Babadjanov Mansurbek Qurbanbaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekcha-qoraqalpoqcha badiiy tarjimalarda frazeologizmlarning ifodalanishi», 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.PhD/Fil737.
Ilmiy rahbar: Abdushukurov Baxtiyor Bo‘ronovich, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.19.01.
Rasmiy opponentlar: Do‘simov Zaripboy, filologiya fanlari doktori, professor; Mamatov Abdug‘afur Eshonqulovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: P.Qodirovning “Yulduzli tunlar” hamda R.Fayziyning “Hazrati inson” asarlarining o‘zbekcha asliyati va qoraqalpoqcha tarjimasi asosida frazemalarning lingvistik tabiati, lingvokul`turologik xususiyatlarini yoritish, jumladan, badiiy matnda frazeologik birliklarning mushtarak va o‘ziga xos jihatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
«Yulduzli tunlar» va «Hazrati inson» asarlarining qiyosi misolida o‘zbek va qoraqalpoq xalqlarining yashash tarzi, urf-odatlari, ma’naviy qadriyatlariga asoslangan milliy-mental xususiyatlari hamda fonetik, leksik va grammatik variantlanishlarga asoslangan o‘ziga xos lisoniy belgilari, tili, madaniyati va dunyoqarashi bilan bog‘liq lingvokul`turologik xususiyatlarining aks etishi aniqlangan;
tarjima matnlarda frazemalarning shaklan, mazmunan muvofiqligi, qoraqalpoq tiliga xos frazeologik birliklar bilan tarjima qilinishi hamda ulardagi grammatik xususiyatlarning saqlanishi va buzilish holatlari tilning lingvistik tabiatiga bog‘liqligi asoslangan;
o‘zbekcha-qoraqalpoqcha badiiy tarjimalarda frazemalarni qo‘llash jarayonida lug‘aviy birliklarni tenglash, o‘xshatish va izohlash usullarida ifodalash qonuniyati asosiy o‘rin tutishi asoslab berilgan;
frazemalarning badiiy matn variantlaridagi nomuvofiqlik holatlari, tarjima jarayonida frazemalarning tushirib qoldirilishi, frazemalar ma’nosining noo‘rin izohlanishi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekcha-qoraqalpoqcha badiiy tarjimalarda frazemalarning qo‘llanishini tadqiq qilish jarayonida olingan ilmiy natijalar asosida:
o‘zbekcha-qoraqalpoqcha badiiy tarjimalarda frazemalarning fonetik, leksik, grammatik xususiyatlarini qiyoslash natijasida olingan ilmiy-nazariy xulosalardan FA-F1-G002 «Qoraqalpoq fol`klori va adabiyoti janrlarining nazariy masalalarini o‘rganish» fundamental loyihasida foydalanilgan (O‘zR FA Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2019 yil 20 dekabrdagi 17.01/187-son ma’lumotnomasi). Natijada qoraqalpoq fol`klori tilidagi frazemalarning adabiy til rivojidagi o‘rnini aniqlashga erishilgan;
o‘zbekcha-qoraqalpoqcha badiiy tarjimalarda qo‘llanilgan frazeologizmlar hamda ularning lingvomadaniy tahlili bo‘yicha ilmiy-nazariy xulosalardan FA-F-1-005 «Qoraqalpoq fol`klorshunosligi va adabiyotshunosligi tarixini tadqiq etish» mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zR FA Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2019 yil 20 dekabrdagi 17.01/186-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek va qoraqalpoq tillarida qo‘llaniladigan frazemalar hamda ularning xususiyatlarini o‘rganishga doir tadqiqotlarni yaratishda nazariy va amaliy manba sifatida xizmat qilgan;
o‘zbekcha-qoraqalpoqcha badiiy tarjimalarda qo‘llanilgan frazeologizmlarning o‘ziga xos xususiyatlari, tarjima asarlarda (o‘zbekcha-qoraqalpoqcha) qo‘llanilgan frazeologik birliklarning leksik, semantik, grammatik xususiyatlariga doir ilmiy-nazariy xulosalardan PZ-20170930309 raqamli «Qoraqalpoq fol`klori tilining adabiy til rivojiga ta’siri masalasi» mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 16 iyundagi №89-03-2085-son ma’lumotnomasi). Natijada ixtisoslik fanlarini o‘qitish, malaka oshirish kurslari, shuningdek, o‘zbek va qoraqalpoq tili fani o‘qituvchilarining dars samaradorligini oshirishga erishilgan.