Palvanov Uktam Bazarbaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Sa’duddin Taftazoniyning Temuriylar davri moturidiya ta’limoti rivojiga qo‘shgan hissasi”, 24.00.01 – Islom tarixi va manbashunosligi (islomshunoslik fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Tar262.
Ilmiy rahbar: Islomov Zaxid Maxmudovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, DSc.35/30.12.2019.Isl/Tar/F.57.01.
Rasmiy opponentlar: Ikromitdin Ostanakulov tarix fanlari doktori, dotsent, Shovosil Ziyodov Yunusovich tarix fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Sa’duddin Taftazoniyning Temuriylar davridagi moturidiya ta’limoti rivojiga qo‘shgan hissasini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Moturidiya ta’limoti o‘z davrida “asos solinish”, “shakllanish”, “rivojlanish”, “keng yoyilish” tadrijiy bosqichlarni bosib o‘tganligi va to‘rtinchi – “keng yoyilish” bosqichida Sa’duddin Taftazoniyning aqidaviy asarlari muhim omil bo‘lgani aniqlangan hamda alloma asarlari Usmonli imperiyasi shayxulislomi Shamsuddin Muhammad ibn Hamza Fanoriy Hanafiy (751-834/1350-1431) orqali mamlakat hududiga ham keng tarqalgani, rasmiy ta’lim dargohlarida asosiy darslik sifatida o‘qitilgani isbotlab berilgan;
alloma “me’roj” (Payg‘ambar s.a.v.ning osmonga chiqishlari) mavzusi doirasida hamma jismlar tarkibiy tuzilish jihatidan bir-biriga o‘xshash bo‘lishi, boshqa jismlar osmonga ko‘tarilgani singari inson ham samoga chiqa olishi mumkinligi to‘g‘risidagi fikrlari bilan zamonaviy astrofizika, kimyo fanlariga oid ilmiy-nazariy gipotezalarni ilgari surgani hamda aniq va tabiiy fanlarga taalluqli qonuniyatlarni moturidiya ta’limotida ham qo‘llagani isbotlangan;
Sa’duddin Taftazoniy kitoblari bilan Imom Abu Mansur Moturidiy (243-332/857-944)ning “Kitob at-Tavhid” asari qiyoslanganda “Kitob at-Tavhid”da yoritilgan “imonning ta’rifi”, “imonning ruknlari”, “imon va islom tushunchalari”, “imonda istisno”, “imonning yaratilgan yoki yaratilmaganligi” singari jami 5 masalaga qo‘shimcha ravishda olim “ijmoliy va tafsiliy imon”, “taqlidiy va tahqiqiy imon”, “imonning ko‘payishi yoki ko‘paymasligi”, “oddiy insonlar imoni bilan payg‘ambarlarning imoni teng yoki teng emasligi” kabi 4 masalani kiritib, ularning sonini 9 taga etkazgani hamda mantiqiy izchillikda tasniflagani ochib berilgan;
Sa’duddin Taftazoniy hanafiy-moturidiy olimi bo‘lishiga qaramasdan shofiiy, molikiy, hanbaliy mazhablari uchun ham birdek ahamiyatli ekanligi VIII-IX/XIV-XV asrlarda yashagan Zaynuddin Qosim ibn Qutlubg‘o Hanafiy (802-879/1399-1474), Badruddin Muhammad ibn Abu Bakr Molikiy (763-827/1362-1424), Jaloluddin Abdurahmon ibn Abu Bakr Suyutiy Shofiiy singari jahonga mashhur 17 ta olim o‘z fikrlarini asoslashda alloma qarashlariga tayanganligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Sa’duddin Taftazoniyning Temuriylar davri moturidiya ta’limoti rivojiga qo‘shgan hissasi bo‘yicha olib borilgan tadqiqotning ilmiy natijalari asosida:
Moturidiya ta’limoti o‘z davrida “asos solinish”, “shakllanish”, “rivojlanish”, “keng yoyilish” tadrijiy bosqichlarni bosib o‘tganligi va to‘rtinchi – “keng yoyilish” bosqichida Sa’duddin Taftazoniyning aqidaviy asarlari muhim omil bo‘lgani haqidagi yangiliklar “Moturidiya ta’limoti tarixi” nomli darslikda aks etgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2020 yil 13 apreldagi 2410-son ma’lumotnomasi). Natijada, jamiyatda islom dini ta’limoti borasida to‘g‘ri fikr shakllanishiga va destruktiv g‘oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni mustahkamlashga xizmat qilgan;
Sa’duddin Taftazoniy kitoblari bilan Abu Mansur Moturidiyning “Kitob at-Tavhid” asari qiyoslanganda “Kitob at-Tavhid”da yoritilgan “imonning ta’rifi”, “imonning ruknlari”, “imon va islom tushunchalari”, “imonda istisno”, “imonning yaratilgan yoki yaratilmaganligi” singari 5 masalaga qo‘shimcha ravishda olim “ijmoliy va tafsiliy imon”, “taqlidiy va tahqiqiy imon”, “imonning ko‘payishi yoki ko‘paymasligi”, “oddiy insonlar imoni bilan payg‘ambarlarning imoni teng yoki teng emasligi” kabi 4 masalani kiritib, ularning sonini 9 taga etkazgani to‘g‘risidagi yangiliklar “Kalom ilmi va aqida maktablari tarixi” nomli o‘quv qo‘llanma mazmuniga singdirilgan (O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2020 yil 23 iyundagi 1367-son ma’lumotnomasi). Natijada bugungi kunda dolzarb ba’zi aqidaviy masalalarning asliyati va ularga adashgan toifalar tomonidan berilgan noto‘g‘ri talqinni yoritish imkonini bergan;
Sa’duddin Taftazoniyning boy ilmiy merosi, xususan, moturidiya ta’limotiga oid asarlari borasida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Madaniyat va ma’rifat” telekanali “Buyuk ajdodlarimiz” rukni ostidagi, “Ziyo-media” markazida Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta’limotiga bag‘ishlangan teleko‘rsatuvlar ssenariysini tayyorlashda hamda “Mahalla” radiokanalida Sa’duddin Taftazoniy faoliyati, ilmiy merosi haqidagi maxsus eshittirishda foydalanilgan (“Madaniyat va ma’rifat” telekanalining 2020 yil 22 iyundagi 01-06-83-son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘rsatuv va eshittirishlar fuqarolarning Sa’duddin Taftazoniy ijodiga oid yangi ilmiy ma’lumotlar bilan tanishishi, allomaning jahonda moturidiya rivojida alohida ahamiyat kasb etishi, bu bilan keng jamoatchilikda tarixiy bilimlarning oshishi va ularda milliy g‘urur tuyg‘usining shakllanishiga xizmat qilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish