Shamsiev Anvar Akbarovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Zarafshon vodiysi sharoitiga mos shirin kartoshka (batat) navlarini ajratish va o‘stirish texnologiyasini takomillashtirish”, 06.01.08 – «O‘simlikshunoslik» (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.RhD/Qx607.
Ilmiy rahbar: Ostonaqulov Toshtemir Eshimovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand veterinariya medisinasi instituti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filiali.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.05.30.12.2019.Qx/B.42.01.
Rasmiy opponentlar: Atabaeva Xalima Nazarovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Rasulov Faxriddin Faxmuddinovich, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Zarafshon vodiysi sharoitida shirin kartoshka (batat) nav namunalari to‘plamini tezpisharligi, o‘sishi, rivojlanishi, jadal ko‘payishi, hosil shakllanishi, mahsuldorligi, uyada tuganaklarning g‘uj joylashishi, umumiy va tovar hosildorligi, tuganaklar biokimyoviy tarkibi hamda saqlanuvchanligi bo‘yicha har tomonlama baholanib, istiqbollilarini ajratish asosida yuqori va sifatli hosil olishni ta’minlovchi agrotexnologik tadbirlar tizimini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Zarafshon vodiysining sug‘oriladigan o‘tloqi-bo‘z tuproqlari sharoitida shirin kartoshka nav namunalari to‘plami ko‘chat chiqimi, tezpisharligi, o‘sishi va rivojlanishi, jadal ko‘payishi, hosil to‘plash tezligi, mahsuldorligi, uyada tuganaklarning joylashishi, umumiy va tovar hosildorligi, tuganaklar biokimyoviy tarkibi hamda saqlanuvchanligi bo‘yicha har tomonlama baholanib, istiqbollilari ajratilgan, etishtirish agrotexnologiyalari takomillashtirilgan;
ajratilgan shirin kartoshka navlarining ko‘chati dalaga o‘tkazilgach, turli mul`chalash turlarining o‘simlik o‘sishi, rivojlanishi, palak va tuganak shakllanishi, mahsuldorlik ko‘rsatkichlari va tovar hosildorligiga ta’siri hamda paykal tuprog‘ining harorati va namligini boshqarish aniqlangan;
tanlangan batat navlarining ko‘chatlari turli qator orasi kengligi va tup qalinliklarida o‘stirilganda o‘simlikning o‘sishi, rivojlanishi, hosil shakllanishi hamda umumiy va tovar hosildorligi o‘rganilib, maqbul qator orasi kengligi va tup qalinligi belgilangan;
turli sug‘orish tartiblari va mineral o‘g‘itlar me’yorlarida shirin kartoshka navlarining o‘sishi, palak va tuganak shakllanishi, hosildorligi va saqlanuvchanligi baholanib, ko‘chat o‘sish, yuqori va sifatli tovar hosilini hamda saqlanuvchanlikni ta’minlovchi maqbul sug‘orish tartibi va mineral o‘g‘itlar me’yorlari aniqlangan;
ajratilgan shirin kartoshka navlari maqbul agrotexnologik tadbirlarda o‘stirishning iqtisodiy samaradorligi hisoblangan va ishlab chiqarishga tavsiyalar yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Shirin kartoshka nav namunalari to‘plamini har tomonlama baholash, ulardan istiqbollilarini ajratish hamda yuqori va sifatli hosil olishga imkon beruvchi agrotexnologiyasini yaratish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
fermer va tomorqa xo‘jaliklari uchun «Shirin kartoshka (batat) ajratilgan navlari va ularni o‘stirishning takomillashgan agrotexnologiyasiga oid tavsiyalar» nomli tavsiyanoma tasdiqlangan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 20.08.2020 yil, №02/027-2582-son ma’lumotnomasi). Bunda fermer va dehqonlar uchun shirin kartoshka navlarini etishtirish texnologiyasini maqbullashtirish bo‘yicha zarur tavsiyalar berilgan va uslubiy qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda;
shirin kartoshkaning ajratilgan Xazina, Sochakinur, Xar-Bay, Japan kabi navlarini Samarqand viloyati Toyloq tumanining «Rayxon» fermer xo‘jaligida 6 gektar, «Charosoy Shoxruzbek ilm» fermer xo‘jaligida 4,5 gektar hamda SPEKITI Samarqand ilmiy tajriba stansiyasida 3,3 gektar maydonga o‘stirishning takomillashgan agrotexnologiyasi, ya’ni yupqa (chigit) plyonka bilan mul`chalash, maqbul ekish usuli 90x20x1 yoki 70x25x1 sm tartibda gektariga 55,5-57,1 ming tup qalinlikda, sug‘orish tartibida tuproq namligini ChDNS ga nisbatan 70-80% da ushlash uchun o‘suv davrida 12 marta 5-7 tartibda sug‘orish, mineral o‘g‘itlarni N200P160K100 kg/ga me’yorida qo‘llash joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 20 avgustdagi 02/027-2582-sonli ma’lumotnomasi). Natijada shirin kartoshka gektaridan navlar bo‘yicha 38,4-56,4 tonnagacha tovar hosildorlikka erishilgan;
Samarqand viloyatining fermrer xo‘jaliklarida mazkur shirin kartoshka navlari va ularning takomillashgan texnologiyasi jami 13,8 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 20 avgustdagi 02/027-2582-sonli ma’lumotnomasi). Natijada har gektardan 25,3-48,7 mln.so‘m sof daromad va 88,6-161,2% rentabellik yoki nazoratga nisbatan 8,4-12,0 mln.so‘m qo‘shimcha sof daromad va 24,6-31,3% rentabellik darajasi ta’minlangan.