Xasanova Shafoat Saidbekovnaning

doktorlik dissertatsiyasi himoyasi haqida  e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «To‘tinoma» va «Qush tili» turkumidagi asarlarning qiyosiy-tipologik va tekstologik tadqiqi», 10.00.10–Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik (filologiya fanlari).

Talabgorning ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat olib borishga layoqati bo‘yicha test sinovidan o‘tgani haqida ma’lumot: /Filologiya fanlari nomzodi/.

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: 28.04.2016/B2016.2.Fil 115.

Ilmiy maslahatchi: Sodiqov Qosimjon Pozilovich, filologiya fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining o‘zbek tili va adabiyoti muzeyi.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, 14.07.2016.Fil.09.01.

Rasmiy opponentlar: Shodmonov Nafas Namozovich, filologiya fanlari doktori, professor; Imomnazarov Muhammad Sultanovich, filologiya fanlari doktori, professor; Minnegulov Xatip Yusupovich,filologiya fanlari doktori, Qozon federal` universiteti professori.

Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi:Mavlono Xoja Qozi Payvandiy Rizoiy va uning «Qush tili» asari qo‘lyozmasini Fariduddin Attorning «Mantiq ut-tayr», Alisher Navoiyning «Lison ut-tayr» asarlari hamda Naxshabiy, Muhammad Qodiriy, Asiriy, Latifiy, Mirzabobo va Xiromiylarning «To‘tinoma» asarlari qo‘lyozma nusxalarining qiyosiy-tipologik va tekstologik tahlili misolida ularning har biri o‘ziga xos badiiy jihatdan e’tiborga loyiq ijod namunasi sifatida o‘zbek adabiyoti tarixida tutgan o‘rnini ko‘rsatib berishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

Rizoiy Payvandiyning adabiyotshunoslikka oid manbalarda zikr etilmagan «Qush tili» asari aniqlanib, ilk bor to‘liq o‘rganilgan va ilmiy muomalaga kiritilgan;

ma’lum adabiy an’analar hosilasi bo‘lgan «To‘tinoma» va «Qush tili» turkumidagi asarlarning genetik kurtaklari, taraqqiyot bosqichlari va yaratilishi tarixi nazariy jihatdan asoslangan;

«To‘tinoma» va «Qush tili» asarlarining 11 ta qo‘lyozma nusxalari aniqlanib, ular to‘liq ilmiy tavsiflangan;

dissertatsiyada asarlarga kirgan o‘xshash hikoyalarning matniy farqlarini aniqlash va asar qahramonlarining qiyosiy-tipologik tahlili orqali ijodkorlar asarlardagi yetakchi g‘oya, mavzu va motivlar, mushtarak va farqli jihatlar isbotlangan;

Rizoiyning «Qush tili» asarida keltirilgan hikoyatlar, qur’oniy iqtiboslar va hadislar asar mohiyatini ochib berish maqsadiga yo‘naltirilganligi, asarning muallif tomonidan ilgari surilayotgan tasavvufiy g‘oyani o‘zida mujassamlashtirgan o‘ziga xos ijodiylik va badiiylik namunasi ekanligi qiyosiy-tipologik tahlil orqali asoslangan;

Xiromiyning «To‘tinoma» asari bu mavzudagi asarlar ichida badiiy jihatdan yuksak darajadagi ijod namunasi ekanligi isbotlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:

 Buyuk ajdodlarimizning o‘zbek va jahon adabiyoti rivojiga qo‘shgan hissasi, o‘tmish badiiy merosimizning xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzini oshirish, adabiyotimizni yanada chuqur o‘rganish bilan bog‘liq masalalar echimlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 13 maydagi PF-4797-son Farmoni ijrosi yuzasidan Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyida tashkil etilgan «Fol`klor» va «O‘rta asrlar adabiyoti» nomli ekspozisiyalarda Ziyovuddin Naxshabiy, Asiriy, Latifiy, Xiromiylarning «To‘tinoma» asarlarining qo‘lyozma nusxalari va Rizoiy Payvandiyning  «Qush tili» asari qo‘lyozmasi talqinlari va ularning tadqiqi bo‘yicha olingan natijalaridan foydalanilgan. Jumladan, Rizoiy Payvandiyning shu vaqtgacha noma’lum bo‘lib kelgan va o‘zbek tilida yaratilgan «Qush tili» asari va qator mualliflarning «To‘tinoma» asarlari qo‘lyozmalari haqidagi boy ma’lumot birinchi marta ekspozisiyadan o‘rin olgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2016 yil 30 sentyabrdagi 3/1255-1210-son ma’lumotnomasi). Ekspozisiyada ilmiy natijaning qo‘llanilishi «To‘tinoma» va «Qush tili» turkumidagi asarlarning o‘zbek adabiyoti tarixida munosib o‘rnini aniqlash imkonini bergan;

«To‘tinoma» asarlarining qiyosiy-matniy tadqiqi bo‘yicha olingan natijalari FA–F1–I  2012-1-8 «O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari 100 jildligini nashrga tayyorlash va uni tekstologik o‘rganish masalalari» (2012–2016) fundamental loyihasida «Go‘ro‘g‘li» turkumi dostonlarining og‘zaki variantlari va qo‘lyozma nusxalari matnini qiyosiy-tekstologik tahlil qilishda; «Mantiq ut-tayr», «Lison ut-tayr» va «Qush tili» dostonlarining qiyosiy-tekstologik tadqiqi bo‘yicha olingan natijalardan FA–F1–G039 «Navoiy qomusi» (2 jildlik) va «Abdulla Qodiriy qomusi» (2012–2016) fundamental loyihasining «Navoiy qomusi» yo‘nalishida Rizoiyning «Qush tili» asariga Alisher Navoiy «Lison ut-tayr» asarining ta’siri mavzusini yoritishda foydalanilgan (Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining 2016 yil 4 oktyabrdagi FTK-03-13/644-son ma’lumotnomasi). Mazkur natijalarning qo‘llanishi Xiromiyning «To‘tinoma» va Rizoiy Payvandiyning «Qush tili» asarlari o‘ziga xos ijodiylik va badiiylik namunasi ekanligini asoslash imkonini bergan;

«Qush tili» va «To‘tinoma» dostonlaridagi hikoyatlar va tamsillarning o‘ziga xosligi va ularning manbalari yuzasidan amalga oshirilgan tadqiqot xulosalaridan OT–F8–151 «Adabiyot ensiklopediyasi» (2012–2016) fundamental loyihasida ensiklopediyaning 3-jildi «Rizoiy Payvandiy» maqolasini tayyorlashda foydalanilgan (Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining 2016 yil  4 oktyabrdagi FTK-03-13/644-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi sharq adabiyotida keng tarqalgan ma’naviy-axloqiy va tasavvufiy yo‘nalishdagi asarlar yaratish an’analarining turkiy adabiyotda ham keng qo‘llanilganligini aniq baholash imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish