Maxkamova Dilbar Kamaldjanovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan Fan tarmog‘i nomi): «Aterosklerozda ko‘ruv a’zosidagi o‘zgarishlarni tashhislash va davolashga yangicha yondashish» 14.00.08 – Oftal`mologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.DSc/Tib363.
Ilmiy maslahatchi: Kasimova Muniraxon Sadikjanovna, tibbiyot fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD.04/30.12.2020.Tib.105.01 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Buzrukov Botir Tulkunovich, tibbiyot fanlari doktori, dotsent; Ikramov Azizbek Fazilovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Ioyleva Elena Eduardovna, tibbiyot fanlari doktori, professor (Rossiya Federatsiyasi).
Yetakchi tashkilot: «SILOAM EYE HOSPITAL» Oftal`mologik klinikasi (Seul, Janubiy Koreya).
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi: aterosklerozda neyrobioximik markerlar va ko‘ruv a’zosi to‘qimalari past kogerentli nurlanishi aksini tahliliga asoslangan holda ko‘ruv a’zosidagi o‘zgarishlarni tashxislash va davolashga yangicha yondashuvni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
optik kogerent tomografiyaning angiografiyali rejimida to‘r parda va ko‘ruv nervi yuzaki va chuqur qatlamlari, shuningdek, xorioideya kapillyarlari zichligini 15% yoki undan kamayishi neyroretinal ishemiyaning engil darajasida, 45% yoki undan kamayishi o‘rta daraja hamda kapillyarlar zichligining 75% va undan pasayishi neyroretinal ishemiyaning og‘ir darajasida kuzatilishi aniqlangan;
ko‘ruv a’zosi tomirlari aterosklerotik shikastlanishlarida angio-OKT mezonlari bo‘yicha neyroretinal ishemiyaning darajalari aniqlangan;
ko‘ruv a’zosi tomirlari aterosklerotik shikastlanishlarida ko‘z yosh suyuqligidagi S100 ishemiya markeri darajasining ishonchli darajada o‘sishi isbotlangan;
kompyuterli perimetriyada ko‘z tomirlari aterosklerotik o‘zgarishlarida shikoyatlar va klinik belgilar paydo bo‘lishidan avval to‘r parda yorug‘likka sezuvchanligining pasayishi isbotlangan;
aterosklerozda ko‘ruv a’zosi gemodinamik ko‘rsatkichlari buzilishini hisoblash uchun matematik model ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Aterosklerozda ko‘ruv a’zosi o‘zgarishlarini erta, qiyosiy tashxislash va davolashni takomillashtirish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar asosida:
"Ko‘ruv a’zosi aterosklerotik ishemik kasalliklarining bosh miya surunkali ishemiyasi bilan simultan kechishini tashxislash mezonlari" nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 2 avgustdagi 8n-d/99 son ma’lumotnomasi). Ushbu mezonlarni qo‘llash orqali aterosklerozda ko‘ruv a’zosi va bosh miyaning ishemik kasalliklari bilan og‘rigan bemorlarni o‘z vaqtida tashxislash hamda to‘g‘ri olib borishga erishilgan;
"Ko‘ruv a’zosining aterosklerotik shikastlanishida ko‘z va bosh miya magistral qon tomirlari gemodinamikasining buzilishi. Korrelyasion tahlil" nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 2 avgustdagi 8n-d/99-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma asosida aniqlangan korrelyasiya aterosklerozda ko‘ruv a’zosi va bosh miya o‘zgarishlarini o‘z vaqtida patogenetik yo‘naltirilgan davolashga, bu bilan birga gospitalizatsiya va vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik muddatlarini qisqarishiga imkon bergan;
"Ko‘ruv a’zosi qon tomirlari aterosklerotik shikastlanishini tashhislash. Dalillarga asoslangan tibbiyot tamoyillari" nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 2 avgustdagi 8n-d/99-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma aterosklerozda ko‘ruv a’zosi ishemik kasalliklarini taqqoslama tashhislash natijasida nishon-a’zolarning shikastlanishi va bemor hayoti uchun havfli asoratlarning oldini olish imkonini bergan;
"Ko‘ruv a’zosining ateroskleroz bilan kechgan ishemik kasalliklarini kompleks davolash" nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 2 avgustdagi 8n-d/99-son ma’lumotnomasi). Ushbu uslubiy tavsiyanoma aterosklerozda ko‘ruv a’zosi o‘zgarishlari bo‘lgan bemorlarda nootrop davolash o‘tkazilib, ularda ko‘rish o‘tkirligining oshishi, ko‘rish maydonining kengayishi, to‘r pardaning yorug‘likka sezuvchanligini oshishiga va gemodinamika ko‘rsatkichlarining yaxshilanishiga imkon bergan;
«Ko‘z ishemik sindromi kechishini oldindan bashoratlash usuli»ga Intelektual mulk agentligining ixtiro uchun patenti olingan (19.09.2018 y. №IAR 05676). Mazkur ixtiro ishemik jarayon kechishini ko‘z va yuzaki chakka arteriyalari gemodinamik ko‘rsatkichlariga asoslangan holda baholashga imkon bergan;
Aterosklerozda ko‘ruv a’zosi o‘zgarishlarini erta aniqlash va patogenetik davolashga qaratilgan tadqiqot natijalari sog‘liqni saqlash tizimiga, xususan, Andijon, Navoiy va Sirdaryo viloyat oftalmologik shifoxonalari, Respublika klinik oftalmologik shifoxonasining amaliy faoliyatiga joriy etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 2 avgustdagi 8n-d/99-son ma’lumotnomasi). Ushbu tadqiqot natijalari aterosklerozda ko‘zdagi o‘zgarishlarni erta tashhislash, bosh miyadagi o‘zgarishlar bilan kechganda ularni patogenetik yo‘naltirilgan davolash hamda nishon-a’zolar shikastlanishi va og‘ir asoratlar kelib chiqishini oldini olish usullarini joriy etish imkonini berdi. Iqtisodiy samara aterosklerozda ko‘zdagi o‘zgarishlarni erta tashhislash orqali aholining kasalxonada yotish va vaqtincha mehnatga layoqatsizlik muddatlarini qisqarishi, asoratlar va o‘lim havfini kamaytirish orqali ta’minlanadi. Ko‘ruv a’zosi ishemik kasalliklari kechishini bashoratlash asosida bemorlarni olib borish samaradorligi oshadi va asoratlarni oldini olishga erishiladi.