Norqobilov Baxrom Turaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi hayvonlarining shistosomozi», 03.00.06–Zoologiya (veterinariya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4PhD/V23.
Ilmiy rahbar: Azimov Djalaliddin Azimovich, biologiya fanlari doktori, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand veterinariya medisinasi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, PhD.05/30.12.2019.Qx.13.02.
Rasmiy opponentlar: Daminov Asadullo Suvonovich, veterinariya fanlari doktori, professor; Oripov Anvar Oripovich, veterinariya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Sch.turkestanicum ning partenogenetik va alohida jinsli avlodlarining rivojlanish biologiyasi xususiyatlarini aniqlash, hayvonlar shistosomozida epizootik jarayonining paydo bo‘lish mexanizmlari va O‘zbekiston sharoitida invaziyani oldini olish usullari hamda vositalarini aniqlashdan iboratdir.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Sch.turkestanicum ning partenogenetik va alohida jinsli avlodlarining definitiv xo‘jayin bo‘lgan umurtqalilar organizmida etuk shakllarining rivojlanishi, L. auricularia mollyuskasi organizmida – lichinka shakllari rivojlanish xususiyatlari aniqlangan;
definitiv va oraliq xo‘jayinlar organizmida parazitning rivojlanish vaqti aniqlangan;
sut emizuvchilarning 14 turida qayd etilgan etuk shistosomalar populyasiyasining hozirgi holati aniqlangan;
hayvonlar shistosomozining ekologik-epizootologik xususiyatlari, ularning funksiyasi parazit – definitiv va oraliq xo‘jayinlar ishtirokida ko‘p komponentli asosda amalga oshirilishi aniqlangan;
shistosomalar definitiv xo‘jayin organizmiga patogen ta’siri, ya’ni qonning fiziologo-biokimyoviy ko‘rsatkichlarining buzilishi va organlarning gistostrukturasini (ichak, jigar, vena qon tomirlari, limfa tugunlari va boshqalar.) o‘zgarishi bilan tavsiflangan definitiv xo‘jayin organizmiga patogen ta’sir ko‘rsatishi aniqlangan;
O‘zbekistonda shistosomozga qarshi kompleks chora-tadbirlar tizimi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi hayvonlarining shistosomozi bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
Shistosomoz qo‘zg‘atuvchisining tarqalish tendensiyasi va epizootik jarayonning xususiyatlari, parazitning hayvonlar organizmiga patogen ta’sirining aniqlanganligi va ta’sir doirasi keng qamrovli antgel`mintiklardan foydalanib invaziyalarni oldini olish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar Orolbo‘yi mintaqasidagi hayvonlarda shistosomozning epizootik osoyishtaligini ta’minlash uchun veterinariya amaliyotiga joriy qilingan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jalik vazirligining 2020 yil 28 iyuldagi №03/018-1679-son ma’lumotnomasi) Natijada chorvachilik fermer xo‘jaliklarida yirik va mayda shoxli chorva mollarining bosh sonini saqlash va ularning mahsuldorligini oshirishga erishilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli, Bo‘zatov va Qo‘ng‘irot tumanlarining go‘sht-sut yo‘nalishidagi qoramollar etishtirivchi, infeksiya darajasi 85-100% bo‘lgan chorvachilik xo‘jaliklarida hayvonlarda shistosomozlarni oldini olishning keng qamrovli usullari va vositalari joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2020 yil 28 iyuldagi №33/01-306-son ma’lumotnomasi). Natijada kasallanish darajasini 85-l00% dan 10-12% gacha kamaytirish imkonini bergan;
shistosomozlarni oldini olishning keng qamrovli usullari va vositalari (iyun` oyidan oktyabr` oyiga qadar nosog‘lom yaylovlar almashtirilgan, botqoq hududlarni quritish; hayvonlarning bir qismi bog‘lov sharoitiga o‘tkazish; yosh hayvonlarni katta hayvonlardan ajratish va xavfsiz yaylovlarda boqish; suv havzalari va sug‘oriladigan joylarning sanitariya holatini yaxshilash; invaziyaning intensiv o‘choqlarida mollyuskotsidlarni (mis sul`fat va 5,4 dixlorsalisilanilid) qo‘llash (iyun, iyul, avgust), shistosomatsid ta’sirga ega bo‘lgan antgel`mint vositlarini (prazikvantel`, azinoks) o‘rnatilgan dozalarda yiliga ikki marta: birinchisi – aprel oyining oxirida – hayvonlar uzoq yaylovlarga haydalgunga qadar, ikkinchisi – sentyabr yoki oktyabrda qo‘llash) joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jalik vazirligining 2020 yil 28 iyuldagi №03/018-1679-son va O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2020 yil 28 iyuldagi №33/01-306-son ma’lumotnomalari). Natijada atrof-muhit ob’ektlari invazion elementlar bilan ifloslanishining oldini olish va chorva bosh sonini saqlash, yuqori mahsuldorlikni oshirish va hayvonlar shistosomozi bo‘yicha mintaqaning sog‘lomligini ta’minlashda yuqori samaradorlikka erishilgan.