Cho‘tmatov Jo‘rabek Omonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «VII-IX asrlar Termiz ma’naviy muhiti tarixi: an’analar, tadrij va yangilanish»,  07.00.01 - O‘zbekiston tarixi va 07.00.08 - Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.PhD/Tar405.
Ilmiy rahbar: Shaydullaev Shopo‘lat Bozorovich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Termiz davlat universiteti.
Bir martalik IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, bir martalik IK raqami: Samarqand davlat universiteti, PhD 03/30.12.2019. Tar.02.10.
Rasmiy opponentlar: Ziyodov Shovosil Yunusovich, tarix fanlari nomzodi, dotsent; Otaxo‘jaev Azamxo‘ja Muzaffarovich, tarix fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi VII-IX asrlar Termiz ma’naviy muhiti hamda uning Markaziy Osiyo va islom dunyosida tutgan o‘rnini yoritishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi.
Termizda yangi islomiy ilmiy-ma’naviy muhit VII asr oxirida shakllanib, VIII asr boshidan butun islom olamiga ta’sir ko‘rsatgani asoslangan. Bu masalada Termiz erta fath (676 y) etilgani, sahoba Abu Fotima Amr Iyodiy Termizda islom jamoasiga bosh bo‘lgani, 689 yilda Muso ibn Abdulloh Xozim Termizni egallab, uni o‘n besh yil xalifalikdan mustaqil hudud va ummaviylarning Movarounnahrdagi markazi sifatida tutib turgani, natijada, Termizda islomiy muhit erta shakllanib, bu erda o‘nga yaqin taba’ tobe’in etishib chiqqani aniqlangan; 
Hanafiy mazhabining shakllanishi, yoyilishi va rivojida Movarounnahrda Termiziy allomalar muhim o‘rin tutgani, xususan, ilk davrlarda Imom A’zam Abu Hanifaning do‘sti Xolid ibn Ziyod Termiziy va uning o‘g‘li Abdulaziz ibn Xolid Termiziylar (Imom A’zam shogirdi) Movarounnahrning ilk hanafiy qozilaridan bo‘lishgani, Isroil ibn Ziyod Termiziy Imom A’zam shogirdi sifatida uning manoqibini bitgani aniqlandi. Keyinchalik ham, Termiz hanafiylik markazi sifatida o‘z o‘rnini saqlab qolganligi asoslangan;
VII-IX asrlarda Termiziy nisbalari bilan tanilgan 72 allomaning hayoti va ijodining ahamiyati, nafaqat O‘zbekiston va Markaziy Osiyo, balki butun islom olamida muhim o‘rin tutgan. Jumladan, bu olimlar islomiy ilmlar borasida ilmiy maktablar yaratishgan bo‘lib, shu asosda Termizda tafsir va hadisshunoslik, tasavvuf va fiqh maktablari faoliyat ko‘rsatganligi aniqlangan; 
Imom Termiziy hadis ilmi tarixida asar yaratishning uch uslubiga asos solganligi, jumladan: 1) hadislarni kitobning o‘zida matn, sanad va huquqiy jihatdan keng tahlil etish, zaif hadislarning shariatdagi ahamiyatini asoslash («Al-Jome’ al-kabir» misolida); 2) muhaddislar uslubidagi payg‘ambarlik siyratini bitishni alohida yo‘nalish sifatida ishlab chiqish («Ash-Shamoil an-nabaviyya» misolida); 3) hadis ilmining muhim qonun-qoida va atamalarini yozma shaklda chuqur ilmiy tahlil etish («Kitob al-ilal» misolida) kabi fundamental ahamiyati asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
VII-IX asrlardagi Termiz ma’naviy muhiti tarixi tahlili bo‘yicha olingan natijalar asosida:
VII-IX asrlarda Termiziy nisbalari bilan tanilgan 72 allomaning Termizda tafsir va hadisshunoslik, tasavvuf va fiqh maktablari faoliyati, ularning O‘zbekiston, Markaziy Osiyo va butun islom olamidagi o‘rni hamda Imom Termiziyning «Al-Jome’ al-kabir», «Ash-Shamoil an-nabaviyya» va «Kitob al-ilal» asarlari ahamiyatiga oid ma’lumotlar kitob shaklida “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi” buyurtmasi asosida nashr etilgan (O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2019 yil 24 iyundagi №39-sonli ma’lumotnomasi). Tadqiqotning natijalari O‘zbekistonda hadisshunoslik ilmi tarixini o‘rganishda Termiziy allomalar hissasini belgilash va uni bugungi kunda rivojlantirishga xizmat qilgan; 
Hanafiy mazhabining shakllanishi, yoyilishi va rivojida Movarounnahrda Termiziy allomalar muhim o‘rin tutgani hamda Termiz hanafiylik markazi sifatida o‘z o‘rnini saqlab qolganligiga oid ma’lumotlar kitob shaklida “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi” byurtmasi asosida nashr etilgan (O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2019 yil 20 iyundagi №40-sonli ma’lumotnomasi). Tadqiqot xulosalari Hakim Termiziy ta’limotini baholash, yurtimiz va islom dunyosida Termiziy olimlar misolida din va tasavvuf tarixini o‘rganishga xizmat qilgan; 
Termizda yangi islomiy ilmiy-ma’naviy muhit VII asr oxiridan shakllanib, VIII asr boshidan butun islom olamiga ta’sir ko‘rsatgani va Termizda etishib chiqqan o‘nga yaqin taba’ tobe’inlarga oid xulosalardan «Surxondaryo» telekanalining «Moziy ko‘zgusi» va «O`zbekiston 24» telekanalining «Moziy» ko‘rsatuvlarida foydalanilgan (Surxondaryo viloyati va O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyalarining 2019 yil 20 apreldagi 01-05/282-sonli va 20 iyuldagi 01-09/835-sonli ma’lumotnomalari). Taqdim etilgan materiallar Termiz ma’naviy muhiti, Termiziylar hayoti va ijodi tarixini yangi materiallar asosida keng jamoatchilikka targ‘ib qilishga asos bo‘lgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish