Ataxanova Venera Radjapovna
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “kitobi dadam Qo‘rqut”dagi ayrim motiv va syujetlarning Xorazm dostonlarida qayta ishlanish tamoyillari”, 10.00.08 – Fol`klorshunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.4.PhD/Fil1067.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Xorazm Ma’mun akademiyasi.
Ilmiy rahbar: Ro‘zimboev Safarboy Ro‘zimboevich, filologiya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti, DSc.30.08.2018.Fil46.02.
Rasmiy opponentlar: Jabbor Eshonqulov, filologiya fanlari doktori, professor; Kamol Palimbetov, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Nukus davlat pedagogika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: turkiy o‘g‘uz yodnomasi bo‘lgan «Kitobi dadam Qo‘rqut» asaridagi ayrim motiv va syujetlarning Xorazm dostonlariga bo‘lgan munosabati, ularning qayta ishlanish tamoyillari hamda evolyusiyasi masalalarini yoritish, obrazlardagi umumiylik va alohidaliklar, dostonlardagi baxshi uslubi, og‘zaki va yozma nutqdagi an’analarni qiyosiy o‘rganishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘zbek fol`klorshunosligida ilk bor Orolbo‘yi turkiy xalqlari dostonchilik an’analarining shakllanishi va taraqqiy etishida o‘rta asr o‘g‘uz eposining mumtoz namunasi «Kitobi dadam Qo‘rqut» tarkibiga kiruvchi epik syujetlar muhim ahamiyat kasb etganligi isbotlangan;
Xorazm dostonlari syujet tizimidagi yetakchi motivlar va obrazlarning “Kitobi dadam Qo‘rqut” bilan qiyosiy-tarixiy tahlili asosida o‘zbek dostonchiligidagi o‘g‘uz tip ijrochilik an’anasining genetik ildizlari qadimgi turkiylarning arxaik eposi bilan bog‘liqligi asoslangan;
o‘g‘uz eposidagi «Dali Domrul» shoxobchasi asosida yuzaga kelgan «Jon shirin» hamda «Basatning Dapago‘zni o‘ldirishi» shoxobchasiga mazmunan o‘xshash «Yakkago‘z» afsonasining tahlili orqali «Kitobi dadam Qo‘rqut» asaridagi ayrim motivlar afsona tarzida Xorazm vohasida o‘zining jonli ijro holatini XX asrning ikkinchi yarmiga qadar saqlab qolganligi aniqlangan;
o‘zbek xalq dostonlaridagi Oshiq Oydin, Ollonazar Olchinbek tipidagi baxshi-o‘zon obrazi hamda epik qahramonga madad beruvchi homiy personaj tipining shakllanishi o‘g‘uz eposida soz va so‘z ustasi, shomon va urug‘ oqsoqoli sifatida tasvirlangan Qo‘rqut ota haqidagi mifopoetik tasavvurlar bilan bevosita bog‘liqligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
“Kitobi dadam Qo‘rqut” eposi syujetining Xorazm vohasi dostonchilik an’analariga ta’siri va voha baxshilari repertuaridagi epik asarlarda saqlanib qolgan reliktlarini tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
“Kitobi dadam Qo‘rqut” eposida syujetiga mansub motivlarning o‘g‘uz epik an’anasidagi badiiy evolyusiyasi va Xorazm vohasi dostonchiligiga ta’siri xususidagi ilmiy-nazariy xulosalaridan O‘zR Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutida bajarilgan FA-A1-G002 «Qoraqalpoq fol`klori va adabiyoti janrlarining nazariy masalalarini tadqiq etish» (2012-2016) fundamental loyihasida foydalanilgan (Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2020 yil 25 iyundagi 100/1-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘rta asr o‘g‘uz kitobiy eposi kompozision qurilishini tashkil etuvchi an’anaviy motivlar Orolbo‘yi mintaqasi xalqlari fol`kloridagi dostonlarning shakllanishiga ta’sir ko‘rsatganligi dalillangan;
“Kitobi dadam Qo‘rqut” eposining o‘rganilishi tarixiga doir manbalar va ilmiy adabiyotlar tahliliga bag‘ishlangan qismida materiallardan O‘zR Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutida bajarilgan FA-F1-005 «Qoraqalpoq fol`klorshunosligi va adabiyotshunosligi tarixini tadqiq etish» (2017-2020) amaliy loyihasida foydalanilgan (Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2020 yil 25 iyundagi 100/1-son ma’lumotnomasi). Natijada “Kitobi dadam Qo‘rqut”ning turkiy, shu jumladan, o‘zbek va qoraqalpoq fol`klorshunosligida tadqiq etilishi tarixiga oid yangi manbalar ilmiy jamoatchilik e’tiboriga havola qilingan;
“Kitobi dadam Qo‘rqut” eposidagi ayrim obrazlar genezisining tarixiy ildizlari “Avesto” mifologiyasi bilan aloqadorligi to‘g‘risidagi ilmiy-nazariy xulosalaridan xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondi qoshidagi “Avesto” muzeyining faoliyatini amalga oshirishda foydalanilgan (Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondining 2020 yil 19 iyundagi 01-34-sonli ma’lumotnomasi). Natijada fol`klor asarlaridan olingan ma’lumotlar asosida muzeyga tashrif buyuruvchi yoshlarga “Avesto”ning shakllanishi tarixi va mohyati haqida ma’lumot beruvchi bukletlar tayyorlangan;
Xorazm dostonlarining o‘ziga xos badiiy xususiyatlari va unda o‘z ifodasini topgan milliy qadriyatlarning tarixiy asoslariga doir ilmiy-nazariy xulosalari, jumladan, “Kitobi dadam Qo‘rqut” eposida tasvirlangan qadimiy marosim va qadriyatlarning voha dostonchiligidagi mushtarak talqinlari tahlili asosida chiqarilgan nazariy umumlashmalardan Xorazm viloyat teleradiokompaniyasining “Ta’lim va hayot” radioeshittirishini tayyorlashda foydalanilgan (Xorazm viloyat teleradiokompaniyasining 2020 yil 24 noyabrdagi 919-sonli ma’lumotnomasi). Natijada Xorazm vohasi xalq dostonlarida o‘z ifodasini topgan umuminsoniy qadriyatlar mohiyatini keng ko‘lamda targ‘ib etishga erishilgan.