Raximov Abror Axmadovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Ikkilamchi nominativ birliklarni hosil qiluvchi lingvokognitiv vositalar tadqiqi (ingliz va o‘zbek tillari misolida)», 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam B2018.1.PhD/Fil473.
Ilmiy rahbar: Safarov Shahriyor Safarovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat chet tillar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat chet tillar instituti, PhD.03/30.12.2019.Fil/Ped.83.01.
Rasmiy opponentlar: Rizaev Boxodir Xaydarovich, filologiya fanlari doktori, professor; Danieva Maysara Djamalovna, PhD, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: dissertatsiya mavzusi orqali qo‘yilgan asosiy maqsad: ikkilamchi nominativ birliklarni hosil qiluvchi lingvokognitiv vositalarni nominativ faoliyatning kognitiv va konseptual bosqichlari bilan bog‘liq holda tadqiq etishdir.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
nominatsiya har bir til sohibi o‘z lisoniy faoliyati mobaynida bosib o‘tishi shart bo‘lgan kognitiv va konseptual fazalar diskursiv-sinergetik izchilligiga asoslanuvchi faoliyat sifatida o‘rganilgan;
ikkilamchi nominativ vositaga xos umumiy lingvokognitiv asoslar nutq ontogeneziga oid diffuz nomlar, tub va yasama nominantlar uchun mushtarak bo‘lgan “X bilan aloqador Y” kognitiv-diskursiv qurilma orqali belgilangan;
ingliz va o‘zbek tillaridagi “man/odam” konseptosferasiga mansub metonimik, metaforik va konversiv nominantlarga xos kognitiv va konseptual asoslar qiyosi asosida ikkilamchi nominatsiya vositalarning ichki diskursiv-sinergetik izchilligida semantik vositalarning yetakchilik qilishi dalillangan;
ingliz va o‘zbek tillaridagi “man/odam” konseptosferasiga mansub formativ hamda endotsentrik, ekzotsentrik va idiomatik tipli kompozitiv nominantlarning qiyosidan kelib chiqib leksik vositalarga xos lingvokognitiv modellarning semantik vositalar funksional faolligida shakllangan kognitiv-diskursiv qurilmalar bilan genetik bog‘liqligi asoslangan;
yangi o‘quv adabiyotlarini yaratishda “so‘z yasalishi” mavzusi o‘rniga “nominativ derivatsiya” mavzusini kiritgan holda talabalarga nominativ derivatsiya haqida uyg‘unlashgan bilim berishni yo‘lga qo‘yish orqali lingvistikaning zamonaviy yo‘nalishlari bilan bog‘lanish imkonini yaratishning an’anaviy so‘z yasalishiga nisbatan samarali ekanligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Nominatsiyaning mantiqiy, ratsional-generativ, lingvopsixologik, neyrolingvistik va lingvokognitiv mohiyatiga oid ilmiy izlanishlar hamda faoliyat mezonlari va derivatsion talqinlariga doir tajribalarga tayanib ishlab chiqilgan ilmiy va amaliy natijalar asosida:
ingliz va o‘zbek tillaridagi “man/odam” konseptosferasiga mansub ikkilamchi nominantlarning leksik va semantik derivatsiyalarga munosabatiga oid tahliliy mulohazalardan OT-F8-062 «Til taraqqiyotining derivatsion qonuniyatlari» (2007-2011) fundamental loyihasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 16-iyuldagi 89-03-2566 son ma’lumotnomasi). Tadqiqotning ilmiy natijalari “man/odam” konseptosferasiga mansub leksik va semantik nominantlar zamirida yotadigan funksional-kommunikativ strukturalarni yoritish imkonini bergan;
ingliz va o‘zbek tillaridagi “man/odam” konseptosferasiga mansub ikkilamchi nominantlarning nutq ontogeneziga oid diffuz nomlar va tub so‘zlar bilan qiyosiy tahlili asosida aniqlangan kognitiv-diskursiv modellar va diskursiv-sinergetik tamoyillardan OT-F8-002 raqamli «Hozirgi zamon sivilizatsiyasining inson ijtimoiy qiyofasiga ta’siri» fundamental loyihasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 16-iyuldagi 89-03-2566 son ma’lumotnomasi). Tadqiqotning ilmiy natijalari zamonaviy sivilizatsiya sharoitida yuzaga keladigan kreativ g‘oyalarni ro‘yobga chiqarish imkonini yaratadigan leksik va semantik vositalarning o‘z lingvokognitiv asosiga nutq ontogeneziga oid diffuz nomlarni hosil qilish bilan birga shakllanadigan kognitiv-diskursiv modellarning diskursiv-sinergetik izchilligi orqali ega bo‘lishiga ko‘ra tillararo mushtarak bo‘lgan tamoyillarni belgilash imkonini yaratgan;
nominativ faoliyatning kognitiv va konseptual fazalariga xos diskursiv-sinergetik izchilligini belgilash imkonini yaratadigan “X bilan aloqador Y” invariant IKMning simmetrik, asimmetrik va simulyativ implikatsiyalar bilan bog‘liq holda variantlanishiga oid mexanizmlardan I-204-4-5 «Ingliz tili mutaxassislik predmetlaridan axborot-kommunikatsion texnologiyalari asosida virtual resurslar yaratish va o‘quv jarayoniga joriy etish» innovatsion loyihasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 16-iyuldagi 89-03-2566 son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari nutq ontogeneziga oid diffuz nomlar zamirida yotadigan “X bilan aloqador Y” invariant modelining leksik va semantik nominantlarda diskursiv-sinergetik variantlanishini e’tiborga olib, xorijiy tillarni o‘qitishda algoritmik usullarni tatbiq etish tavsiya qilingan;
narsa va nom munosabatiga oid munozara hamda muhokamalarda Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino kabi buyuk ajdodlar tomonidan bildirilgan fikrlarning ahamiyati, ularning G‘arb va Sharq lingvofalsafasi rivojidagi tutgan o‘rniga oid tahliliy mulohazalar Samarqand viloyat radiosining 2020 yil 2-iyundagi «Dolzarb mavzu» eshittirishining ssenariysiga kiritilgan va uni tayyorlashda foydalanilgan (Samarkand viloyat teleradiokompaniyasining 2020 yil 1 iyundagi 09-01/202-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari tug‘ma qobiliyatning faollashuvida empirik va ratsional vositalarning ishtiroki haqida Forobiy, Ibn Sinolarning fikrlari V.fon Gumbol`dt, A.A. Potebnya hamda keyingi lingvopsixologik, lingvokognitiv izlanishlar bilan mushtarakligini tushunish imkonini oshirishga xizmat qilgan;
ingliz va o‘zbek tillaridagi “man/odam” konseptosferasiga mansub leksik va semantik nominantlarning lug‘atlardan to‘plab tizimlashtirilgan natijalari Muhammad al Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali “5330500 – Kompyuter injiniringi” (AT - servis), “5111000 – Kasbiy ta’lim” (iformatika va axborot texnologiyalari), 5311300 – “Telekommunikatsiya”, “5610600 – Xizmat ko‘rsatish texnikasi va texnologiyasi” (xizmat ko‘rsatish tarmoqlari bo‘yicha) bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari mutaxassislarining malaka talablariga singdirilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 16-iyuldagi 89-03-2566 son ma’lumotnomasi). Ishda jamlangan nominativ birliklar va ularga xos kognitiv-diskursiv modellar elektron lug‘atlar yaratish bilan bog‘liq amaliy mashg‘ulotlarda hamda xorijiy tillarga oid o‘quv majmualarini tuzishda inobatga olingan.