Narbaeva Tanzila Kamalovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekistonda xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish tizimi samaradorligini oshirishning innovatsion modeli”, 22.00.02 – “Ijtimoiy tuzilish, ijtimoiy institutlar va turmush tarzi” (sotsiologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3. DSc/Sots11.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, DSc.20/30.12.2019.S.23.02.
Rasmiy opponentlar: Saidov Akmal Xolmatovich, yuridik fanlari doktori, professor; Abduraxmonov Qalandar Xodjaevich, iqtisod fanlari doktori, professor; Matibaev Tospolat Baltabaevich, sotsiologiya fanlari doktori
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirishda xotin-qizlar ijtimoiy mavqeini mustahkamlash hamda samarali ijtimoiy himoya qilishning sotsiologik modelini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
“Ijtimoiy himoya”, “Xotin-qizlarni ijtimoiy faollashtirish”, “Ijtimoiy himoya tizimida immanent yondashuv”, “Ijtimoiy himoya sub’ektlarining ijtimoiy-intellektual kapitali”, “Xotin-qizlarga jamiyatda ijtimoiy va iqtisodiy o‘zgarishlar drayveri sifatida yondashuv” tushunchalarining ijtimoiy harakatga yo‘naltiruvchi sotsiologik ta’riflari ishlab chiqilgan;
Besh muhim tashabbus xotin-qizlarni ijtimoiy muhofaza qilish va ularni faollashtirishning samarali yo‘li ekanligi jadal rivojlanayotgan Yangi O‘zbekiston innovatsion modelining tarkibiy qismi ekanligi asoslangan;
fuqarolarni ijtimoiy himoya qilishning subsidiar, ya’ni muhtoj insonlarning faqat moddiy ehtiyojini qondirishga qaratilgan siyosatdan ehtiyojmand aholi qatlami vakillarini o‘z iqtidori, iste’dodi va qiziqishlarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashuvchi to‘laqonli ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash siyosatiga o‘tkazilganligi Yangi O‘zbekiston ijtimoiy innovatsion modelining muhim jihati ekanligi isbotlangan;
kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan davlat ijtimoiy siyosatida birlamchi bug‘inda ayollarni mazkur holatdan chiqarishga intilish mohiyat e’tiboriga ko‘ra butun xalqni farovonlikka erishish harakatining o‘ziga xos drayveri ekanligi asoslangan;
xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish tizimining shaxsni faollashtiruvchi, insonning o‘zini o‘zi rivojlantiruvchi, salohiyatni inson kapitaliga aylantiruvchi ustuvor yo‘nalishlari aniqlanib, ushbu yo‘nalishlarni immanentlik tamoyili asosida innovatsion rivojlantirish orqali ularni ijtimoiy himoya qilish samaradorligini oshirish ilmiy konsepsiyasi ishlab chiqilgan;
mamlakatda gender tenglikni ta’minlash xotin-qizlarni ijtimoiy himoyalash va ularni ijtimoiy faollashtirishning zaruriy sharti ekanligi isbotlangan;
xotin-qizlarning xuquqiy madaniyatini oshirish ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishning asosiy omili ekanligi nazariy-empirik asoslangan;
xotin-qizlarning og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolishlarining oldini olishda ularning YaTT (yakka tartibdagi tadbirkorlik), individual kasb-hunar bilan mashg‘ullik, mini-klasterlarda faoliyat yuritishlariga sharoit yaratishning hududiy, etnomadaniy, stratifikatsion texnologiyalari va gorizontal yondashuv mexanizmlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekistonda xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish tizimi samaradorligini oshirishning innovatsion modeli bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
“Ijtimoiy himoya”, “Xotin-qizlarni ijtimoiy faollashtirish”, “Ijtimoiy himoya tizimida immanent yondashuv”, “Ijtimoiy himoya sub’ektlarining ijtimoiy-intellektual kapitali”, “Xotin-qizlarga jamiyatda ijtimoiy, iqtisodiy o‘zgarishlar drayveri sifatida yondashuv” tushunchalarining ijtimoiy harakatga yo‘naltiruvchi sotsiologik ta’rifidan “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ-561-son Qonunining nazariy asosi sifatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasining 2020 yil 22 iyundagi № 25-16/1052-son ma’lumotnomasi). Bu ayollarni jamiyatdagi zo‘ravonliklar va tazyiqlardan muhofazalashning huquqiy asoslarini mukammal darajada ishlab chiqish va qabul qilish imkonini bergan;
