Saydivalieva Xurshida Xodjiakbarovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Auditorlik faoliyatini shartnomaviy-huquqiy tartibga solish», 12.00.03 – Fuqarolik huquqi. Tadbirkorlik huquqi. Oila huquqi. Xalqaro xususiy huquq (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3. PhD/Yu304.
Ilmiy rahbar: Ro‘ziev Rustam Jabborovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/30.12.2019.Yu.22.01.
Rasmiy opponentlar: Karaxodjaeva Dilorom Mamirovna, yuridik fanlar doktori, professor; Topildiev Voxidjon Raximjonovich, yuridik fanlar nomzodi, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi auditorlik faoliyati va uning huquqiy asosi sifatida shartnoma mazmun-mohiyatini tahlil etish asosida ushbu institutni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish bilan bog‘liq ilmiy-amaliy takliflar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
«auditorlik faoliyati», «auditorlik tekshiruvi», «auditorlik turdosh xizmatlari» va «auditorlik xizmatlarini ko‘rsatish shartnomasi» tushunchalariga ilmiy ta’riflar ishlab chiqilgan hamda auditorlik tekshiruvining maqsadi qonun hujjatlari va xalqaro audit standartlariga muvofiqligini aniqlash ekanligi asoslantirilgan;
auditorlik tekshiruvini o‘tkazish shartnomasida auditorlik xizmatlarini ko‘rsatish chog‘ida olingan ma’lumotlarning maxfiyligini saqlashga oid hamda shartnoma ijrosini ta’minlashga oid shartlar, shuningdek, shartnoma taraflarining huquq va majburiyatlari xalqaro audit standartlari asosida bajarilishi zarurligi asoslangan;
auditorlik xizmatlarini ko‘rsatish shartnomasi bo‘yicha auditorning malakasiga oid talablar hamda auditorlik hisobotining topshirilishini cheklovchi shartlarning auditorlik xizmatlarini ko‘rsatish shartnomasida belgilanishiga yo‘l qo‘yilmasligi asoslab berilgan;
tashqi auditorlik xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida buyurtmachiga oid maxsus ma’lumotlarni uning roziligisiz oshkor etish mumkin emasligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Auditorlik faoliyatini fuqarolik-huquqiy tartibga solishni takomillashtirish tadqiqot ishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«auditorlik faoliyati», «auditorlik tekshiruvi», «auditorlik turdosh xizmatlari» va «auditorlik xizmatlarini ko‘rsatish shartnomasi» tushunchalariga oid ilmiy ta’riflarning «Auditorlik faoliyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishida e’tiborga olinishi qayd etilgan hamda auditorlik tekshiruvining maqsadi qonun hujjatlari va xalqaro audit standartlariga muvofiq ravishda shakllantirilishi O‘zbekiston Respublikasining «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi Qonuni 74-moddasi birinchi qismida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2011 yil 2 fevraldagi 06/1-02/158-son hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining 2019 yil 15 noyabrdagi 06/2-02-sonli ma’lumotnomalari). Mazkur takliflar auditorlik faoliyatiga oid qonunchilik normalarini takomillashtirishga hamda auditorlik xizmatlarini ko‘rsatish shartnomasida auditorlik tekshiruvlari maqsadini belgilab beruvchi bandni shakllantirishga xizmat qilgan;
auditorlik xizmatlarini ko‘rsatish chog‘ida olingan ma’lumotlarning maxfiyligini saqlashga oid alohida qism, shartnoma taraflarining huquq va majburiyatlari xalqaro audit standartlari asosida bajarilishiga oid bandga ega bo‘lgan, shuningdek, shartnoma ijrosini ta’minlashga oid shartlardan iborat bo‘lgan auditorlik tekshiruvini o‘tkazish shartnomasining namunaviy shakli amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Auditorlar palatasining 2020 yil 13 martdagi 28-con ma’lumotnomasi). Ushbu namunaviy shakl auditorlik xizmatini ko‘rsatishda moliyaviy hisobot auditini o‘tkazish maqsadi, davri, ko‘lami va muddatini aniqlashtirishga xizmat qilgan hamda undan konkret holatlar bo‘yicha shartnomaviy tartibga solish jarayonida huquqiy hujjat sifatida foydalanilgan;
auditorlik xizmatlarini ko‘rsatish shartnomasi bo‘yicha auditorning malakasiga oid talablar hamda auditorlik hisobotining topshirilishini cheklovchi shartlarning auditorlik xizmatlarini ko‘rsatish shartnomasida belgilanishiga yo‘l qo‘yilmasligi asoslab berilgan takliflar O‘zbekiston Respublikasining «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi Qonuni 75- moddasining birinchi qismi va uchinchi qismida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining 2019 yil 15 noyabrdagi 06/2-02-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar bank auditini o‘tkazishda auditorning maxsus sertifikat va lisenziyaga ega bo‘lishi sharti bank qonunchiligida mustahkamlanishiga hamda bank auditi bo‘yicha tayyorlangan auditorlik hisobotlarini Markaziy bankka cheklovlarsiz topshirilishiga oid normaning belgilab berilishiga xizmat qilgan;
tashqi auditorlik xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida buyurtmachiga oid maxsus ma’lumotlarni uning roziligisiz oshkor etish mumkin emasligiga, auditorlik xizmatining sifatiga va shartnoma taraflari javobgarligiga oid takliflar hamda tavsiyalar inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining 2019 yil 15 noyabrdagi 06/2-02-son, O‘zbekiston Auditorlar palatasining 2011 yil 12 apreldagi 12-con ma’lumotnomalari). Mazkur takliflar tashqi auditor tomonidan olingan axborotlarni Markaziy bankning roziligisiz oshkor etilmasligini belgilovchi normaning shakllanishiga hamda auditorlik xizmatlari sifatining tashqi va ichki nazoratiga oid normalarning qonunchilikda mustahkamlanishiga imkon yaratgan.