Bobokulov Zarif Rayimkulovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “No‘xat navlarining hosildorligiga kuzgi ekish muddatlari va chuqurligining ta’siri”, 06.01.08 – «O‘simlikshunoslik» (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.4.PhD/Qx523.
Ilmiy rahbar: Xamdamov Iskandar Xamdamovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand veterinariya medisinasi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.05.30.12.2019.Qx/B.42.01.
Rasmiy opponentlar: Atabaeva Xalima Nazarovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Abdiev Anvarjon Almirzaevich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti G‘allaorol ilmiy-tajriba stansiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Samarqand viloyatining sug‘oriladigan och tusli bo‘z tuproqlari sharoitida no‘xat navlarining biologik xususiyatlarini inobatga olgan holda, yuqori don hosili etishtirishda kuzgi maqbul ekish muddati va ekish chuqurliklarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Samarqand viloyatining sug‘oriladigan bo‘z tuproqlari sharoitida no‘xat navlarining biologik xususiyatlaridan kelib chiqqan holda kuzda ekib etishtirish texnologiyasining ekish muddatlari va chuqurliklari takomillashtirilgan;
«Yulduz» va Uzbekistanskiy–32 no‘xat navlarini noyabr oyining uchinchi dekadasida 6–9 sm chuqurlikda ekib parvarishlanganda no‘xat navlarining o‘sishi, rivojlanishi, quruq massa to‘plashi, barg sathi o‘zgarishi, fotosintez sof mahsuldorligi, hosil strukturasi, hosildorlik va don sifatiga ijobiy ta’siri aniqlangan;
kuzgi ekish muddatlari va ekish chuqurliklarini uyg‘unlashgan holda qo‘llashning no‘xat navlari er ustki va ildiz qismining massasi va ildiz tizimida shakllanadigan tuganak bakteriyalar soni va massasiga ijobiy ta’siri aniqlangan;
tuproqning agrokimyoviy ko‘rsatkichlari no‘xat etishtirish ta’sirida ijobiy (0-30 sm qatlamda P2O5 – 119,3 kg/ga, K2O – 854,1 kg/ga, gumus – 3,9 t/ga) holatda saqlanishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Samarqand viloyatining sug‘oriladigan bo‘z tuproqlari sharoitida no‘xat navlarining don hosiliga kuzgi ekish muddatlari hamda ekish chuqurligining ta’siri bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
fermer va tomorqa xo‘jaliklari uchun «Sug‘oriladigan erlarda kuzgi no‘xat etishtirishga oid tavsiyalar» tasdiqlangan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 6 fevraldagi 02/021-388-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyanoma bugungi kunda fermer va tomorqa xo‘jaliklari uchun qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda;
no‘xat urug‘larini kuzda ekish texnologiyasi Samarqand viloyatining Pastdarg‘om, Paxtachi va Narpay tumanlarining fermer xo‘jaliklarida jami 13,3 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 6 fevraldagi 02/021-388-son ma’lumotnomasi). Natijada dala unuvchanlik yuqori bo‘lib, Yulduz navida 86,7-92,3 foiz, Uzbekistanskiy-32 navida 84,8-90,7 foiz, Lazzat navida 83,3-88,6 foizni tashkil etgan hamda yuqori hosildorlikka erishilgan;
no‘xatning Yulduz, Uzbekistanskiy-32 va Lazzat navlarini kuzgi muddatda noyabr` oyining uchinchi dekadasi (30.11)da 6-9 sm chuqurlikda ekish texnologiyasi Samarqand viloyatining Pastdarg‘om, Paxtachi va Narpay tumanlarining fermer xo‘jaliklarida jami 17,7 gektar maydonga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 6 fevraldagi 02/021-388-son ma’lumotnomasi). Natijada gektariga o‘rtacha 20,4-24,3 s don hosili olinib, rentabellik darajasi 25,3-26,2% ga etgan.