Raximova Intizor Rustamovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Boshlang‘ich sinflar o‘qish darslarida muammoli ta’limdan foydalanishning nazariy-amaliy xususiyatlari”, 13.00.02 – Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (o‘zbek adabiyoti) (pedagogika fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.1.PhD/Ped1384.
Ilmiy rahbar: Husanboeva Qunduzxon Parpalievna, pedagogika fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami:  Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.19.01.
Rasmiy opponentlar: Safarova Rohatoy G‘aybullaevna, pedagogika fanlari doktori, professor; Mamatova Gulshan Amankulovna, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy  va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi boshlang‘ich sinflar adabiy ta’limida muammoli o‘qitish usullaridan foydalanishning ilmiy-metodik xususiyatlarini ochib berish va qarashlarni amaliy jihatdan dalillashdan iboratdir.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
adabiyot o‘qitishning boshlang‘ich bosqichida muammoli ta’limdan foydalanishning o‘quvchilar  yoshi bilan bog‘liq pedagogik-psixologik xususiyatlari, ularning aqliy, ruhiy va jismoniy intellektual imkoniyatlari aniqlangan;
boshlang‘ich adabiy ta’limda muammoli o‘qitishga xos bo‘lgan metod va usullardan foydalanishning ilmiy-nazariy asoslari misollar namunasida dalillangan;
boshlang‘ich sinflar adabiy ta’limida muammoli o‘qitishga xos bo‘lgan muammoli savol, muammoli topshiriq, muammoli vaziyat yaratish singari didaktik xususiyatlardan foydalanish o‘quvchilar aqliy kamoloti, mustaqil tafakkuri va mustaqil faoliyatini rivojlantirish omili ekanligi asoslangan;
boshlang‘ich sinflar o‘quvchilariga mo‘ljallangan “O‘qish kitobi” darsliklaridan o‘rin olgan bir qator badiiy (she’r, rivoyat, ertak, hikoya singari) matnlarni didaktik tahlilga tortish jarayonida muammoli ta’limdan foydalanish bo‘yicha bir qator muammoli savollar va topshiriqlar taqdim etilib, o‘quvchilarni mavjud muammo echimi sari yo‘naltiruvchi metodik tavsiyalar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Boshlang‘ich sinflar o‘qish darslarida muammoli ta’limdan foydalanishning nazariy-amaliy xususiyatlari tadqiqi natijalari asosida:
boshlang‘ich sinflar o‘qish darslarida muammoli ta’limdan foydalanishning nazariy-amaliy xususiyatlarining tadqiqi natijasida olingan ilmiy-nazariy xulosalardan BMTning YuNISEF bolalar jamg‘armasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan “Sifatli ta’lim prinsip va parametrlarini umumta’lim maktablarida qo‘llashga shart-sharoitlar yaratish” (Sozdanie usloviy dlya vnedreniya v obshheobrazovatel`nix shkolax prinsipov i parametrov kachestvennogo obrazovaniya) loyihasini bajarishda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 10 sentyabrdagi 89-03-3203-son ma’lumotnomasi). Natijada umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘qituvchilarining kasbiy kompetentliligini oshirishga, “Zamonaviy dars namunalari” to‘plami nashr qilinishida ishlab chiqilgan metodikalardan dars ishlanmalari yaratishda foydalanishga erishilgan; 
kichik maktab yoshidagi o‘quvchilarning fikrlash, mantiqiy tafakkur, muammoli savollar hamda muammoli vaziyatlar echimini topish darajasining o‘sish holati aniqlangan, barcha o‘quvchilarning muammoli vaziyatlar echimini topishga bo‘lgan qiziqishlari, ularning ijodiy tasavvur va tafakkuri rivojlanishi hamda nutqiy darajasi oshgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 9 iyuldagi 89-03-2497-son ma’lumotnomasi). Natijada ixtisoslik fanlarini o‘qitish, malaka oshirish kurslari, shuningdek, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining dars samaradorligini oshirishga erishilgan.
“O‘qish kitobi” darsliklariga kiritilgan ona tabiat, atrofimizni o‘rab turgan olam, vatanimiz tarixi va bugungi qiyofasi, kattalar va bolalar hayotidan lavhalar, mehnat, istiqlol, do‘stlik, tinchlik va milliy qadriyatlarimiz bilan bog‘liq bir qator mavzularning didaktik tahlilida muammoli ta’limdan foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 9 iyuldagi 89-03-2497-son ma’lumotnomasi). Natijada berilgan tavsiyalar asosida boshlang‘ich sinflarning o‘qish darslarida muammoli ta’limdan foydalanish, darslarning natijaviyligi va o‘quvchilar tomonidan o‘zlashtirish jarayonining oshganligi o‘z isbotini topgan. Mazkur muammoli o‘qitish metodidan foydalanish pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi didaktik ta’minotini rivojlantirish, pedagog kadrlarning kreativ faoliyati samaradorligini oshirish imkoniyatini kengaytirgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish