Ruzikulov Uktam Shukurovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Bolalarda ko‘krak qafasining girdobsimon deformatsiyasini tashxislash va davolashni takomillashtirish», 14.00.22 – Travmatologiya va ortopediya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Tib966.
Ilmiy rahbar: Xodjanov Iskandar Yunusovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent pediatriya tibbiyot instituti.
Ilmiy kengash faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, DSc.04/30.12.2019.Tib.62.01.
Rasmiy opponentlar: Karimov Murodulla Yuldashevich, tibbiyot fanlari doktori; Urinboev Payzilla Urinboevich, tibbiyot fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat tibbiyot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: bolalarda ko‘krak qafasi girdobsimon deformatsiyasini tashxislash va davolashni takomillashtirish yo‘li bilan operatsiyadan keyingi natijalarini yaxshilashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ko‘krak qafasining old devorida deformatsiyaning paydo bo‘lishi va operatsiyadan keyingi residivning yuzaga kelishida o‘suvchi tog‘ay strukturasida aminokislota-kollagen birikmasining buzilishi - qondagi prolin miqdorining kamayishi va oksiprolin hamda glyukozaminglikanning peshobda ko‘payishi bilan bog‘liqligi isbotlangan;
ko‘krak qafasi old devoridagi o‘suvchi tog‘ay strukturasining buzilishi – unda kechayotgan morfologik o‘zgarishlar, ya’ni tog‘ay strukturasi ho‘jayra populyasiyasidagi betartiblik va notekis vakuolizatsiyasi bilan bog‘liqligi aniqlangan;
erta yoshdagi (4-7 yosh) bemorlarda ko‘krak qafasida etarlicha retrosternal oraliqni ta’minlab berish bilan birga operatsiyadan keyingi residivlarning kamayishiga imkon beruvchi ko‘krak qafasining girdobsimon deformatsiyasini xirurgik korreksiyalash usuli ishlab chiqilgan;
ishlab chiqilgan klinik markerlar jadvali ko‘krak qafasi girdobsimon deformatsiyasida biriktiruvchi to‘qima displaziyaning og‘irlik darajasini aniqlash imkonini berishi va bemorlarning yoshi, displaziya og‘irlik darajasini mos ravishda tuzilgan davolash taktikasi bioximik parametrlar dinamikasining ijobiy siljishiga sabab bo‘lishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
KQGD sining tashxislash va kompleks davolashni optimallashtirish yo‘li bilan operatsiyadan keyingi natijalarni yaxshilash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Bolalarda ko‘krak qafasining girdobsimon deformatsiyasini tashxislash-davolash algoritmi» uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 19 noyabrdagi 8n-r/504-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma ko‘krak qafasi girdobsimon deformatsiyasini operatsiyadan oldin va keyin kompleks davolash olib borish bilan residivlarni kamaytirish imkonini bergan;
«Bolalarda ko‘krak qafasi girdobsimon deformatsiyasining operatsiyadan keyingi residivlarini oldini olish algoritmi» uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 19 noyabrdagi 8n-r/505-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma ushbu patologiyadagi displaziya darajasini aniqlashda zamonaviy tekshirish va davolash usullarini olib borish bilan natijalarni yaxshilash imkonini bergan;
«Ko‘krak qafasining girdobsimon deformatsiyasini davolash usuli»ga Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan (№ IAP 04289, 28.01.2011). Olingan natijalar ko‘krak qafasining normal shaklini ta’minlashga imkon bergan;
ko‘krak qafasining girdobsimon deformatsiyasi tadqiqotining ilmiy natijalari va ularni davolash uslublarini sog‘liqni saqlash amaliyotiga joriy qilish, jumladan, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasining travmatologiya va ortopediya bo‘limida, Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy amaliy tibbiyot markazida, Sirdaryo viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, Navoiy viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarining klinik amaliyotiga joriy etilgan. Natijada bolalarda ko‘krak qafasining girdobsimon deformatsiyasini tashxislash va davolashni takomillashtirishda 98,4%gacha samaradorlikka erishish ta’minlangan.