Norbaeva Shukurjon Xayitbaevnaning
doktorlik dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Xorazm shevalari kasbiy leksikasi shakllanishining onomasiologik tamoyillari», 10.00.01 – O‘zbek tili. O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Talabgorning ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat olib borishga layoqati bo‘yicha test sinovidan o‘tgani haqida ma’lumot: LA № 0000793.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: 30.09.2014/B2014. 3-4.Fil70.
Ilmiy maslahatchi: Do‘simov Zaribboy, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Urganch davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, 08.06.2016. Fil.33.
Rasmiy opponentlar: Dadaboev Hamidulla Aripovich, filologiya fanlari doktori, professor; Iskandarova Sharifa Madalievna, filologiya fanlari doktori, professor; Xudoyberganova Durdona Sidikovna, filologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Qoraqalpoq davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Xorazm mintaqaviy kasbiy leksik birliklarining onomasiologik xususiyatlari va tamoyillarini aniqlash hamda bu jarayonda sodir bo‘ladigan ob’ekt va sub’ekt munosabatining voqelanish mexanizmlarini tavsiflashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tilimizdagi sohaviy leksik birliklarning tarixiy-genetik va kognitiv-semantik tahlili orqali ularning maxsus tizim ekanligi ochib berilgan;
kasbiy leksik birliklarning konseptual taraqqiyoti jarayonida belgining kategoriyalashtirish bosqichida ayrim holatlarda ikkilamchi konsept yoki takroriy konsept masalasi yuzaga kelishi haqidagi fikrlar asoslangan;
sohaviy leksik birliklarni tarkibiy rekonstruksiya qilish va ularning funksional tahlili lug‘at tarkibidagi substrat qatlam muammosi bilan aloqadordirligi faktik materiallar orqali dalillangan;
kasbiy leksik birliklarning vujudga kelishida derivatsion jarayonlar emas, balki transonimizatsiya hodisasi, aniqrog‘i funksional o‘zgarish sodir bo‘lishi aniqlangan;
kasbiy leksik birliklarning lisoniy tabiatini belgilashda, asosan, ularning diaxron xususiyatlarini nazarda tutish bilan birga dialektologik jihatlarini ham e’tiborga olish muhimligi yorqin misollar asosida ko‘rsatib berilgan;
sohaviy leksik birliklarning shakllanishida, xususan, ularning motivlarini belgilashda sub’ektning ruhiy-psixologik holatidan ko‘ra, uning lingvokul`turologik saviyasi muhim omil hisoblanishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Xorazm shevalari kasbiy leksikasi shakllanishining onomasiologik tamoyillari xususiyatlarini takomillashtirish asosida:
kasbiy leksik birliklarning tarkibiy qismi bo‘lgan kiyim-kechak nomlari (bo‘rk, po‘stin, gudari, tagdi, fo‘ta, sandal, bashbav, ro‘pak, chishvənt, qulaqchin, ləchək, payjama, jorrap, moza kävish, källäki, piltä, paraviz, mässi, paranji, shalvar kabi)ning ma’noviy va uslubiy xususiyatlari, leksikografik izohlari Abdulla Qahhor uy muzeyida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligining 01-11-08-4640-son ma’lumotnomasi). Natijada lug‘aviy birliklarning ma’nolari ortgan, izohlari to‘ldirilgan;
Xorazm shevalariga mansub bo‘lgan 30 ga yaqin kasbiy leksik birliklar idish (kosa, idish), kүb // kүp, kosib, tabbox (oshpaz), tabib, hulla, dehqon, bo‘rk, supra, ayaqchi, fo‘ta, sandal, tobadon, ultan, palos, asvob, nax, ton, bөrk, qalpaq, dәgdi, qaytaqi, guppi kabi)ning izohi hamda dalillovchi misollar Xiva «Ichan-Qal’a» davlat muzey-qo‘riqxonasiga qarashli amaliy san’at, xalq hunarmandchiligi, tarix muzeylaridagi eksponatlarning mazmunini sharhlashda, shuningdek muzey fondida saqlanayotgan eksponatlarning ilmiy pasportini yozishda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligining 01-11-08-4640-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijaning amaliyotga tatbiq etilishi ushbu leksik birliklaring mazmun-mohiyatini yoritishda qulay ifoda vositasi sifatida xizmat qilgan;
Xorazm shevalari kasbiy leksikasi shakllanishi yuzasidan asoslangan nazariy xulosalar, mumtoz adabiy asarlarda qo‘llanilgan bir qancha kasbiy leksik birliklar (ultan, bөrk, pushtikor, fo‘ta, həddad, xəbbaz, ziroat, səndəl, yig‘och, yo‘rg‘achi, kadu, kanor, kaz, palos, asvob, nax kabi)ning etimologiyasi, leksik-semantik, uslubiy xususiyatlari va ularni dalillovchi materiallar «Navoiy asarlari lug‘ati»ni yaratishda foydalanilgan (Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining FTK-0313/404-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar asosida lug‘aviy birliklarning ma’nolari boyigan, izohlari mukammallashgan;
«Xorazm vohasi kasbiy leksikasi shakllanishining ijtimoiy-lisoniy tahlili» hamda «Turkiy asosli kasbiy leksik birliklar» bandlarida ishlatilgan misollardan F1-FA-0-55746 «Markaziy Osiyo xalqlari adabiy qo‘lyozma yodgorliklarini tadqiq etish. O‘zbekiston shoir va yozuvchilari arxivini to‘plash va ularni ilmiy tavsiflab nashrga tayyorlash» (2012–2016) nomli fundamental loyihasi doirasida nashr etilgan «To‘tinoma», «Qush tili» tipidagi asarlaring qiyosiy-tipologik va tekstologik tadqiqi» nomli monografiyasida foydalanilgan. Ilmiy natijalar asosida lug‘aviy birliklarning uslubiy xususiyatlari hamda tarixiy-etimologik tavsifi mukammallashgan.