Safarov Toyir Tursunovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Sellyuloza efirlari va atsetilenli chiqindilar asosida lok-bo‘yoq mahsulotlarini ishlab chiqarish texnologiyasini yaratish», 02.00.07 – Kompozision, lok-bo‘yoq va rezina materiallari kimyosi va texnologiyasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.DSc/T272.
Ilmiy maslahatchi: Mirzakulov Xolto‘ra Chorievich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti «Fan va taraqqiyot» DUK, DSc.03/30.12.2019.K/T.03.01.
Rasmiy opponentlar: Muxiddinov Baxodir Faxriddinovich, kimyo fanlari doktori, professor; Negmatova Komila Soyibjonovna, texnika fanlari doktori, professor; Amonov Muxtor Raxmatovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona politexnika instituti
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: atsetilenli chiqindi gazlarni qayta ishlash natijasida poliatsetilen, xlorlangan poliatsetilen (XPA) olish, ikkilamchi xomashyo resurslari asosida sellyulozaning nitro- va atsetat hosilalarini sintez qilish va ular asosida lok-bo‘yoqlar olish texnologiyalarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor atsetilenli chiqindi gazlardan poliatsetilen sintez qilingan;
xlorlangan poliatsetilen sintezi jarayonining optimal sharoitlari aniqlangan;
poliatsetilen va uni xlorlash jarayonida mahsulotlar chiqishining texnologik parametrlarga bog‘liqligi qonuniyatlari topilgan;
ilk bor past konsentratsiyali nitrat kislotasi ishtirokida paxta lintidan nitrotsellyuloza sintez qilingan;
polimerlanish darajasi nisbatan past bo‘lgan diatsetat sellyulozani olish jarayoni aniqlangan;
nitrotsellyuloza va diatsetat sellyuloza sintezining optimal texnologik parametrlari aniqlangan;
ilk bor nitrotsellyuloza va diatsetat sellyuloza asosida loklarning suyuq asosini olish uchun yangi erituvchilar tanlangan;
atsetilenli chiqindi gazlardan poliatsetilen, xlorlangan poliatsetilen, sellyulozadan nitrotsellyuloza va diatsetat sellyuloza, lok hosil qiluvchi reseptlar hamda fizik-mexanik tasniflari yaxshilangan lok va bo‘yoqlar olishning texnologiyalari yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Sellyuloza efirlari va atsetilenli chiqindi gazlardan sintez qilingan poliatsetilen, xlorlangan poliatsetilen, nitrotsellyuloza va diatsetat sellyuloza asosida lok-bo‘yoq materiallarini ishlab chiqarish texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
chiqindi gazlar tarkibidagi atsetilen gazidan poliatsetilen olish va ularni xlorlash texnologiyasi “O’zkimyosanoat” AJning «amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli ishlanmalar ro‘yxati»ga kiritilgan (“O’zkimyosanoat” AJning 2020 yil 10 yanvardagi 14-158-son ma’lumotnomasi). Natijada, chiqindi gazlarni qayta ishlash va ulardan kerakli polimer mahsulotlari olish hamda amaliyotga qo‘llash imkonini bergan; 
sellyuloza efirlari va atsetilenli chiqindi gazlardan sintez qilingan xlorlangan poliatsetilen, nitrotsellyuloza va diatsetat sellyuloza asosida kompozision lok-bo‘yoq materiallari ishlab chiqarish texnologiyasi “O’zkimyosanoat” AJning «amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli ishlanmalar ro‘yxati»ga kiritilgan (“O’zkimyosanoat” AJning 2020 yil 10 yanvardagi 14-158-son ma’lumotnomasi). Natijada, ilk bor respublikada kimyoviy va termik barqaror, qoplama hosil qiladigan lok-bo‘yoq mahsulotlarini olish imkonini beradi; 
past konsentratsiyali nitrat kislotasi ishtirokida nitrotsellyuloza va polimerlanish darajasi past bo‘lgan diatsetat sellyuloza olish texnologiyasi yaratilgan, hamda nitro- va diatsetatli lok-bo‘yoqlar hamda ular asosida termik va kimyoviy barqaror bo‘lgan kompozision qoplamalar “O’zkimyosanoat” AJning «amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli ishlanmalar ro‘yxati»ga kiritilgan (“O’zkimyosanoat” AJning 2020 yil 10 yanvardagi 14-158-son ma’lumotnomasi). Natijada, nitrotsellyuloza va polimerlanish darajasi past bo‘lgan diatsetat sellyuloza asosida qoplama hosil qiluvchi lok-bo‘yoq mahsulotlarini olish imkonini beradi. 

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish