Qurbonov Abduqodir Kenjaevichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: «Surunkali yurak etishmovchiligini turli gemodinamik fenotiplari rivojlanishining ayrim patogenetik mexanizmlarini baholash va unda davolashni muqobillashtirish», 14.00.06 – Kardiologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.DSc/Tib415.
Ilmiy maslahatchi: Gadaev Abdigaffar Gadaevich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent tibbiyot akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy – amaliy tibbiyot markazi, DSc.04/30.12.2019.Tib.64.01.
Rasmiy opponentlar: Abdullaev Timur Atanazarovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Abdullaev Akbar Xotamovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Muxamedov Rustam Sultanovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: M.V.Lomonosov nomidagi Moskva Davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: surunkali yurak etishmovchiligining gemodinamik fenotiplari yuzaga kelishi va rivojlanib borishida gen polimorfizmining o‘rni, kasallikning ayrim klinik - patogenetik mexanizmlarini baholash orqali uni erta aniqlash va asoratlarini oldini olish xamda davolashni muqobillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bora o‘zbek millatiga mansub bemorlarda molekulyar - genetik taxlil asosida surunkali yurak etishmovchiligining gemodinamik fenotiplari yuzaga kelishi, kechishi xamda yurakni patologik remodellanishi va markaziy gemodinamika ko‘rsatkichlarini buzilishi bilan hamohang genetik markerlar va ularning havfli guruhlari aniqlangan;
o‘zbek millatiga mansub SYuE mavjud bemorlarda kasallikni kechishi, noxush asoratlari rivojlanishi va davolash jarayoni samaradorligini baholashda ACE, AGT, ATIIR1 va ADRB1 genlarini alohida va o‘zaro ta’siri xususiyatlari ochib berilgan;
galektin-3ni surunkali yurak etishmovchiligining chap qorincha qon otish fraksiyasi oraliq va saqlangan gemodinamik fenotiplarida yaqqol oshishi va uni kasallikning og‘irlik darajasi bilan hamohangligi aniqlanib, kasallikni kechishi va nohush asoratlari rivojlanishi xamda davolash samaradorligini baholashdagi bashoratlash ahamiyati asoslangan;
surunkali yurak etishmovchiligining turli gemodinamik fenotiplarini davolashda azilsartan medoksomil va eplerenonni birgalikda qo‘llanilishi natijasida fibroz jarayonlari faolligini pasayishi hisobiga yurak remodellanishi ko‘rsatkichlarini ishonarli regressiyasi, bemorlarning klinik xolati va hayot sifatini yaxshilanishi va jismoniy yuklamalarga chidamliligini oshishi isbotlangan;
immunoferment va molekulyar - genetik taxlil xulosalariga tayanib, surunkali yurak etishmovchiligining gemodinamik fenotiplarini erta tashxislash bo‘yicha diagnostik algoritm ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Surunkali yurak etishmovchiligining gemodinamik fenotiplarida gen polimorfizmlari genotip va allellarini uchrashi xamda havfli kombinatsiyasi, galektin-3 miqdoriy ko‘rsatkichlariga qarab, bemorlarda buyurilgan standart dori vositalarini muqobil miqdorlarda qo‘llanilishi natijasida yurak remodellanishi ko‘rsatkichlarini ijobiy dinamikasi va bemorlar klinik xolatini baholash bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqot xulosalari asosida:
“Surunkali yurak etishmovchiligi va miokardial fibroz” mavzusida monografiya tasdiqlandi. (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 29 oktyabrdagi 8n-z/130 sonli xulosasi). Mazkur monografiyada surunkali yurak etishmovchiligining turli gemodinamik fenotiplarida fibroz jarayonlarini o‘rni, uni erta tashxislash va muqobil davolash usullari yoritilgan. Monografiyadagi uslub va tavsiyalarni amaliyotda qo‘llanilishi kasallikning nohush asoratlari profilaktikasi va davo muolajalarini muqobillashtirish imkoniyatini yaratadi;
“Surunkali yurak etishmovchiligining turli gemodinamik fenotiplari kechishida fibroz jarayonlarini o‘rni va uni davolash samaradorligini baholash” mavzusidagi uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 29 oktyabrdagi 8n-z/130 sonli xulosasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma surunkali yurak etishmovchiligining turli gemodinamik fenotiplarida galektin-3 miqdoriy ko‘rsatkichlarini kasallik og‘irlik darajasiga qarab o‘zgarib borishi, uni kasallik mavjud bemorlarda aniqlanishi surunkali yurak etishmovchiligining fenotiplarini differensial tashxislash, ularni kechishi xamda davolash jarayonini monitoring qilish imkoniyatini beradi.
Surunkali yurak etishmovchiligining gemodinamik fenotiplarida genlar polimorfizmlari genotip va allelarini uchrashi xamda galektin-3 miqdoriy ko‘rsatkichlariga qarab, angiotenzinga aylantiruvchi ferment ingibitorlari, angiotenzin reseptorlari antogonistlari, beta1-adrenoblokator va mineralokortikoid reseptorlari antogonistini qo‘llanilishi natijasida kasallikning fenotiplari davosini muqobillashtirilishi, bemorlarni o‘rtacha umrini o‘zaytirish va hayot sifatini yaxshilash bo‘yicha olingan ilmiy natijalarni sog‘liqni saqlash amaliyoti, jumladan Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasining kardiologiya va kardioreanimatsiya bo‘limi, 2 - Respublika klinik shifoxonasida amaliyotga tadbiq etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 29 oktyabrdagi 8n-z/130 sonli xulosasi). Tadbiq qilingan natijalar surunkali yurak etishmovchiligining gemodinamik fenotiplarini erta tashxislash, noxush asoratlarini oldini olish va muqobillashtirilgan davo samaradorligini oshirish, bemorlarning klinik xolati xamda hayot sifatini yaxshilash imkonini yaratgan.