Rasulov Ma’murjon Foziljonovich
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekistonda tarixiy va madaniy yodgorliklarning ahvoli hamda ularga bo‘lgan munosabatning transformatsiyasi (1980 – 2019 yy.)», 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.4.PhD/Tar329.
Ilmiy rahbar: Mavrulov Abduxalil Abdulxaevich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, PhD. DSc. 03/30. 12.2019. Tar.01.04.
Rasmiy opponentlar: Ismoilova Jannat Xamidovna, tarix fanlari doktori, professor; Rajabov Qahramon Kenjaevich, tarix fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi 1980–2019 yillarda O‘zbekistonda mavjud bo‘lgan tarixiy-madaniy yodgorliklarning holati va ularga bo‘lgan munosabatning transformatsiyasini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
1980 yillarda tarix va madaniyat yodgorliklarini ta’mirlash-tiklash borasida amalga oshirilgan ishlar aksariyat hollarda boshqa maqsadlarda foydalanish uchun moslashtirilgan bo‘lib, natijada ko‘plab me’morchilik obidalar loyihalarining o‘zgartirilishi, ularning o‘z mazmun-mohiyatidan begonalashtirilishi va tarixiy qadr-qimmatini pasaytirish, hatto ayrim yodgorliklarning tarixiy xususiyatini butunlay yo‘qotishga olib kelganligi aniqlangan;
tarixiy-madaniy yodgorliklarni muhofaza qilish, saqlash va ta’mirlash-tiklash ishlarida vujudga kelgan muammolarda bir tomondan inson omili, ikkinchi tomondan tabiiy-ekologik vaziyat ham salbiy ta’sir ko‘rsatib, mutasaddi tashkilotlar tomonidan tarixiy-madaniy yodgorliklarni muhofaza qilish va ta’mirlash-tiklash ishlari amalga oshirilishi jarayonida agrar, qurilish, savdo-kooperativ tashkilotlar, ishlab chiqarish birlashmalari, harbiy qismlar, ayrim holatlarda sohaga oid muassasalarning o‘zlari tomonidan yodgorliklarga katta zarar etkazilganligi ochib berilgan;
mustaqillik yillarida tarixiy-madaniy merosdan madaniy-ma’rifiy maqsadlarda foydalanish shakllarida keskin transformatsion jarayonlar kuzatilib, ko‘plab me’moriy inshootlar (masjid va madrasalar) o‘z funksiyasini bajarish barobarida yosh avlod ongiga milliy va diniy qadriyatlarni singdirish, madaniy merosni keng targ‘ib qilish, mamlakat aholisi, ayniqsa, yosh avlod ongida tarixiy tafakkurni shakllantirish,  ajdodlar merosi, milliy an’ana va qadriyatlarga hurmat hissini uyg‘otish uchun xizmat qila boshlaganligi asoslangan; 
mamlakat hududidagi mavjud tarixiy-madaniy obidalarni ta’mirlash va tiklash ishlarini moddiy jihatdan ta’minlash, shuningdek, turizmni daromad keltiruvchi muhim tarmoqqa aylantirish borasida ishlar amalga oshirilishi jarayonida tarixiy-madaniy yodgorliklar majmualari xalqaro va respublika miqyosida madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladigan maskanga aylanib,  ular sohada milliy brendni yaratishga xizmat qilayotganligi ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Tarixiy-madaniy yodgorliklarni muhofaza qilish, ularni ta’mirlash-tiklash va ulardan foydalanish, mustaqillik yillarida ularga bo‘lgan munosabatning o‘zgarishi tarixini tadqiq etish davomida olingan ilmiy natijalar asosida:
mustaqillik yillarida tarixiy-madaniy merosdan madaniy-ma’rifiy maqsadlarda foydalanish shakllarida keskin transformatsion jarayonlar  natijasida Pir Siddiq majmuasi, Kirgil ota mozor ziyoratgohi, Said Ahmad Eshon, G‘oziyon (bugungi kunda mavjud), Qozi Kalon (1956 yilda butunlay buzib tashlangan) madrasalarga ta’siri haqidagi ilmiy ma’lumotlardan mazkur madaniy meros ob’ektlarining tarixini yoritishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2019 yil 8 noyabrdagi 01-12-14-5609-son ma’lumotnomasi). Mazkur ma’lumotlar yosh avlod ongiga milliy madaniyat va diniy qadriyatlarni singdirish, madaniy merosni keng targ‘ib qilish, mamlakat aholisi, ayniqsa, yosh avlod ongida tarixiy tafakkurni shakllantirish imkonini bergan;  
tadqiqot ishi doirasida olingan tarixiy-madaniy yodgorliklarni muhofaza qilish, saqlash va ta’mirlash-tiklash ishlarida vujudga kelgan muammolarni barataraf qilishga oid ilmiy natijalardan O‘zbekiston Respublikasi milliy teleradiokompaniyasining “Dunyo boʻylab” telekanalida 2019 yilda efirga uzatilgan “Ekspedisiya” ilmiy-ma’rifiy ko‘rsatuvini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi milliy teleradiokompaniyasi “Dunyo boʻylab” telekanali” davlat unitar korxonasining 2019 yil 1 avgustdagi 08-14-337-son ma’lumotnomasi). Taqdim etilgan ma’lumotlar maqbara va ziyoratgoharning ichki turizm, xususan, ziyorat turizmini rivojlantirishdagi ahamiyatini oshirishga, yoshlarni ulug‘ allomalarimiz yaratgan bebaho merosni o‘rganish, uni hurmat qilish ruhida tarbiyalash ishlarini yanada kuchaytirishga xizmat qilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish