Sayt test rejimida ishlamoqda

Qayumov Olim Sadiriddinovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbek shomon marosim fol`klori (spesifikasi, genezisi, janrlar tarkibi va poetikasi)», 10.00.08 – Fol`klorshunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.DSc/Fil125. 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
Ilmiy maslahatchi: Jo‘raev Mamatquli, filologiya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti, DSc.30.08.2018.Fil46.02.
Rasmiy opponentlar: O‘raeva Darmon Saidaxmedovna, filologiya fanlari doktori, professor; Jumanazarov Umrzoq, filologiya fanlari doktori, professor; Yormatov Isomiddin, filologiya fanlari doktori, professor. 
Etakchi tashkilot: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: o‘zbek shomon marosim fol`klorining o‘ziga xos xususiyatlari, janrlar tarkibining tarixiy asoslari va turkiy xalqlar marosim qo‘shiqlari kontekstida tutgan o‘rnini aniqlash, shomon mifologiyasining genezisi va evolyusiyasi jarayonlarini yoritish hamda shomon aytimlarining poetikasini tadqiq etishdan iboratdir.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘zbek fol`klorshunosligida ilk bor so‘z magiyasi bilan bog‘liq marosim fol`klori janrlarining voqelikni ramziy-ritual kodlar vositasida mifopoetik talqin qilishdan iborat o‘ziga xos tabiati oydinlashtirilgan hamda bu tip janrlar tasnifi mukammallashtirilgan;
Sarmishsoy darasidagi petrogliflarni paleofol`kloristik metod asosida tahlil qilish natijasida o‘zbek shomon marosim fol`klorining tarixiy-genetik asoslari tosh asrida yashagan qadimgi odamlarning ajdodlar kul`tiga sig‘inish bilan aloqador animistik tasavvurlariga borib taqalishi isbotlangan;
so‘z magiyasi bilan bog‘liq o‘zbek fol`klori asarlarini Sibir` va tog‘li Oltoyda yashovchi turkiy qavmlar og‘zaki ijodi materiallari bilan qiyosiy tahlil qilish asnosida o‘zbek tilidagi sakral mohiyat kasb etuvchi lisoniy birliklar o‘rol-oltoy tillari oilasiga mansub xalqlar tilidagi shomonistik atamalar bilan tipologik mushtaraklikka egaligi asoslangan;
hozirgi tarixiy-fol`kloriy jarayonda o‘zbek shomon marosimi aytimlari va shomon mifologiyasi o‘zining jonli ijro holatini saqlab kelayotganligi qadimgi davr fol`klori arxetiplarining bardavomligi va fol`klor janrlarining hayotiy-maishiy funksiyalari bilan aloqadorligi dalillangan;
o‘zbek mifologiyasidagi obrazlar tizimining shakllanishi va tarixiy-tadrijiy taraqqiyoti bosqichlari qadimgi turkiylarning shomonistik tasavvurlari, O‘rta Osiyo tub etnosining mahalliy e’tiqodiy qarashlari (jumladan, zardo‘shtiylik) hamda islom dini ta’sirida kirib kelgan o‘zlashma asotiriy qatlamni o‘z ichiga olishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
O‘zbek shomon marosim fol`klorining o‘ziga xos xususiyatlari, genezisi va poetikasini tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
O‘zbek shomon marosim fol`klorining o‘ziga xos xususiyatlari, genezisi, janrlar tarkibi, obrazlar tizimi va badiiyatini tadqiq etish asosida chiqarilgan ilmiy-nazariy xulosalaridan Navoiy davlat pedagogika institutida 2008-2010 yillarda bajarilgan “O‘zbek xalq pedagogikasi va fol`klor an’analari” mavzusidagi fundamental ilmiy tadqiqot loyihasini bajarishda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 13 oktyabrdagi 89-03-3894-son ma’lumotnomasi). Natijada marosim fol`klorining yosh avlod tarbiyasidagi tarbiyaviy ahamiyati asoslangan hamda xalq ijodi materiallaridan ma’naviy-ma’rifiy sohada foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga erishilgan;
o‘zbek shomon mifologiyasining genezisi va epik tafakkur tadrijida tutgan o‘rni masalasini o‘rganish asosida olingan natijalaridan Navoiy davlat pedagogika institutida 2012-2016 yillarda olib borilgan F1-XT-0-19919 raqamli “O‘zbek mifologiyasi va uning badiiy tafakkur taraqqiyotida tutgan o‘rni” mavzusidagi fundamental ilmiy tadqiqotni bajarishda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 13 oktyabrdagi 89-03-3894-son ma’lumotnomasi). Natijada fol`klor an’analari orqali etib kelgan qadimgi mif va mifologik obrazlarning o‘zbek adabiyoti poetikasini boyitishdagi o‘rnini tahlil qilish asosida mifopoetik tafakkurning shakllanish bosqichlari oydinlashtirilgan; 
shomon marosimi fol`klorining tipologik xususiyatlari hamda o‘rol-oltoy tillari oilasiga mansub etnoslarning qadimgi arxetiplari bilan mushtarak jihatlarga egaligi haqidagi ilmiy xulosalaridan Buxoro davlat universitetida 2012-2016 yillarda bajarilgan F-1-06 “Istiqlol davri o‘zbek adabiyotida Sharqu G‘arb adabiy an’analari sintezi” mavzusidagi loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 13 oktyabrdagi 89-03-3894-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek va turkiy xalqlar fol`klor an’analarining tarixiy-genetik jihatdan yaqinligi va o‘zaro yaqin aloqadorlikda rivojlanib kelganligi aniqlangan.  
Tadqiqotchining o‘zbek marosim fol`klori asarlarini yozib olish va tahlil qilish metodlarini takomillashtirishga oid qarashlaridan Navoiy viloyati Madaniyat boshqarmasining nomoddiy madaniy meros ob’ektlarini aniqlash, xalq og‘zaki ijodi namunalarining ijrochilari ro‘yxatini shakllantirish va ulardan marosim fol`klori namunalarini yozib olish bilan bog‘liq amaliy faoliyatida foydalangan (O‘zbekiston Respublikasi Navoiy viloyati Madaniyat boshqarmasining 2020 yil 8 iyundagi 01-28/281 raqamli ma’lumotnomasi). Natijada nomoddiy madaniy meros ob’ektlarining mahalliy va respublika ahamiyatiga molik ro‘yxatlarini shakllantirish, fol`klor asarlarini janriy tabiatidan kelib chiqib arxivlashtirish va fol`klor-etnografik jamoalari repertuari sahnalashtirish metodikasi takomillashtirilgan;
o‘zbek shomon marosimi fol`klorining tarixiy-genetik asoslari va shomon mifologiyasi tahliliga doir materiallardan Navoiy viloyati tarix va madaniyati muzeyining eksponatlar zalini shomon magik anjomlari va kiyimlari bilan jihozlashda, shuningdek, Sarmishsoy ochiq osmon ostidagi muzey qo‘riqxonasiga tashrif buyurgan sayyohlarga qoyatosh suratlari mohiyatini izohlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Navoiy viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyining 2020 yil 8 iyundagi 01-1/60 raqamli ma’lumotnomasi). Natijada xalqimizning qadimiy mifologik tasavvurlari aks etgan osori-atiqalar mohiyati haqida keng ko‘lamli tushuncha berish imkoniyatlari kengaytirilgan; 
tadqiqotchining o‘zbek marosim fol`klorining milliy qadriyat sifatidagi ahamiyati va nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilishga oid ilmiy qarashlaridan O‘zbekiston Respublikasi Navoiy viloyati teleradiokompaniyasi “Qadriyat” rukni ostida teleko‘rsatuvlari, viloyat radiosining “Momo meros qadriyatlar” turkum eshittirishlari, “Navro‘z” umumxalq bayrami munosabati bilan tayyorlangan turkum ko‘rsatuvlari va radioeshittirishlarini tayyorlashda keng foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi Navoiy viloyati teleradio kompaniyasining 2020 yil 10 iyundagi 01-04/69 raqamli ma’lumotnomasi). Natijada xalqimiz badiiy tafakkurining ko‘p asrlik qadriyatlari tizimining yosh avlod ma’naviy kamolotidagi tutgan muhim o‘rni va ahamiyati xususidagi yangi ma’lumotlar keng tomoshabinlar ommasiga etkazilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish