Bo‘rieva Nargiza Qo‘chqarovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Shekspir sonetlarining badiiy uslubi va uni tarjimada qayta tiklash masalasi», 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Fil848.
Ilmiy rahbar: Xolbekov Muhammadjon Nurqosimovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Jizzax davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat chet tillar instituti, PhD. 03/30.12.2019.Fil/Ped.83.01.
Rasmiy opponentlar: Mirsanov G‘aybullo Qulmuradovich, filologiya fanlari doktori, dotsent; Xoliqov Bahodir Aliqulovich, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Shekspir ijodida sonet janrining o‘rni va badiiy uslubi, sonet nazariyasi, shoir sonetlarining o‘zbek tiliga bilvosita (rus tili orqali) va bevosita (asliyatdan) qilingan tarjimalari lingvopoetik usulda tahlil qilish, badiiy uslubini aniqlash va tegishli tavsiyalar berish kabi masalalardan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
jahon adabiyotida sonetning paydo bo‘lishi, sonet janrining Shekspir ijodidagi ahamiyati, sonet nazariyasi, sonetlarning o‘zaro farqi va leksik-semantik xususiyatlari aniqlangan;
Shekspir sonetlari badiiy tarjimasini asliyat bilan qiyoslash orqali ulardagi insonparvarlik, odamiylik, bag‘rikenglik, optimistik ruh va chuqur falsafiy mazmun ochib berilgan;
Shekspir sonetlarining mavzuiy guruhlari mundarijasi aniqlanib, ruscha va asliyatdan qilingan tarjimalarda shoir badiiy uslubining saqlanishi, emotsional ta’sirchanligi, pragmatik, semantik va stilistik xususiyatlari asoslangan;
Shekspir sonetlaridagi chuqur psixologizm, jo‘shqin lirizm va she’riy serma’nolikning jahon, xususan, rus, o‘zbek adabiyotidagi sonetlarga ta’siri, lingvopoetik roli va ahamiyati ochib berilgan;
o‘zbek tarjimon shoirlarining individual mahorati qiyoslanib, bilvosita va bevosita qilingan tarjimalarning farqlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Shekspir sonetlarining badiiy uslubi va uni tarjimada qayta tiklash masalasi bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
Shekspir sonetlarining lingvistik tahliliga oid xulosalardan OT-F8-062 “Til taraqqiyotining derivatsion qonuniyatlari” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 2 iyuldagi 89-03-2394-son ma’lumotnomasi). Natijada tarjima lug‘atlarida berilgan so‘zlarning ma’nolari izohi, talqinlari aniqlashtirilgan va undan samarali foydalanish imkoniyatlari yaratilgan;
Shekspir sonetlari tarjimasidagi badiiylik darajasining saqlanishi, ta’sirchanligi, mazmun teranligi, jo‘shqin ruh saqlanganligi, qofiyalar jarangdorligiga oid xulosalardan I-204-4-5 “Ingliz tili mutaxassislik predmetlaridan axborot-kommunikatsion texnologiyalari asosida virtual resurslar yaratish va o‘quv jarayoniga joriy etish” nomli innovatsion tadqiqotlar loyihasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 2 iyuldagi 89-03-2394-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek o‘quvchilari Shekspir dahosi bilan chuqurroq tanishib, sonetlarining o‘zbek tiliga o‘girilgan tarjimalarini qiyoslash imkoniyatiga ega bo‘lishgan;
tadqiqot natijalari Evropa Ittifoqi tomonidan Erasmus + dasturining 2016-2018 yillarga muljallangan 561624-ERR-1-2015-UK-EPPKA2-CBHE-SP-ERASMUS + CBHE IMEP: “O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimi jarayonlarini modernizatsiyalash va halqarolashtirish” nomli innovatsion tadqiqotlar loyihasiga tadbiq etilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 2 iyuldagi 89-03-2394-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘qituvchilarning lingvistik va kommunikativlik qobiliyati, ularning qiyosiy adabiyotshunoslik sohasidagi bilimini oshirishga erishilgan, ta’lim tizimi jarayonini mustahkamlash maqsadida uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqishda yangicha yondashuvlar sifatida qo‘llash imkonini bergan.