Davletov Jamshid Bekmatovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekistonda «Har bir oila – Tadbirkor» konsepsiyasi va uning innovatsion mohiyati», 09.00.04 – Ijtimoiy falsafa (falsafa fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.PhD/Fal267.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Urganch davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.F.02.02.
Ilmiy rahbar: Xajieva Maksuda Sultanovna, falsafa fanlari doktori, professor.
Rasmiy opponentlar: Norqulov Do‘stmurat Toshpo‘latovich, falsafa fanlari doktori, professor; Negmatova Shaxzoda Shuxratovna, falsafa fanlari doktori (DSs), professor.
Yetakchi tashkilot: Qoraqalpoq davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: «Har bir oila – tadbirkor» konsepsiyasining ilmiy-falsafiy va nazariy-g‘oyaviy asoslarini, innovatsion rivojlanish bilan bog‘liq muammolarini tadqiq etish va ilmiy asoslangan taklif-tavsiyalar ishab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tadbirkorlik, biznes fenomenlarining erkin mehnat, erkin bozorni vujudga keltiruvchi attraktor (jalb qiluvchi) sabablari va uning dinamiklik, tuzilmaviylik, «sabab-oqibat» kabi rivojlanish xususiyatlari falsafaning umumiylik va xususiylik kategoriyasi vositasida asoslangan;
oilaviy tadbirkorlik rivojlanishining tendension xarakterga ega bo‘lgan bilim olishga intilish, yangilikka o‘chlik, ijodkorlik, ishbilarmonlik, shaxsiy tashabbus, mas’uliyat, tavakkal qilib daromad topish kabi kreativ belgilari mantiqiy aloqadorlikda aniqlangan;
respublika hududlarida tadbirkorlik tafakkurining shakllanishi va rivojlanishining sinergetik darajalarini milliy mentalitetga va etnostereotiplar (muayyan millatga xos bo‘lgan qarashlar)ga mutanosib ravishda rivojlantirishning ijtimoiy-falsafiy xususiyatlari sotsiometrik kuzatish natijasida ochib berilgan;
O‘zbekistonda «Har bir oila – tadbirkor» konsepsiyasi va uning innovatsion mohiyatini yanada takomillashtirishda milliy brendlar, innovatsion izlanishlar va ilmiy-texnik kashfiyotlar birlamchi omil ekanligi ijtimoiy faollikning kognitiv tamoyili vositasida isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekistonda «Har bir oila – tadbirkor» konsepsiyasining ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar tizimidagi o‘rnini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy natijalar asosida:
tadbirkorlik, biznes fenomenlarining erkin mehnat, erkin bozorni vujudga keltiruvchi attraktor (jalb qiluvchi) sabablari va uning dinamiklik, tuzilmaviylik, «sabab-oqibat» kabi rivojlanish xususiyatlariga oid ilmiy-nazariy g‘oyalari, metodologik taklif va tavsiyalaridan «Milliy g‘oya: O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi» darsligini tayyorlashda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 30 noyabrdagi 89-03-4633-son ma’lumotnomasi). Bu esa, darslik mazmunini takomillashtirishga, mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar mohiyatini hamda tadbirkorlar murojatlari bo‘yicha xalq qabulxonalari faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qilgan;
oilaviy tadbirkorlikning ijtimoiy-iqtisodiy hayotga, yoshlarning ilmiy-texnik tafakkuri, kreativ faolligi va dunyoqarashining shakllanishiga innovatsion ta’siriga doir amaliy taklif va tavsiyalaridan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi tomonidan yoshlar orasida axborot kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha ko‘nikmalarni rivojlantirishga oid – «Digital Generation» (raqamli avlod) loyihasini amalga oshirishda foydalanilgan (O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining 2019 yil 25 sentyabrdagi 04-13/4394-son ma’lumotnomasi). Bu esa, o‘z navbatida mamlakatimiz yoshlarining ijtimoiy faolligini va yoshlarning iqtisodiy-innovatsion savodxonligini oshirishga, ularning tadbirkorlikka ishtiyoqini uyg‘otishga hamda tadbirkorlikning muayyan turi bilan shug‘ullanishga, bu orqali mamlakatimiz ravnaqiga xissa qo‘shadigan yoshlar bo‘lib kamol topishiga xizmat qilgan;
respublika hududlarida ishbilarmonlik, tadbirkorlik tafakkurini shakllanishi va rivojlanishining sinergetik darajalari baholangan, uni milliy mentalitetga mutanosib ravishda rivojlantirishning ijtimoiy-falsafiy xususiyatlari asoslab berilganligiga doir taklif va tavsiyalaridan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining «O‘zbekiston» teleradiokanali DUK «Madaniy-ma’rifiy va badiiy eshittirishlar» muharririyatining «Bedorlik», «Muqaddas qo‘rg‘on» eshittirishlarining 2019 yil mart-iyun` oylarida efirga uzatilgan sonlarining dastur ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2019 yil 8 oktyabrdagi O‘z/R-1-172-son ma’lumotnomasi). Natijada, oila instituti sub’ektlarida va jamiyat a’zolarida tadbirkorlikka qiziqish uyg‘otishning zamonaviy usullarini yaratishga xizmat qilgan;
milliy brendlarni innovatsion izlanishlar, ilmiy-texnik kashfiyotlar va mamlakatni innovatsion rivojlantirish hamda mulkdorlar oilaviy tadbirkorlikning yuksaltirish vositasi ekanligi ijtimoiy-falsafiy jihatdan asoslab berilganligiga oid ilmiy-amaliy tavsiyalaridan O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashining 2019 yil 25 sentyabrdagi plenumining 3-sonli qarori asosida tasdiqlangan «Amaliy harakatlar dasturi»ning ssenariysini tuzishda va ijrosini ta’minlashda foydalanilgan (O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashining 2019 yil 14 oktyabrdagi 01-1/1/381-son ma’lumotnomasi). Bu partiya faoliyatining samaradorligini oshirishga va amaliy harakatlar dasturini ishlab chiqish hamda targ‘ib qilish uslublarini yanada yaxshilashga, jamiyat a’zolarida tadbirkorlikka qiziqish uyg‘otishga xizmat qilgan.