Gafurov Maxmudjon Bakievichning
doktorlik dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Alkaloidlar va oleanan qatori triterpenlarining (glisirrizin kislotasi) hosilalari sintezi va biologik faolligini aniqlash», 02.00.10–Bioorganik kimyo (kimyo fanlari).
Talabgorning ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat olib borishga layoqati bo‘yicha test sinovidan o‘tgani haqida ma’lumot: /kimyo fanlari nomzodi/.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: 30.09.2014/B2014.5.K72.
Ilmiy maslahatchi: Dalimov Davranbek Nigmanovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Bioorganik kimyo instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Bioorganik kimyo instituti va O‘zbekiston Milliy universiteti, 14.07.2016.K/V/T.13.01.
Rasmiy opponentlar: Mavlyanov Saidmuxtor Maqsudovich, kimyo fanlari doktori, professor; Ramazonov Nurmurod Sheralievich, kimyo fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Abdushukurov Anvar Kabirovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: atsetilxolinesterazaning antidot ta’sirli azot tutgan fosfororganik qaytar ingibitorlari hamda yallig‘lanishga qarshi faollikka ega ayrim preparatlar bilan glisirrizin kislota hosilalari asosida keng terapevtik ta’siri bo‘lgan dori vositalarini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ayrim alkaloidlar va azot tutgan geteroxalqali birikmalarning (morfolin, piperidin, geksametilenimin, anabazin, lupinin, epilupinin) metil-, metiltion- va fenilfosfon kislotalari bilan atsetilxolinesterazaning faol markaziga mos keluvchi murakkab efirlari va tuzlari sintez qilingan;
metiltionfosfonat molekulasida ikki va undan ortiq asimmetrik markazlar bo‘lishi YaMR-spektrida diastereomer anizoxronlik effektini paydo bo‘lishiga olib kelishi aniqlangan;
atsetilxolinesteraza fermentining o‘ta faol qaytar ingibitorlari aniqlangan;
moddalarning tuzilishi bilan faolligi orasidagi bog‘liqlik hamda metiltionfosfonatlarning antidotlik xossalari aniqlangan;
glisirrizin kislotasi (GK) tuzlari bilan AXEning samarali qaytar ingibitorlari bo‘lgan dezoksipeganin gidroxlorid (DOP GX) va galantamin alkaloidlarining turli nisbatda supramolekulyar komplekslari olingan;
GK monoammoniyli tuzi (GKMAT)vaDOP GXning kompleksi (2:1) yuqori antixolinesteraz faollikka egaligi va kam zaharli ekanligi ko‘rsatilgan;
GK va uning tuzlari asosida olingan supramolekulyar komplekslarning suvli muhitda gel hosil qilish jarayoni mexanizmlari, misellalar hosil bo‘lish kritik konsentratsiyasi aniqlangan;
GK tuzlarining atsetil salisil kislotasi (ASK) hamda uning analoglari gidroliziga katalitik ta’sir etishi aniqlanib, uning nazariy taxmin qilingan mexanizmi taklif etilgan;
GKMAT va ASK (4:1) kompleksining yuqori interferon induksiya qilish xususiyatiga egaligi aniqlanib, uning asosida yallig‘lanishga qarshi GLAS dori vositasi yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Fermentning faol markazini tadqiq etish va asab kasalliklarini davolashda qo‘llaniladigan AXE ingibitorlari va mahalliy o‘simlik xomashyosi asosida dori vositalarining kam dozali, keng ta’sir doirasiga ega preparatlar yaratish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
xolinesterazaga qarshi faollikka ega bo‘lgan O-izobutil-O-2-/N-piperidil/izopropil-metiltionfosfonatning xlorgidratiga Davlat patent idorasining ixtiroga patenti, (28.03.1994 y., №1109) olingan. Ilmiy tadqiqot natijasida bu preparat AXE fermentini fosfororganik zaharlardan himoya qilish uchun antidot vosita yaratish imkonini bergan.
mahalliy o‘simlik xomashyosi asosida yallig‘lanishga qarshi GLAS preparatining tabletka dori shakli ishlab chiqilgan. GLAS substansiyasi va dori shakli uchun barcha me’yoriy texnik hujjatlar tayyorlangan (Vaqtinchalik Farmakopeya maqolasi loyihasi, laboratoriya reglamenti 14.10.2009), Sog‘liqni saqlash vazirligi Dori vositalari va tibbiy texnika sifatini nazorat qilish bosh boshqarmasiga (DVTTSNQBB) topshirilgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi Farmakologiya qo‘mitasi kengashining qaroriga ko‘ra tibbiyot amaliyotida qo‘llashga ruxsat berilgan va qayd etishga tavsiya etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligi Farmakologiya qo‘mitasining 2016 yil 14 oktyabrdagi 29/03-1172-son ma’lumotnomasi). GLAS preparati xorijdan olib kelinayotgan o‘xshash ta’sirga ega bo‘lgan dori vositalari o‘rnini bosadi.