O‘razaliev Murodbek Qoraevichning

doktorlik dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Alkogolizm, fohishalik va giyohvandlikning jinoyatchilik bilan aloqadorligi, ularning kriminologik xususiyatlari va oldini olishni takomillashtirish», 12.00.08– Jinoyat huquqi. Huquqbuzarliklarning oldini olish. Kriminologiya. Jinoyat-ijroiya huquqi (yuridik fanlar).

Talabgorning ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat olib borishga layoqati bo‘yicha test sinovidan o‘tgani haqida ma’lumot: /yuridik fanlar nomzodi/.

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: 30.09.2014/B2014.3-4.Yu13.

Ilmiy maslahatchi: Axrarov Baxram Djabbarovich,  yuridik fanlar doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, 14.07.2016. Yu 30.01.

Rasmiy opponentlar: Zakirova Adina Gulyamovna,yuridik fanlar doktori, professor; Taxirov Farxod,yuridik fanlar doktori, professor; Sattarov Abdug‘afur Xamidovich, yuridik fanlar doktori.

Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazi.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: Alkogolizm, fohishalik va giyohvandlikning vujudga kelish sabablari, ichkilikka ruju qo‘ygan, fohisha, giyohvandlikka chalinganlar shaxsi, ularning jinoyatchilik bilan aloqadorligini tadqiq etish asosida mazkur ijtimoiy salbiy hodisalarning oldini olish faoliyatini va tegishli qonun normalarini takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

jinoyatchilik bilan bog‘liq ijtimoiy salbiy hodisalar: alkogolizm, giyohvandlik va fohishalikka qarshi kurash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar doirasini kengaytirishga oid tavsiyalar ishlab chiqilgan;

mast holda sodir etiladigan jinoyatlar uchun javobgarlikni differensiatsiya qilish, mastlikning darajalarini aniqlashni takomillashtirish, transport vositalarini mast holda boshqarish uchun javobgarlikni kuchaytirish, mast holda sodir etilgan jinoyat uchun jazo tayinlash qoidalariga o‘zgartirishlar kiritish zarurati asoslab berilgan;

alkogolizm, giyohvandlik va fohishalik hamda ular bilan bog‘liq jinoyatlarga imkon bergan shart-sharoitlar hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilgan;

alkogoldan mast holda, giyohvandlik vositalarining g‘ayriqonuniy muomalasi va fohishalik bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga kriminologik tavsif berilib, oldini olish choralarining aniq kimlarga qaratilishi kerakligi asoslangan;

alkogolizm, giyohvandlik va fohishalik bilan bog‘liq jinoyatlar oldini olish choralarining samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:

Alkogolizm, fohishalik va giyohvandlikning jinoyatchilik bilan aloqadorligi, ularning kriminologik xususiyatlari va oldini olishni takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan uslubiy va amaliy takliflar asosida:

O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 187-moddasi (Jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste’mol qilish) va Jinoyat kodeksining 131-moddasini (Qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash) takomillashtirish bo‘yicha takliflar qabul qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2016 yil 16 iyundagi 06-1/647-son xati). Ushbu takliflar jamoat joylarida alkogol mahsulotlarini iste’mol qilishga hamda qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlashga qarshi kurash tizimini yanada takomillashishiga olib keldi;

«Narkotik moddalarning suiiste’moli va noqonuniy aylanishiga qarshi kurash bo‘yicha 2016–2020 yillarga mo‘ljallangan kompleks chora-tadbirlar  rejasiga» berilgan takliflar ushbu rejaga kiritilgan va tegishli ma’lumotnoma bilan tasdiqlangan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2016 yil 27 iyuldagi 14/6-6388/3-son xati). Ushbu takliflar giyohvandlik vositalari, psixotrop va prekursorlarni noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish imkonini berdi;

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashining 2015 yil 24 dekabrdagi 73-sonli majlis bayoni bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasida 2016 yilda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar Dasturi»ning VI yo‘nalishi 54-bandida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida IIV XOOBB bilan hamkorlikda amaliy-uslubiy tavsiyalar ishlab chiqilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 2016 yil 15 oktyabrdagi №26/2907-son xati). Bu fuqarolar yig‘ini Kengashining huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorligi, fuqarolar yig‘inidagi Voyaga etmaganlar, yoshlar va sport masalalari bo‘yicha komissiyasining voyaga etmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik hamda huquqbuzarlik profilaktikasi borasidagi ishlar samaradoligini oshirishga olib keldi;

O‘zbekiston Respublikasining «Giyohvandlikka chalingan shaxslarning ijtimoiy-tibbiy reabilitatsiyasi to‘g‘risida»gi qonuni loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ma’qullanib, Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan (2016 yil 27 iyuldagi 14/6-6388/3-son xati). Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi giyohvandlikka chalingan shaxslarning ijtimoiy holatini tiklashga va ularni jamiyatga qaytarishga qaratilgan ijtimoiy-tibbiy reabilitatsiya yordam tizimini samaradorligini oshirish imkoniyatini beradi. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish