Mirzaxmedov Abdirashid Mamasidikovichning
fan doktori (DSc ) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): "Bag‘rikenglik madaniyati - diniy ekstremizmning oldini olish omili", 07.00.04 – Dinshunoslik (falsafa fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.DSc/Fa140.
Ilmiy maslahatchi: Nazarov Qiyomiddin Normirzaevich, falsafa fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan muhandislik-texnologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, DSc.35/30.12.2019.IsI./Tar/F.57.01.
Rasmiy opponentlar: Kaxxarova Matlyuba Manofovna, falsafa fanlari doktori, professor; Usmanov Ma’rufjon Shokirovich, falsafa fanlari doktori, dotsent; Kushaev Umidjon Raximovich, falsafa fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: bag‘rikenglik madaniyatini shakllantirish va mustahkamlash ekstremizmning oldini oluvchi omil ekanligini isbotlash, falsafiy tahlillar asosida diniy-ijtimoiy hayotning barqarorligini ta’minlash bo‘yicha ilmiy xulosalarni berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: jamiyatning ijtimoiy barqarorligi va milliy xavfsizligini ta’minlash jarayonida aholining bag‘rikenglik madaniyatini yuksaltirishning umumbashariy mezonlari sifatida “tolerantlik” va milliy “bag‘rikenglik” tamoyillarining “sabr-toqatlilik,”, “murosayu-madora” kabi falsafiy komponentlarining mazmun-mohiyati aniqlashtirilgan, islom dinining “murosa”, “rahmdillik” va “sabr-bardoshlilk” tamoyillarida kattalarning yoshlarga pand-nasihat an’analarini o‘rgatish orqali loqaydlik, befarqlik illatidan xalos etish ekstremizmning oldini olishda asosiy yetakchi omil ekanligi asoslab berilgan;
bag‘rikenglik madaniyatining ma’naviy-axloqiy mazmuni, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy tuzilishi ekstremizmning kuchayishiga qarshi davlat, jamiyat va shaxs munosabatlarini barqarorlashtirish uchun oilaviy turmush, tadbirkorlikka qulay ma’naviy muhit shakllantirish “ijtimoiy murosai-madora” tarbiyaviy yondashuvidan foydalanishga mos, tayanch, xususiy va umumiy natijador kompetensiyalarning oila – maktab – kasb-hunar bilim yurti – mehnat jamoasidan iborat uzviy tizimi ishlab chiqilgan;
“Jaholatga qarshi – ma’rifat” konsepsiyasi yoshlarning kasbiy malaka yutuqlarini egallash, tadbirkorlik va ishbilarmonlikka innovatsion yondashuvlar, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish, dindorlarning ijtimoiy foydali mehnatda faol ishtiroki orqali yoshlarning oila va nikoh, individual va jamoaviy hayotida sabr-toqatlilikning dolzarb tamoyillarini chuqur ilm-ma’rifat, hikmat va falsafiy nuqtai-nazardan yondashuv, murosa va bosiqlik odobini har bir bolaga go‘daklik chog‘idan boshlab singdirish maqsadga muvofiq ekanligi asoslangan;
“Bilimsizlikka qarshi ma’rifat”, “jaholatga qarshi – ma’rifat” faol fuqarolik pozisiyasini tarbiyalash orqali ijtimoiy boshqaruv, korrupsiya va uyushgan jinoyatchikka qarshi kurash uchun yoshlarda sog‘lom turmush tarzi, ta’lim va ma’naviy madaniyat darajasini yuksaltirish, ayniqsa xotin-qizlarga zamonaviy kasb-hunarlarni egallash katta savob ekanligini maktab yoshidan boshlab singdirish, tadbirkorlikka jalb etish, ijtimoiy bandlik orqali milliy va diniy bag‘rikenglik immunitetini rivojlantirishning mafkuraviy tashkiliy-texnologik, ma’naviy-ma’rifiy jihatlari takomillashtirilgan;
bag‘rikenglik tamoyillarining ijtimoiy-madaniy omil sifatida jamiyat rivojlanishi, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishning zamonaviy va an’anaviy mazmun-mohiyatini asoslashga qaratilgan diniy mutaassiblikka qarshi turishda yoshlarning bag‘rikenglik fe`l-atvori, qiyofasi (imidji, mafkuraviy immunitetni shakllanganlik darajasini aniqlashning saralash bosqichlari, deontologik professiogrammasi)ni yaratish maqsadida mukofotli musobaqalar o‘tkazish, ta’lim va tarbiya tizimida natijadorlik milliy va umuminsoniylik aspektida tahliliy baholangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Bag‘rikenglik madaniyati ekstremizmning oldini olish omili sifatida o‘tkazilgan ilmiy tadqiqotning natijalari asosida:
jamiyatning barqaror taraqqiyoti va xavfsizligiga tahdidlarga qarshi bag‘rikenglik madaniyatining zamonaviy tahlillari yuzasidan ilmiy-nazariy yondashuvlar O‘zbekiston Respublikasi Parlamenti tomonidan yoshlarni o‘zbek xalqining muqaddas qadriyat va an’analari ruhida tarbiyalashga oid davlat me’yoriy akt va qonunlarini takomillashtirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2019 yil 8 oktyabrdagi 05/1-917-sonli akti). Natijada yoshlar orasida tarqalayotgan noan’anaviy madaniyatga doir xalqaro aktlarga qo‘shilmaslikka erishilgan;
yoshlar orasida umuminsoniy va milliy qadriyatlarni targ‘ib etish, ularni o‘zbek xalqining boy ma’naviy merosiga sadoqat ruhida tarbiyalash uchun diniy jaholatga qarshi ma’naviy-ma’rifiy ta’lim va tarbiyaning ma’ruza, suhbat va uchrashuv shakllari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining dasturlari, malaka oshirish o‘quv rejalarida taklif va mulohazalar sifatida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining 2019 yil 14 maydagi 02-09-517-19-son ma’lumotnomasi). Natijada aholi, ayniqsa yoshlar orasida ma’naviy-axloqiy qadriyatlarga hurmat, ekstremizm va terrorizmga qarshi tadbirlarni samarali tashkil etilishiga erishilgan;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi (2017) qarorida belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida oliy ta’lim tizimida yoshlarni yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlar ruhida tarbiyalashga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirishga doir “Tolerantnost` v nravstvennom vospitanii molodeji” nomli monografiyada bag‘rikenglik yuzasidan ilmiy qarash va yondashuvlar sifatida xalqaro amaliyotga joriy etilgan (Riga Lambert akademik nashriyotining 2019 yil 9 apreldagi 978-613-9-58240-2-son akti). Ilmiy tadqiqot natijalari asosida yaratilgan monografiya Nemis milliy kutubxonasi katalogiga kiritilishiga erishilgan. Ilmiy tadqiqot natijalarining amaliyotdagi manba havolalarida 1 xirsh-indeks darajasiga erishilgan;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi (16.04.2018) Farmonida ko‘zda tutilgan o‘zbek xalqining ming yillik boy ilm-fan va jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini keng targ‘ib etish, ta’lim va tarbiya, o‘quv jarayonida amaliyotga qo‘llashga doir vazifalar ijrosini ta’minlash borasida Respublika radiosi, “Oila davrasida” haftanomasida muntazam ravishda dissertatsiya ilmiy natijalari ma’naviyat saboqlari ruknida foydalanilgan. Shu bilan birga “Oq qo‘shiqlar” (2018 y.) monografiyasi yoshlar kitobxonligi mahalliy hokimiyat tizimining axborot targ‘ibotida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oila markazi haftanomasining 2019 yil 7 iyundagi 01-61-sonli akti). Natijada ta’lim tizimi tashkili va yoshlar tarbiyasiga doir tamoyillarga ilmiy yondashuv, ta’lim va tarbiya texnologiyalarini tartibga solishga qaratilgan oilaviy bag‘rikenglik tarbiyasida zo‘ravonliklarning oldini olishga erishilgan.