni rivojlantirish maqsadida investision sarflarni hisoblashning taklif etilgan algoritmi va uslubiyoti Tojikiston Respublikasining Savdo va iqtisodiy rivojlanish vazirligi tomonidan munisipal infratuzilma ob’ektlarini moliyalashtirish rejalarini ishlab chiqish jarayonida foydalanilgan (Tojikiston Respublikasi Savdo va iqtisodiy rivojlanish vazirligining 2019 yil 22 oktyabrdagi 10/2-742-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif etilgan ilmiy yangilikning amaliyotga joriy qilinishi munisipal infratuzilmaviy bloklarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan investision mablag‘larning qoplanishi va ularning samaradorligini oshirish imkonini beragan.