Besh muhim tashabbus xotin-qizlarni ijtimoiy muhofaza qilish va ularni faollashtirishning samarali yo‘li bo‘lib, jadal rivojlanayotgan yangi O‘zbekiston innovatsion modelining tarkibiy qismi ekanligiga doir takliflari O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev rahbarligida 2019 yil 19 martda “Yoshlar bilan ishlashni samarali tashkil etishda madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari, kitob o‘qishga qiziqishni oshirish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusni amalga oshirish to‘g‘risida” o‘tkazilgan videoselektor majlisi bayoni (23.03.2019 yildagi 6300-xh-son)ning beshinchi yo‘nalishida belgilangan xotin-qizlar bandligini ta’minlashda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 martdagi “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafotlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4235-son Qarori asosida 14 ta hududdagi “Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari”ni tashkil etishda va ushbu markazlarda xotin-qizlarning tadbirkorlik, hunarmandchilik, kasbga qayta tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash vazirligining 2020 yil 23 iyundagi 01/20-son ma’lumotnomasi). Natijada, Respublikamizning 14 ta hududida “Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari” tashkil etilib, ularning faoliyati orqali ayollar bandligini ta’minlash imkoniyatini oshirishga erishilgan;
kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan davlat ijtimoiy siyosatida birlamchi bo‘g‘inda ayollarni mazkur holatdan chiqarishga intilish mohiyat e’tiboriga ko‘ra, butun xalqni farovonlikka erishish harakatining o‘ziga xos drayveri aylanganligi haqida olingan ilmiy xulosalardan O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi 2018 yilning 2-fevral` kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi №5325-son Farmoni asosida O‘zbekistonda xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilishning yangi tizimini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining 2019 yil 19 noyabrdagi 13/2275-19-son ma’lumotnomasi). Natijada, Respublikamizning 14 ta hududida jami 197 ta “Xotin-qizlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish” markazlari va Respublika markazi tashkil etilib, ularning faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali ayollarni ijtimoiy himoya qilish tizimi samaradorligini oshirishga erishilgan;
mamlakatda gender tenglikni ta’minlash xotin-qizlarni ijtimoiy himoyalash va ularni ijtimoiy faollashtirishning zaruriy sharti ekanligiga doir ilmiy xulosalardan “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ-562-son Qonunining nazariy asosi sifatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasining 2020 yil 22 iyundagi 25-16/1052-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida, O‘zbekistonda xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligini ta’minlashning huquqiy asoslarini takomillashtirish imkoniyati yaratilgan;
xotin-qizlar xuquqiy madaniyatini oshirish ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishning asosiy omili ekanligi, uni takomillashtirishning asosiy usullari hamda vositalariga doir xulosalaridan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yilning 29-30 mart kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi bayonnomasida belgilangan “Buxoro viloyati tajribasi”ni respublika miqyosida joriy etish borasidagi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Xotin-qizlar qo‘mitasi o‘rtasida 2019 yilning 23 iyul` kuni imzolangan 10/35-son qo‘shma qarorida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 2020 yil 30 iyundagi 1/781-son ma’lumotnomasi). Bu Ichki ishlar organlari tizimida xotin-qizlar masalalari bo‘yicha 359 ta inspektor lavozimining joriy qilinishi (O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2019 yil 14 maydagi buyrug‘i), 2019 yil 2 sentyabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi 562-son, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi 561-son Qonunlarini amaliyotga joriy qilish, jamiyatda gender tengligini ta’minlash, fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish, xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikni, xususan, oilaviy-maishiy zo‘ravonlikning oldini olish hamda uning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash imkoniyatini kengaytirgan.