Dovudova Dilzoda Sulaymanovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Birinchi instansiya sudlarida jinoyat ishlarini yuritishda prokuror vakolatlarini takomillashtirish masalalari”, 12.00.09 - Jinoyat protsessi, kriminalistika, tezkor-qidiruv huquq va sud ekspertizasi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.3.PhD/Yu253. 
Ilmiy rahbar: Astanov Istam Rustamovich, yuridik fanlar doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Bosh prokuratura Akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Bosh prokuratura Akademiyasi, DSc.31/30.12.2019.I.Yu.67.01.
Rasmiy opponentlar: Mirazov Davron Miragzamovich, yuridik fanlar doktori, professor; Murodov Baxtiyor Baxodirovich, yuridik fanlar doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Sud`yalar oliy kengashi huzuridagi Sud`yalar oliy maktabi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi birinchi instansiya sudlarida jinoyat ishlarini yuritishda prokuror vakolatlarini takomillashtirish bo‘yicha taklif, xulosa va tavsiyalar ishlab chiqishdan iboratdir.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sudlanuvchiga nisbatan ayblovni og‘irrog‘i bilan yoki haqiqiy ahvolga ko‘ra, dastlabki ayblovdan jiddiy farq qiladigan ayblov bilan almashtirish yoki boshqa shaxsni ishda ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish uchun aniqlangan asoslar bo‘yicha prokuror tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan protsessual harakatlar tizimi ishlab chiqilib, ularni jinoyat-protsessual qonunchilikda aks ettirish zarurligi asoslab berilgan;
sud harakatlarini videokonferensaloqa rejimida o‘tkazish hamda ularning natijalarini rasmiylashtirish tartibiga doir jinoyat-protsessual qonun normalarida prokuror vakolatlarini belgilash zarurati asoslantirilgan;
ish yuzasidan qarorlarni tortishuv tamoyiliga rioya etgan holda taraflar ishtirokida qabul qilish tartibini belgilash, shuningdek, ishning umumiy tartibda ko‘rib chiqilishiga to‘sqinlik qiluvchi omillarni tezkorlik bilan aniqlash va bartaraf etish maqsadida jinoyat ishlarini sudda ko‘rish uchun tayinlash bosqichida dastlabki eshituv bosqichini kiritish zarurligi va prokuror vakolatlarini belgilash asoslantirilgan;
jinoyat ishlarini ko‘rish tartibini yanada soddalashtirish, protsessual chiqimlarni kamaytirish, jabrlanuvchiga etkazilgan zararni tez va to‘liq qoplash maqsadida, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatni sodir etgan shaxslarni jinoiy javobgarlikdan ozod qilish imkonini beradigan «Buyruq tartibida ish yuritish» nomli yangi institutni milliy qonunchilikka joriy etish zarurligi asoslantirilgan;
jinoyat-protsessual munosabatlarda qonun ustuvorligini ta’minlash maqsadida birinchi instansiya sudlarida prokurorni isbot qilish sub’ekti sifatida kiritish, sud muhokamasida prokuror tomonidan yangi dalillarni taqdim etish, sudlardan jinoyat ishini chaqirib olish  hamda davlat ayblovini prokurorlar guruhi tomonidan quvvatlash tartibini joriy etish zarurati asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Birinchi instansiya sudlarida jinoyat ishlarini yuritishda prokuror vakolatlarini takomillashtirish bo‘yicha olingan xulosa, taklif va tavsiyalar asosida:
sudlanuvchiga nisbatan ayblovni og‘irrog‘i bilan yoki haqiqiy ahvolga ko‘ra, dastlabki ayblovdan jiddiy farq qiladigan ayblov bilan almashtirish yoki boshqa shaxsni ishda ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish uchun aniqlangan asoslar bo‘yicha prokuror tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan protsessual harakatlar tizimi yuzasidan ishlab chiqilgan takliflar O‘zbekiston Respublikasi JPKning  416 va 417-moddalarini to‘ldirishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining 2019 yil 5 oktyabrdagi 06-13/1947-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning qabul qilinishi sud protsessi ishtirokchilarining qonunda belgilangan huquq va manfaatlari ta’minlanishiga hamda jinoyat ishining qonuniy, asoslangan va adolatli hal qilinishiga xizmat qilgan; 
