Ismatova Ra’no Axadovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Suvda eruvchan tabiiy va sintetik polimerlar asosida kompozisiyalar olish va amaliyotda qo‘llash», 02.00.14–Organik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/T1524.
Ilmiy rahbar: Amonov Muxtar Raxmatovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Termiz davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.T.78.01.
Rasmiy opponentlar: Muhiddinov Bahodir Faxriddinovich, kimyo fanlari doktori, professor; Tojiev Panji Jovlievich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Namangan muhandislik-texnologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: suvda eruvchan polimerlar asosida kompozisiyalarni olish texnologiyalarini yaratish va mavjud texnologiyalarni takomillashtirish, shuningdek oxorlash bosqichida ular qo‘llanilishining samarali usullarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor paxta tolali kalava iplarni oxorlash uchun tabiiy va sintetik polimerlar – kraxmal (4,0; 4,5; 5,0; 5,5%), PVS (0,1-0,5%) va GIPAN (0,1–0,3%) asosida suvda eruvchan polimer tarkiblar ishlab chiqilgan;
ishlab chiqilgan oxorlovchi polimer tarkiblardagi komponentlarning funksional guruhlari bilan sellyulozaning o‘zaro ta’sirlashish mexanizmi va unga turli omillarning ta’siri aniqlangan;
oxor tarkibidagi PVS oxor plyonkasining eruvchanlik va sorbsion xossalarini yaxshilashi, GIPAN esa sistemaning qovushqoqligi va tolaga oxor adgeziyasining oshirishi natijasida kalava ipning mustahkamligi 30–35% ga ortishi hamda kalava iplarning to‘qish dastgoxlarida uzilishi 60–70% ga kamayishi aniqlangan;
PVS va GIPANning ozroq miqdori kiritilganda kraxmal gellarining ustmolekulyar strukturasi buzilishi natijasida kraxmalli oxorlovchi kompozisiyalarning qatlamlarga ajralishining kamayishi va texnologik qo‘llash xususiyatlarining ortishi aniqlangan;
ishlab chiqilgan oxorlovchi polimer tarkiblarning an’anaviy oxorlovchilarga nisbatan kinetik va agregativ barqarorligi yuqoriligi hamda oxorlash jarayonida kraxmal sarfining 25–30% ga kamayishi aniqlangan;
oxorlovchi polimer tarkiblarni qo‘llashning iqtisodiy va ekologik samaradorligi aniqlangan hamda kalava iplarni oxorlashda qo‘llash texnologiyasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Berilgan struktura va fizik-kimyoviy xossalarga ega bo‘lgan suvda eruvchan polimer kompozisiyalarni yaratish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
tabiiy va sintetik polimerlar asosida oxorlovchi kompozisiyalarni olish va paxta iplarni oxorlash texnologiyasi “Naqsh Oydin” MChJ va “Sevinch teks servis” MChJ korxonalarida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasining 2020 yil 21 maydagi 04/18-1377-son ma’lumotnomasi). Natijada, tarkibida PVS va GIPAN saqlagan yangi oxorlovchi tarkiblarning oxorlangan asosning sifatini oshirish hamda qimmatli oziq-ovqat mahsuloti bo‘lgan kraxmal sarfini 25–30% ga (56 g/l dan 38 g/l ga) kamaytirish imkonini bergan;
tarkibiga PVS va GIPANni kiritish yo‘li bilan ishlab chiqilgan kraxmal saqlagan suvda eruvchan polimer tarkiblar “Naqsh Oydin” MChJ va “Sevinch teks servis” MChJ korxonalarining tayyorlash va to‘qish sexlarida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasining 2020 yil 21 maydagi 04/18-1377-son ma’lumotnomasi). Natijada, kraxmal plyonkalariga nisbatan kompozision plyonkalarning deformatsion xossalarini yaxshilash, silliqligini oshirish va kalava iplarning uzilishini 0,53 uzil/m dan 0,21 uzil/m gacha kamaytirish imkonini bergan.