Sayt test rejimida ishlamoqda

Masharipov Ulug‘bek Anvarovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘rmon va manzarali daraxtlarda shahar mo‘ylovdori (aeolesthes sarta sols.) bioekologiyasi hamda ular miqdorini boshqarishni takomillashtirish”, 06.01.09 – O‘simliklarni himoya qilish (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/Qx612.
Ilmiy rahbar: Esanbaev Shamsi, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/30.12.2019.Qx.13.01.
Rasmiy opponentlar: Kimsanboev Xojimurod Xamrakulovich, biologiya fanlari doktori, professor; Axmedova Zuhra Yuldashovna, biologiya fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Etakchi tashkilot: O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘rmon va manzarali daraxtlardagi shahar mo‘ylovdori (Aeolesthes sarta) turining biologik xususiyatlari, populyasiyasi, tarqalishi, zararlilik darajasi, daraxt turlari bo‘yicha oziqlanishi va entomofag turlari, shahar mo‘ylovdori miqdorini boshqarishda samarali usul va vositalarni qo‘llash usullarini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor hududlar bo‘yicha shahar mo‘ylovdorining (Aeolesthes sarta) biologik hususiyatlari, o‘rmon va manzarali daraxtlar bo‘yicha populyasiyalarining rivojlanishi aniqlangan;
ilk bor shahar mo‘ylovdorining tabiiy kushandalaridan 13 turi aniqlangan, 9 turdagi qushlar, 2 turdagi parazit hasharotlar (Liopygia argyrostoma, Sclerodermus turkmenicus), 2 turdagi mikroorganizmlar (Metarhizium anisopliae, Beauveria bassiana) aniqlangan;
shahar mo‘ylovdori miqdorini boshqarishda mikrobiologik vositalar samaradorligi aniqlangan va ularni qo‘llash muddat va me’yorlari bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan;  
o‘rmon va manzarali daraxtlarda shahar mo‘ylovdorining miqdorini boshqarishda innovatsion, havfsiz Trunk injection usulini qo‘llash texnologiyasini ishlab chiqilgan va samaradorligi aniqlangan;
shahar mo‘ylovdorining miqdorini boshqarishda Trunk injection usulida kimyoviy vositalarni sarf me’yorlari, qo‘llash usullari ishlab chiqilgan;
shahar mo‘ylovdori miqdorini boshqarishda kurash usullarining xo‘jalik–iqtisodiy samaradorligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘rmon va manzarali daraxtlarda shahar mo‘ylovdori (Aeolesthes sarta Sols.) bioekologiyasi hamda ular miqdorini boshqarishni takomillashtirish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlarning natijalari asosida:
shahar mo‘ylovdoriga qarshi “Boverin-zernovoy” va “Boverin-jidkiy” preparatlari Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida 20 gektarlik o‘rmon hududida joriy etilgan (O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi 2020 yil 1-iyuldagi 05/21-1877-son ma’lumotnomasi). Natijada “Boverin-zernovoy” (Beauveria bassiana) preparatida 61% gacha biologik samaradorlikka erishilgan va shahar mo‘ylovdori miqdorini boshqarishning biologik usuli takomillashtirilgan;
shahar mo‘ylovdoriga qarshi kimyoviy vositalarni ineksiyalash usulida Dva-trin 10% em.k., Agrofos-D 55% em.k. Prokleym 5% s.e.g. preparatlarida va Trunk injection usulida Bagira 20% s.e.k., Atilla 5% em.k., Prokleym 5% s.e.g., Dva-trin 10 % em.k. preparatlari Samarqand va Toshkent viloyatlari o‘rmon xo‘jaliklarining 16 ga maydonida joriy etilgan (O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi 2020 yil 1-iyuldagi 05/21-1877-son ma’lumotnomasi). Natijada shahar mo‘ylovdori miqdorini kamaytirishda o‘rtacha 88,9% samaradorlikka erishilgan.
terak daraxtini shahar mo‘ylovdoridan himoya qilishda Trunk injecton usuli Toshkent viloyatining Qibray va Bo‘stonliq tumanlaridagi 15 gektar maydonlarida joriy etilgan (O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi 2020 yil 1-iyuldagi 05/21-1877-son ma’lumotnomasi). Natijada 100 tupdan saqlab qolingan hosil 28,9 m3 yog‘ochni, sof foyda 44 967 ming so‘mni, sarflangan bir so‘mning oqlanishi 2,4 marotabani tashkil etgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish