Ravshanov Hamroqul Amirqulovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Tuproqni takroriy ekinlar ekishga tayyorlaydigan texnik vositalarni ishlab chiqishning ilmiy-texnik echimlari», 05.07.01 – Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.3.DSc/T349.
Ilmiy maslahatchi: Mamatov Farmon Murtozevich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, DSs.03/30.12.2019.T.10.01.
Rasmiy opponentlar: To‘xtaqo‘ziev Abdusalim, texnika fanlari doktori, professor; Musurmonov Azzam Turdievich, texnika fanlari doktori, dotsent; Mansurov Muxtorjon Toxirjonovich, texnika fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: «BMKB-Agromash» AJ.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi dalalarni ekishga sifatli tayyorlash va energiya-resurstejamkorlikni ta’minlash uchun tuproqqa ag‘darib va ag‘darmasdan ishlov berish bilan bir vaqtda uni takroriy ekinlar ekishga tayyorlaydigan texnik vositalarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tuproqni minimal ishlov berib takroriy ekinlar ekishga tayyorlashda qo‘llaniladigan ag‘dargichsiz korpus, sferik disk va g‘altakmoladan iborat kombinatsiyalashgan mashina ishlab chiqilgan;
tuproqqa ishlov berishda qo‘llaniladigan pluglar uchun takomillashgan ag‘dargichsiz korpus ishlab chiqilgan;
ag‘dargichsiz korpus lemexi kengaytirgichining kengligi tuproqni uning yuzasida minimal qarshilik bilan siljishi, lemex uchidan tayanch g‘ildirakning markazigacha bo‘lgan bo‘ylama masofa deformatsiyalangan tuproqni to‘siqsiz siljishi, ag‘dargichsiz korpuslar orasidagi bo‘ylama masofa esa palaxsalarning deformatsiyalanish hududi bir-biriga tushmasligini hisobga olgan holda asoslangan;
kombinatsiyalashgan mashina sferik diskli ish organining diametri dala yuzasidagi o‘simlik qoldiqlarini kesib ketish shartidan, g‘altakmolaning diametri uning plankasi kesak bilan uchrashganda uni oldinga surmasdan ustidan dumalab o‘tishi shartidan aniqlangan;
tuproqni poliz ekinlarini ekish uchun tayyorlaydigan resurstejamkor tuproqqa ishlov berish usuli ishlab chiqilgan;
bir o‘tishda palaxsalarni o‘z egati chegarasida ag‘darish va ekish zonasi qolgan qismi tuprog‘ini ag‘darmasdan ishlov berish bilan bir vaqtda poliz ekinlarini ekish uchun sug‘orish arig‘ini shakllantirish va pushtasini tekislashni ta’minlaydigan tuproqqa ishlov berish mashinasi ishlab chiqilgan;
mashina o‘ng va chap korpuslari va ularning teskarikesar lemexi, g‘altakmolasi va ariqochgichining maqbul parametrlari ularning energetik va sifat ko‘rsatkichlarini belgilovchi regressiya tenglamalarini echish orqali aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tuproqni takroriy ekinlar ekishga tayyorlaydigan texnik vositalarni ishlab chiqish bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlarda olingan natijalar asosida:
poliz ekinlarini ekish uchun tuproqqa ishlov berish usuliga Rossiya Federatsiyasi intellektual mulk bo‘yicha Federal xizmatining ixtiroga patenti olingan («Plyonka ostiga poliz ekinlarini etishtirish uchun tuproqqa ishlov berish usuli», RU 2719127-2020 y.). Natijada, bir o‘tishda tuproqqa ag‘darib va ag‘darmasdan ishlov berish, poliz ekinlarini ekish uchun sug‘orish arig‘ini shakllantirish va pushtalarini tekislash usulini yaratish imkonini bergan;
poliz ekinlarini ekish uchun tuproqqa ishlov berish agregatiga Rossiya Federatsiyasi intellektual mulk bo‘yicha Federel xizmatining ixtiroga patenti olingan («Plyonka ostiga poliz ekinlarini etishtirish uchun tuproqqa ishlov berish agregati», RU 2710072-2019 y.). Natijada, bir o‘tishda dalalarga ag‘darib va ag‘darmasdan ishlov berib, poliz ekinlarini ekish uchun sug‘orish arig‘ini shakllantirish va pushtalarini tekislashni amalga oshiradigan kombinatsiyalashgan mashina konstruksiyasini yaratish imkonini bergan;
tuproqqa ag‘darib ishlov beradigan korpusga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan («Plug korpusi», №IAP 03149-2006 y.). Natijada, kam energiya va mehnat sarflagan holda tuproqqa ishlov beradigan korpus konstruksiyasini yaratish imkonini bergan;
kuzgi donli ekinlardan bo‘shagan dalalarda takroriy ekinlar ekish uchun tuproqni tayyorlaydigan kombinatsiyalashgan mashina Qarshi va Qamashi tumanlari fermer xo‘jaliklarida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 27 avgustdagi 02/023-1988-son ma’lumotnomasi). Natijada, har bir gektar erga sarflanadigan yonilg‘i-moylash materiallari 29,4 foizga, mehnat sarfi 38,2 foizga, foydalanish xarajatlari esa 41,3 foizga kamaytirish imkoni yaratilgan;
bir o‘tishda poliz ekinlarini ekish uchun tuproqni tayyorlaydigan kombinatsiyalashgan mashina Chiroqchi va Qamashi tumanlari fermer xo‘jaliklarida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 27 avgustdagi 02/023-1988-son ma’lumotnomasi). Natijada, har bir gektar erga sarflanadigan yonilg‘i-moylash materiallari 36,1 foizga, mehnat sarfi 43,4 foizga, foydalanish xarajatlari esa 46,2 foizga kamaytirish imkoni yaratilgan;
kombinatsiyalashgan mashinalarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirish uchun loyiha-konstruktorlik hujjatlari «BMKB-Agromash» AJda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 27 avgustdagi 02/023-1988-son ma’lumotnomasi). Natijada, dalalarni takroriy va poliz ekinlarini ekishga tayyorlaydigan kombinatsiyalashgan mashinalarni ishlab chiqarish imkoni yaratilgan.