Qobulova Nodira Bahodir qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Erkin A’zam nasrida davr va inson konsepsiyasi», 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Fil.797.
Ilmiy rahbar: Hasanov Shavkat Ahadovich, filologiya fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa: Navoiy davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.02.03.
Rasmiy opponentlar: To‘raev Damin To‘raevich, filologiya fanlari doktori, professor; Karimov Bahodir Nurmetovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy va nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Erkin A’zam badiiy olami, asarlarining badiiy-estetik tabiati, qahramon va davr konsepsiyasi masalalari, xususan, qahramonlar vositasida adib ko‘tarib chiqqan muhit va xarakter, sharoit va shaxs, davr va inson konsepsiyasini o‘rganish, unga ilmiy-nazariy baho berish va badiiy o‘ziga xosligini asoslashdan iborat
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Erkin A’zam nasrida davr va inson muammosi, davrning inson xarakteriga ta’siri va yozuvchining barqaror xarakterlar yaratish mahorati ochib berilgan;
badiiy nasrda obrazlarning ichki va tashqi qiyofadoshligi, adibning poetik mahorati, individual poetik uslubga xos ruhiy-psixologik ijod manerasining muayyan kombinatsiyalari aniqlangan;
Erkin A’zam badiiy olamining cheksizligi betakror qahramonlar xarakteridagi o‘ziga xosliklar va maishiy hayotning real tasviri orqali ochib berilgan;
Erkin A’zam ijodida biografik metodning o‘rni, adib ijodining g‘oyaviy-estetik mohiyatini ifoda etishdagi ahamiyati asoslangan;
yozuvchining qahramonlar ruhiyatini tasvirlashdagi tafakkur ko‘lami va badiiy til vositalaridan foydalanish mahorati individual uslubi fonida aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Erkin A’zam nasrida davr va inson konsepsiyasini ochib berish jarayonida ma’naviy-ma’rifiy tizimni takomillashtirish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotning ilmiy natijalari asosida:
davr va inson omili bilan bog‘liq ilmiy-nazariy masalalarni umumlashtirish yuzasidan keltirilgan xulosalardan, XT-F2-004 raqamli «O‘zbek xalq pedagogikasi va fol`klor an’analari» mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 16 iyundagi 89-03-2083-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari Erkin A’zam nasri poetikasi, undagi davr va inson konsepsiyasi hamda adabiy turlar va janrlar tipologiyasi muammosining ko‘lamini aniqlashda asos bo‘lib xizmat qilgan;
Erkin A’zam nasriga xos bo‘lgan uslub qirralarini aniqlashga oid xulosalardan “OF-F8-027 raqamli “Qo‘lyozma manbalarning milliy ma’naviy va adabiy meros targ‘ibotidagi ahamiyati” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 16 iyundagi 89-03-2083-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijasiga oid xulosalardan Erkin A’zam nasriga xos bo‘lgan uslub qirralarini aniqlashtirishda muhim ahamiyat kasb etishi aniqlangan;
Erkin A’zam nasrining fol`klor namunalari bilan bog‘liqligi, og‘zaki va yozma adabiyotning o‘zaro ta’sir masalalariga doir nazariy xulosalardan XT-O-19919-“O‘zbek mifologiyasi va uning badiiy tafakkur taraqqiyotidagi tutgan o‘rni” (2012-2016) mavzusida fundamental loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 25 iyundagi 89-03-2262-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalar Erkin A’zam nasrida fol`klorizmlar ifodalanishining o‘ziga xos xususiyatlarini ochishda, nasrda fol`klorizmlarning muhim badiiy-estetik vazifa bajarganligi xususidagi qarashlarini yoritishda manba vazifasini o‘tagan;
Tadqiqot materiallari va xulosalaridan Ozarbayjon Milliy Bilimlar Akademiyasi Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot institutining “Ozarbayjon – Turkmaniston – O‘zbekiston” adabiy aloqalari sho‘basida foydalanilgan (Ozarbayjon Milliy Bilimlar Akademiyasi Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot institutining 2020 yil 22 iyundagi 54-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari Erkin A’zam nasrining o‘ziga xosligi, yozuvchining xarakter yaratish mahoratini yoritishda biografik metodning roli muhim manba bo‘lib xizmat qilgan.