Sirojidinov Behzod Arabdjonovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «G‘o‘za navlarining genotiplarini boyitishda turli genomli turlardan foydalanish», 03.00.09 – Umumiy genetika (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.DSc/V117.
Ilmiy maslahatchi: Abdullaev Abdumavlyan, biologiya fanlari doktori, professor, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti DSc.02/30.12.2019.V.53.01.
Rasmiy opponentlar: Baboev Saidmurot Kimsanboevich, biologiya fanlari doktori, professor; Axmedov Jamolxon Xodjaxonovich, biologiya fanlari doktori, professor; Boboev Sayfulla G‘afurovich, biologiya fanlari doktori, dotsent;
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: g‘o‘zaning turli genomli turlarini turlararo duragaylash va eksperimental poliploidiya uslublaridan foydalanish asosida olingan duragay shakllarni morfobiologik va qimmatli xo‘jalik belgilarining irsiylanishi va transgressiv o‘zgaruvchanligini aniqlash hamda ulardan amaliy seleksiya jarayonida genetik jihatdan boyitilgan oila va tizmalar yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor G.arboreum L. va Avstraliya g‘o‘zasi turlari bilan o‘zaro filogenetik munosabatlari aniqlangan;
turlararo duragaylash asosida yangi genotiplarga ega bo‘lgan duragay shakllarni allopoliploid darajasiga ko‘tarib, ulardan genetika va amaliy seleksiyasida samarali foydalanish imkoniyatlari ochib berilgan;
turlararo duragaylash va eksperimental poliploidiya uslublarini qo‘llash orqali yaratilgan poligenomli duragaylarda qimmatli xo‘jalik belgilarning irsiylanishi, o‘zgaruvchanlik darajasi va shakllanishiga qiyosiy baho berish, genetik tabiati hamda belgilarning yangi genetik o‘zgaruvchanligiga ega rekombinantlarni ajratib olishdagi samaradorligi isbotalangan;
ilk bor G.hirsutum ssp. euhirsutum Namangan 77 x (ssp. obtusifolium var. indicum x G.australe), G.hirsutum ssp. euhirsutum Kelajak x (ssp. nanking (oq tolali) x G.nelsonii), Namangan 77 x [Namangan 77 x (ssp. obtusifolium var. indicum x G.australe)], [Namangan 77 x (ssp. obtusifolium var. indicum x G.australe)] x Namangan 77, Kelajak x [Kelajak x (ssp. nanking (oq tolali) x G.nelsonii)] va [Kelajak x (ssp. nanking (oq tolali) x G.nelsonii)] x Kelajak duragay o‘simliklarining morfobiologik va qimmatli xo‘jalik belgilarining keng qamrovdagi o‘zgaruvchanligi yuz berishi aniqlangan;
turlararo duragaylash va eksperimental poliploidiya uslublari orqali olingan poligenomli duragaylarda mahsuldorlik, tola chiqimi va tola uzunligi, bitta ko‘sakdagi paxta vazni va boshqa belgilarning yuqori majmuasiga ega rekombinantlar ajratib olish imkonini berishi aniqlangan;
introgressiv duragay shakllarda transgressiv o‘zgaruvchanlikni oshirish va qimmatli xo‘jalik belgilarning genetik potensialini yanada kengaytirish hamda yangi genotiplarga ega noyob duragay shakllarni yaratishdagi samaradorligi tasdiqlangan;
turli genomli turlarning turlararo duragaylash va eksperimental poliploidiya uslublaridan foydalanish asosida genetik jihatdan boyitilgan yangi introgressiv shakllarni O-1.1-1/17, O-1.2-2/17, O-1.3-3/17, O-7.2-2/17, O-2.1-1/17, O-2.2-2/17, O-2.4-4/17, O-7.2-2/17, O-9.4-4/17 oilalari hamda T-981, T-523, T-20 tizmalaridan genetika-seleksiya izlanishlarda dastlabki manba sifatida foydalanish uchun tavsiya etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
G‘o‘za navlarining genotiplarini boyitishda turli genomli turlardan foydalanish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
g‘o‘za navlarining genotiplarini boyitishda turli genomli turlardan foydalanish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar CAAS-013816717X raqamli «Qurg‘oq erlarda abiotik stress omillarga chidamli navlar yaratish» mavzusidagi loyihada introgressiv duragay shakllarining abiotik stress omillariga chidamliligini baholashda foydalanilgan (Xitoy Fanlar akademiyasining 2020 yil 2 martdagi ma’lumotnomasi). Natijada, introgressiv duragay shakllarning morfobiologik va qimmatli xo‘jalik belgilarining irsiylanishi va stress sharoitlarda o‘zgaruvchanlik xarakterini aniqlash imkonini bergan;
introgressiv duragay shakllarining abiotik stress omillariga chidamliligini baholash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar A&A Ausbildung und Arbeit Plus GmbH institutining ilmiy loyihalarida foydalanilgan (A&A Ausbildung und Arbeit Plus GmbH institutining 2020 yil 28 fevraldagi ma’lumotnomasi). Natijada, genotiplarini boyitish va tashqi muhitning biotik va abiotik stress omillariga chidamli yangi barqaror liniyalari yaratishda foydalanish imkonini bergan;
g‘o‘zaning noyob introgressiv shakllari FA-A8-T026 «Dunyo g‘o‘za genofondi tetraploid turlari navlarining xilma-xilligini o‘rganish, xo‘jalik va biologik xususiyatlariga hamda seleksiyaviy potensialiga baho berish» mavzusidagi loyihada g‘o‘za turlarining xo‘jalik va biologik xususiyatlariga hamda seleksiyaviy potensialiga baho berishda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2020 yil 25 fevral`dagi 4/1255-583-son ma’lumotnomasi). Natijada, g‘o‘za genofondining poliploid turlarining qimmatli xo‘jalik va biologik xususiyatlariga hamda seleksiyaviy potensialiga baho berish, tashqi muhitning biotik va abiotik ta’sirlariga chidamli bo‘lgan qimmatli namunalar ajratib olish hamda g‘o‘za genofondini yangi genotiplar bilan boyitish orqali genetik imkoniyatlaridan ratsional va samarali foydalanish imkonini bergan;
turlararo duragaylash, eksperimental poliploidiya uslublarini qo‘llash asosida o‘zida bir necha turlar genotipini mujassamlashtirgan yangi introgressiv shakllar Respuplikada yetakchi bo‘lgan «G‘o‘za genofondi» noyob ob’ektiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2020 yil 25 fevral`dagi № 4/1255-582-son ma’lumotnomasi). Ushbu rekombinant namunalar g‘o‘za kolleksiyasi fondini boyitish, Gossypium L. turkumi turlarini baholash, tashqi muhitning biotik va abiotik ta’sirlariga tez moslasha oladigan yangi plastik genotiplar va ularning genetik potensialini yanada kengaytirish bo‘yicha elektron bazasi axborot-tahlil tizimini shakllantirish imkonini bergan.