Xalilova Aziza Shamuxutovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Yaponiya OAVda madaniy-ma’rifiy va rekreativlik jurnalistikasining shakllanish va rivojlanish tendensiyasi”, 10.00.09 – Jurnalistika (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Fil187.
Ilmiy rahbar: Mo‘minov Fayzullo Abdullaevich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, PhD.03/30.12.2019.Fil.14.01
Rasmiy opponentlar: Mamatova Yakutxon Muxammadjanovna, filologiya fanlari doktori, professor v.b.; Tog‘aeva Gulandom Jummaevna filologiya fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Berdah nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Yaponiya OAVning rekreativ hamda madaniy-ma’rifiy funksiyalari mohiyati, ularni amalda tatbiq etish usullarini jahon va milliy tajriba asosida qiyosiy-tipologik jihatdan yoritib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
yapon ommaviy axborot vositalarining Xeysey, Meydzi, Shyova va Edo davriga oid tarixiy, ijtimoiy, siyosiy, madaniy-ma’rifiy omillar asosida shakllanishi va taraqqiyot yo‘li tadqiqi natijasida yapon jurnalistikasining nazariy asoslari Amerika, ya’ni g‘arb jurnalistikasiga tayansa-da, unda sharqona jurnalistik yondashuvlar asosidagi sintez yangi jurnalistik mezonlarni joriy etgani aniqlangan va yapon tilidagi asl ilmiy-nazariy ma’lumotlarga tayangan holda dalillangan;
yapon ommaviy axborot vositalari materiallarida rekreativlik bilan madaniy-ma’rifiy media funksiyalari uyg‘unligi va ko‘ngilochar dasturlarda ta’lim-tarbiya elementlari sharqona mentalitetning milliy adabiyotga xos «ga» ‒ mumtoz milliy san’at hamda «zoku» ‒ zamonaviy madaniyat uyg‘unligiga asoslanib singdirilganligi isbotlangan;
yapon milliy va xususiy telekanallarida efirga uzatiladigan teledasturlar rekreativ va madaniy-ma’rifiy funksiya nuqtai nazaridan 「バラエティ」– «varity» - ko‘ngilochar dasturlari klassifikatori asosida tasniflanishi va shakliga ko‘ra 11 xil tasnifga bo‘linishi isbotlangan. Shuningdek, o‘zbek jurnalistikasidan farqli ravishda yapon jurnalistikasida “bilimga xos axborot ulashish” yapon OAV faoliyatining asosini tashkil etishi aniqlangan;
yapon ommaviy axborot vositalari faoliyatiga doir qonun hujjatlarida rekreativ teledasturlarni tartibga soluvchi, ularning maqsadi va mezonlarini belgilab beruvchi yaxlit bir hujjat, ya’ni standartlar mavjudligi mamlakat media sohasini rivojlantirishga xizmat qilishi aniqlangan va O‘zbekiston qonunosti hujjatlari doirasida rekreativ kontentni tartibga soluvchi modda kiritish, unda rekreativ jurnalistik materiallarning maqsadi va mezonlarini belgilab berish maqsadga muvofiqligi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Yaponiya ommaviy axborot vositalarida madaniy-ma’rifiy va rekreativlik jurnalistikasining shakllanish va rivojlanish tendensiyasini tadqiq etish hamda uning ilmiy-nazariy asoslarini ishlab chiqish asosida:
madaniy-ma’rifiy va rekreativ funksiyalarning boshqa funksiyalar bilan aloqadorligi va farqli xususiyatlariga oid ilmiy natijalardan Nagoya Universiteti talabalarining «Televidenie va ijtimoiy tarmoqlarning turizm sohasidagi ahamiyati» nomli tadqiqot loyihasida foydalanilgan (Nagoya Universitetining 2019 yil 30 fevraldagi ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar Yaponiya rekteativ jurnalistikasining xususiyatlari, shakllanish va taraqqiyot bosqichlari yuzasidan bildirilgan ilmiy-nazariy fikrlar tadqiqot ma’lumotlar bazasini boyitishga xizmat qilgan;
yapon milliy teleradiokompaniyasi NHKning mediamadaniyat, mediata’limni shakllantirish, yoshlar mediata’limini targ‘ib etuvchi ta’lim faoliyatiga yo‘naltirilgan dasturlar va ta’lim yo‘nalishida ijobiy samara bergan yapon ko‘rsatuvlari tahlili natijasida chiqarilgan ilmiy natijalardan O‘zDJTU huzuridagi Chet tillarini o‘qitishning innovatsiyaviy metodikalarini rivojlantirish Respublika ilmiy-amaliy markazi (O‘zRIAIM) tomonidan yapon tilini tajriba-sinov tarzida o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan Toshkent shahridagi umumta’lim maktablarida tahsil oluvchi o‘quvchilarga mo‘ljallangan darslikda foydalanilgan (O‘zRIAIMning 2019 yil 18 oktyabrdagi 88-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar yapon madaniyati va unda televidenie roli borasidagi nazariy ma’lumotlar o‘quv materiallari sifatida kiritilgan, darslikni takomillashtirish hamda o‘qitish samaradorligini oshirishga xizmat qilgan;
Yaponiya OAVning shakllanish va rivojlanish tarixi; axboriy, rekreativ va madaniy-ma’rifiy funksiyalarni umumlashtirish; yapon madaniyati o‘zining milliy xususiyatlarini saqlagan holda asrlar davomida xorijiy mamlakatlardan kirib kelgan yangi madaniy hamda falsafiy g‘oyalarni ijodiy qayta ishlab, o‘z mentalitetiga mos¬lashtirib, o‘zlashtirishiga doir ishlab chiqilgan ilmiy natijalardan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining bakalavr ta’lim yo‘nalishi uchun «Xalqaro jurnalistika» fanining nazariy va amaliy kurslari tarkibini boyitish va o‘quv-uslubiy materiallarni tayyorlashda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 12 oktyabrdagi 89-03-3849-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi bakalavr ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha «Xalqaro jurnalistika» fanidan ma’ruza matnini yaratish va modul tarkibini boyitish imkonini bergan;
Ommaviy madaniyatning rivojlanishi sharoitida OAV rekreativ funksiyasining amalda keng qo‘llanilishi va uning ijobiy hamda salbiy oqibatlari tahlil qilinib, mediadagi ommaviy madaniyat asosiy e’tiborini sensatsiya va iste’molchilik falsafasiga qaratishi madaniy saviyaning pasayishi va rekreativlik yo‘nalishning kuchayib ketishiga olib kelishi haqidagi ilmiy natijalardan «Dunyo bo‘ylab» telekanalining «Borliq sanoati», «Globus», «Tamaddun» kabi ko‘rsatuvlarda unumli foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi «Dunyo bo‘ylab» telekanali davlat unitar korxonasining 2019 yil 12 martdagi 08-14-111-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar asosida «Borliq sanoati», «Globus», «Tamaddun» kabi ko‘rsatuvlarning uchta soni tadqiqotning umumlashma xulosalari asosida boyitilgan.