sud harakatlarini videokonferensaloqa rejimida o‘tkazish hamda ularning natijalarini rasmiylashtirish tartibiga doir jinoyat-protsessual qonun normalarida prokuror vakolatlarini belgilash bilan bog‘liq takliflardan O‘zbekiston Respublikasi JPKning 914-moddasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining 2020 yil 25 fevral` 4-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning inobatga olinishi sud muhokamasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining tatbiq etilishiga, ishlarni ko‘rish yanada engillashtirilishiga, shuningdek, protsess ishtirokchilari sarson bo‘lishining oldi olinishida samarali vosita bo‘lib xizmat qilgan;
jinoiy sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatlarini ta’minlash faoliyati yuzasidan tayyorlangan uslubiy qo‘llanma O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuratura hay’atining 2019 yil 28 iyun` kungi majlisining 1-sonli bayonnomasi bilan hudud, viloyat va mahkamalarga yagona amaliyotni shakllantirish uchun tavsiya qilingan va amaliyotga tatbiq etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2019 yil 29 noyabrdagi ma’lumotnomasi). Ushbu uslubiy qo‘llanma hududlarda prokuratura xodimlari uchun yagona amaliyotni shakllantirishda xizmat qiladi;
jinoyat ishlarini sudda ko‘rish uchun tayinlash bosqichida dastlabki eshituv bosqichini kiritish va undagi prokuror vakolatlari bo‘yicha berilgan takliflardan O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi JPKning 49 - bobini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2020 yil 07 iyuldagi 2-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilishi xalqaro amaliyotda e’tirof etilgan ilg‘or tajribalar asosida ish yuzasidan qarorlarni tortishuv tamoyiliga rioya etgan holda taraflar ishtirokida qabul qilish tartibi belgilanishiga, shuningdek, ishning umumiy tartibda ko‘rib chiqilishiga to‘sqinlik qiluvchi omillarni tezkorlik bilan aniqlash va ularning bartaraf etilishiga va eng muhimi, jinoyat - protsessual munosabatlarda taraflar tengligining ta’minlanishiga  xizmat qilgan;
ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatni sodir etgan shaxslarni jinoiy javobgarlikdan ozod qilish imkonini beradigan «Buyruq tartibida ish yuritish» nomli yangi institutni amaldagi jinoyat-protsessual qonunchilikka joriy etish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflardan O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi JPKning 61 - bobini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2020 yil 07 iyuldagi 3-son ma’lumotnomasi). Takliflarning inobatga olinishi jinoyat ishlarini ko‘rish tartibi yanada soddalashtirilishiga, protsessual chiqimlar yanada kamaytirilishi, jabrlanuvchiga etkazilgan zararning tez va to‘liq qoplanishiga xizmat qilgan;
prokurorni isbot qilish sub’ekti sifatida kiritish, sud muhokamasida prokuror tomonidan yangi dalillarni taqdim etish, sudlardan jinoyat ishini chaqirib olish, prokurorning ayblovdan voz kechgan holatlarda sud tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan protsessual harakatlar tizimini belgilash, davlat ayblovini prokurorlar guruhi tomonidan quvvatlash tartibini joriy etish hamda sud muhokamasida ishtirok etayotgan prokurorni o‘zgartirish asoslari va tartibi bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflardan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi JPKning loyihasini ishlab chiqishda foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2020 yil 30 iyundagi 1-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilishi birinchi instansiya sudlarida qonun ustuvorligi ta’minlanishiga, qonunchilikda mavjud kollizion holatlarning bartaraf etilishiga, sud-tergov faoliyatidagi bo‘shliqlarni to‘ldirish, shuningdek, sud bosqichida fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatlashning yanada kuchaytirilishiga xizmat qilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish