Davletmuratov Sultanmurat Rustemovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Xavf ostida qoldirishning jinoyat-huquqiy va kriminologik jihatlari», 12.00.08 – Jinoyat huquqi. Huquqbuzarliklarning oldini olish. Kriminologiya. Jinoyat-ijroiya huquqi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3.PhD/Yu310
Ilmiy rahbar: Abdurasulova Qumriniso Raimqulovna, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/13.05.2020.Yu.22.03.
Rasmiy opponentlar: Abduqodirov Sherzod Yoqubjonovich, yuridik fanlar doktori, dotsent; Kabulov Rustam, yuridik fanlar doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy texnika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi amaldagi qonunchilik, xavf ostida qoldirish uchun javobgarlik muammolari yuzasidan olimlarning fikrlari, sud amaliyoti materiallari, statistika ma’lumotlari, o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rov natijalariga asoslangan holda xavf ostida qoldirish to‘g‘risidagi normani samarali qo‘llanish omillarini aniqlash, xavf ostida qoldirish uchun jinoiy javobgarlik belgilangan normalarni takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
xavf ostida qoldirish uchun javobgarlik nazarda tutilgan jinoyat qonuni normasi birinchi qismining sanksiyaga uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari ko‘rinishidagi jazoni kiritish lozimligi asoslangan;
harakatlanish uchun xavf paydo bo‘lganda, agar haydovchida buni payqashi imkoniyati bo‘lsa, u transport vositasini to‘xtatish darajasigacha tezlikni kamaytirish choralarini ko‘rishi majburiyatini qonunda mustahkamlash asoslab berilgan;
yo‘l-transport hodisasini sodir etishda aybdor va jabrlanuvchini, uning hayoti yoki sog‘lig‘i xavf ostida qolganligini bila turib, yordamsiz qoldirgan haydovchi JK 266 va 117-moddalarining tegishli qismlarida nazarda tutilgan jinoyatlar majmui bo‘yicha javobgarlikka tortilishi lozimligi isbotlangan;
xavf ostida qoldirish jinoyati profilaktikasini tashkil etish, xususan, oromgohlarda xavf ostida qoldirishning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish lozimligi asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Xavf ostida qoldirish uchun javobgarlikning jinoyat-huquqiy va kriminologik jihatlarini tadqiq etishning ilmiy natijalari asosida:
O‘zbekiston Respublikasi JKning 117-moddasi birinchi qismi sanksiya qismiga uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari ko‘rinishidagi jazoni kiritish to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi 2017 yil 29 martdagi O‘RQ–421-son Qonuni 3-moddasining 32-bandida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi xavf ostida qoldirish uchun muqobil jazolarni qo‘llash samaradorligini oshirish va jazo maqsadlariga erishishga xizmat qilgan;
harakatlanish uchun xavf paydo bo‘lganda, agar haydovchida buni payqashi imkoniyati bo‘lsa, u transport vositasini to‘xtatish darajasigacha tezlikni kamaytirish choralarini ko‘rishi majburiyati to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015 yil 26 iyundagi 10-son “Transport harakati va undan foydalanish xavfsizligiga qarshi jinoyatlar bilan bog‘liq ishlar yuzasidan sud amaliyotining ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorining 13-bandida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2019 yil 13 maydagi 08/UM-305-19-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning qabul qilinishi tegishli majburiyatni bajarmagan haydovchini xavf ostida qoldirganlik uchun javobgarlikka tortishga asos bo‘lib xizmat qilgan;
yo‘l-transport hodisasini sodir etishda aybdor bo‘lgan va jabrlanuvchini, uning hayoti yoki sog‘lig‘i xavf ostida qolganligini bila turib, yordamsiz qoldirgan haydovchi JK 266 va 117-moddalarining tegishli qismlarida nazarda tutilgan jinoyatlar majmui bo‘yicha javobgarlikka tortilishi lozimligi to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015 yil 26 iyundagi 10-son “Transport harakati va undan foydalanish xavfsizligiga qarshi jinoyatlar bilan bog‘liq ishlar yuzasidan sud amaliyotining ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorining 17-bandida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2019 yil 13 maydagi 08/UM-305-19-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning qabul qilinishi aybdor qilmishi to‘g‘ri kvalifikatsiya qilinishi va o‘sha qilmishga adolatli jazo tayinlanishiga xizmat qilgan;
xavf ostida qoldirish jinoyati profilaktikasini tashkil etish, xususan, oromgohlarda xavf ostida qoldirishning oldini olish bo‘yicha takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2017 yil 18 maydagi 77-con “Oromgohlarda xavfsizlikni ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi va 2017 yil 25 avgustdagi 191-son “Ichki ishlar organlari tomonidan huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomani tasdiqlash haqida”gi buyruqlarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 2019 yil 8 maydagi 33/01-01/1274-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning qabul qilinishi xavf ostida qoldirish jinoyatlari profilaktikasining samaradorligini oshirishga xizmat qilgan.