Narimov Xamid Azimovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Xorazm mintaqaviy fitonimlarining lisoniy tahlili», 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari)
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Fil17.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Urganch davlat universiteti.
Ilmiy rahbar: Do‘simov Zaribboy, filologiya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Urganch davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.Fil.55.02.
Rasmiy opponentlar: Ibragimov Yuldash Matkarimovich, filologiya fanlari doktori, dotsent; Kilichev Bayramali Ergashovich, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qoraqalpoq davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Xorazm mintaqasidagi fitonimlarni to‘plash va ularni sistemalashtirish, mintaqadagi fitonimlarning mavzuiy-semantik guruhlarini belgilash va ushbu guruhga kiruvchi so‘zlarni tasnif qilish, ob’ekt materiallarini lug‘aviy qatlamlarga ajratish va tahlil qilish, fitonimlarning motivatsion asoslarini aniqlash, Xorazm shevalari bilan boshqa o‘zbek shevalari, shuningdek, turkiy hamda qarindosh bo‘lmagan tillar bilan aloqalarini tadqiq qilishda fitonimlarning o‘rni va ahamiyatini o‘rganishdan iboratdir.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Xorazm mintaqasidagi fitonimlar mavzuiy-semantik jihatdan sabzavot ekinlari, daraxt, o‘t va buta nomlari kabi turlarga ajratilib, ularning onomastik tizimdagi lisoniy maqomi va vazifalari aniqlangan;
fitonimlar tarixiy-etimologik tasnifi orqali tarixiy-qiyosiy, tavsifiy va etimologik xususiyatlari aniqlanib, tarkibida sodir bo‘lgan fonetik va morfologik o‘zgarishlar ochib berilgan;
fitonimlarning genetik tahlili orqali mintaqa lug‘at qatlamiga o‘zlashishning lingvistik va ekstralingvistik sabablari aniqlanib, faktik materiallar asosida dalillangan;
fitonimlarning atalish motivlariga ko‘ra turlari belgilanib, lug‘aviy-ma’noviy xususiyatlari va nominatsion-motivatsion asoslari ochib berilgan;
o‘simliklarning tabiiy-biologik belgilari, taqqoslash, o‘xshatish, vazifaviy belgisi, inonch va aqidalar asosida nomlash hamda rasmiy motiv nominativ asosning ko‘rinishlari ekanligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Xorazm mintaqasidagi fitonimik birliklarning tadqiqi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Xorazm fitonimlari tizimida asrlar davomida vujudga kelgan anzirat, go‘shtxo‘r, balazur, balila, dolchin, zarvand, zafar, makka, muqli, mastaki, murch, nazlao‘t, omila, sano, sandarak, sunbul, xurmo, halila kabi ilmiy-tarixiy fitonimlar va dialektal fitonimlarning lug‘aviy ma’nolarini bilishda tadqiqot materiallaridan foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasining 2020 yil 25 iyundagi №03-03/517-son ma’lumotnomasi). Natijada fitonimik birliklarning izohlari boyitishga va mukammallashishga imkon yaratilgan;
tabiat muzeylaridagi eksponatlarning mazmunini sharhlashda dissertatsiya materiallaridan foydalanilgan (Xalqaro «Oltin meros» xayriya jamoat fondining 2020 yil 20 iyundagi №01-40-20.07.20-son ma’lumotnomasi). Natijada muzey fondida saqlanayotgan eksponatlarning mazmuniga doir izohlar va tahlillar mukammallashish imkoni yaratilgan;
Xorazm Ma’mun akademiyasida Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 17 martdagi 49-bayoni bo‘yicha xo‘jalik shartnomasi asosida amalga oshirilgan “Mahmud Zamaxshariyning “Muqaddimat ul-adab” asarini tarjima va chop qilish” grant loyihasida, xususan, asar matnida uchraydigan so‘zlarni to‘g‘ri tabdil qilish, izohlashda foydanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Xorazm Ma’mun akademiyasining 2020 yil 24 iyundagi №101/2-20-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida fitonimik birliklarning izohlari boyigan, mukammallashgan;
fitonimik birliklarning leksik-semantik hamda tarixiy-etimologik tadqiqi yuzasidan olingan natijalardan Xorazm viloyati teleradiokompaniyasi tomonidan 2019 yil 20 oktyabrda efirga uzatilgan “Tilimizni o‘rganamiz” hamda 2020 yil 14 martda efirga uzatilgan “Munavvar kun” dasturlarining ssenariylarini yozishda foydalanilgan (Xorazm viloyati teleradiokompaniyasining 2020 yil 13 iyundagi 2020-13-07/1041-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur manbalar ko‘rsatuvlarni ma’rifiy va amaliy jihatdan boyitishga hissa qo‘shish imkonini bergan.