Tajimirzaev Elyorbek Akramovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «XX asrning 60–80-yillarida Farg‘ona vodiysi qishloqlari aholisining kundalik hayoti», 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: V.2017.2.PhD/Tar.100.
Ilmiy rahbar: Shadmanova Sanavar Bazarbaevna, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon davlat universiteti, PhD. 03/30.12.2019.Tar.60.01.
Rasmiy opponentlar: Rasulov Abdullajon Nuritdinovich, tarix fanlari doktori, professor; Kamilov Abdusalim Abdullaevich, tarix fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi 1960–1980-yillarda Farg‘ona vodiysi qishloq aholisining kundalik hayoti tarixini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
1960–1980-yillarda qishloqlarni yangidan qurish, kolxoz va sovxoz posyolkalari barpo etish natijasida  davlat tasarrufida bo‘lgan maishiy xizmat ko‘rsatish muassasalari imkoniyatlarining kengayganligi kabi omillar tufayli yakka tartibda xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkor, usta va hunarmandlar miqdori tadrijiy ravishda kamayib borganligi aniqlangan; 
qishloqlarda  gazlashtirish, aholini uy-joy bilan ta’minlash, maishiy xizmat ko‘rsatish muassasalari tizimidagi boshqaruv bir nechta tashkilotlar  tomonidan olib borilganligi oqibatida mazkur ishlarning natijasini muvofiqlashtirish sust bo‘lganligi va natijada barcha qishloqlarni ijtimoiy infratuzilmalar (gaz, ichimlik suvi, aloqa vositalari) bilan ta’minlash ishlari etarli darajada olib borilmaganligi ochib berilgan; 
Farg‘ona vodiysi qishloq aholisi daromadlarining shakllanishida tomorqa xo‘jaligi yetakchi o‘rin tutgani aniqlanib, qishloq mehnatkashlarining qo‘shimcha daromad manbalarining asosiy shakllari (tomorqadagi uzumchilik va mevali daraxtlar, polizchilik va sabzavot ekinlari, chorva mollari parvarishi, kosibchilik, duradgorlik, kulolchilik, kasanachilik kabi uy hunarmandchiligi turlari) ko‘rsatib berilgan; 
Farg‘ona vodiysi qishloqlarida homilador ayollar va bolalar o‘limi dinamikasining sobiq Ittifoqdagi o‘rtacha ko‘rsatkichlardan yuqoriga ko‘tarilib borishi omillari – qishloqlarda malakali tibbiy xodimlarning etishmasligi, tibbiy muassasalar moddiy texnik bazasining qoloqligi va bunga muvofiq ravishda tibbiy xizmatning past darajasi hamda ekologik vaziyatning tobora yomonlashib borgani alohida tumanlar misolida ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
1960–1980-yillarda Farg‘ona vodiysi qishloq aholisining kundalik hayoti tarixiga oid ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida: 
XX asrning 60–80-yillaridagi Farg‘ona vodiysi qishloqlari aholisining kundalik hayoti tarixiga oid ijtimoiy, maishiy va madaniy hayot masalalari haqidagi yangi ma’lumotlardan Andijon viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyi va uning filiallarida ekspozision rejalarni tuzish, ko‘rgazmalar tashkil etish hamda ekskursiya matnlarini yangi ma’lumotlar bilan boyitishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2020 yil 24 iyundagi 01-12-10-2523-son ma’lumotnomasi). Ilmiy ma’lumotlar xorijiy va mahalliy sayyohlarning Farg‘ona vodiysida sovet hokimiyati yillarida o‘zbek qishloqlaridagi aholining kundalik hayoti tarixiga oid yangi ma’lumotlarni olishlariga asos bo‘lgan;
Farg‘ona vodiysi qishloq aholisiga kundalik hayotidagi o‘zgarishlarga oid ilmiy takliflardan Tarix institutida 2012–2014 yillarda bajarilgan “Zamonaviy o‘zbek qishlog‘i: ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar va transformatsion jarayonlarning etnosotsiologik tahlili (Farg‘ona vodiysi materiallari asosida)” mavzusidagi amaliy tadqiqot loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining  2020 yil 25 iyundagi 3/1255-1309-son ma’lumotnomasi). Ilmiy takliflar 1960–1980-yillarda Farg‘ona vodiysi qishloq aholisiga kundalik hayotidagi o‘zgarishlar, aholi daromadlari, uy-joy qurilish, obodonlashtirish masalalari, maishiy va tibbiy xizmat ko‘rsatilishi holati, ta’lim va madaniy muassasalar faoliyati hamda qishloq aholisining dam olish maskanlari masalalari yoritilgan materiallardan foydalanish imkonini bergan;
Farg‘ona vodiysi qishloq aholisining daromadi va qishloqlarda maishiy xizmat ko‘rsatish masalalariga doir ilmiy xulosa va natijalaridan “O‘zbekiston tarixi” telekanalida 2020 yil 5 fevral` kuni efirga uzatilgan “Taqdimot” ko‘rsatuvining ssenariylarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston teleradiokanali” davlat unitar korxonasining 2020 yil 13 fevraldagi 02-40-360-son ma’lumotnomasi). Taqdim etilgan materiallar ko‘p sonli teletomoshabinlarda 1960–1980-yillarda Farg‘ona vodiysi qishloqlarida yashagan aholining ijtimoiy turmush tarzi va kundalik hayoti to‘g‘risida yangi ilmiy ma’lumotlarga ega bo‘lishga xizmat qilgan; 
1960–1980-yillarida Farg‘ona vodiysi qishloqlarida tibbiy xizmat ko‘rsatish holatlariga oid ilmiy xulosa va natijalardan  “O‘zbekiston tarixi” telekanalida 2020 yil 25 fevral` kuni efirga uzatilgan “Tabobat tarixi” ko‘rsatuvi ssenariysini  tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston teleradiokanali” davlat unitar korxonasining 2020 yil 28 fevraldagi 02-40-469-son ma’lumotnomasi). Natijada, ko‘p sonli teletomoshabinlar Farg‘ona vodiysi qishloqlarida mazkur davrda qishloq aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasi, qishloq aholisi o‘rtasida keng tarqalgan yuqumli kasalliklar, ularning kelib chiqish sabablari va davolash masalalari to‘g‘risida yangi ilmiy ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. 

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish