Bakirov Baxtiyarning
doktorlik dissertatsiyasihimoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi):«Sigirlarda oqsil-uglevod-lipid almashinuvining buzilishi va jigar distrofiyasi», 16.00.01–hayvonlar diagnostikasi, terapiyasi va xirurgiyasi (veterinariya fanlari).
Talabgorning ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat olib borishga layoqati bo‘yicha test sinovidan o‘tgani haqida ma’lumot: /veterinariya fanlari nomzodi/.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: №30.09.2014/B2014.5.V.19.
Ilmiy maslahatchining F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Norboev Kurbon Norboevich, veterinariya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand qishloq xo‘jalik instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Samarqand qishloq xo‘jalik instituti va Chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti, 14.07.2016.Qx/V.25.01.
Rasmiy opponentlar: Elmurodov Bozorboy Axtamovich, veterinariya fanlari doktori; Aralov Nematilla Ravshanovich, tibbiyot fanlari doktori; Il`yasov Aziz Saidmurodovich, biologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot nomi: Buxoro tibbiyot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: respublikaning turli geoekologik sharoitlaridagi sigirlarda hayvon yoshi, laktatsiya davrlari va ratsion tiplariga bog‘liq holdagi oqsil-uglevod-lipid almashinuvining buzilishi va jigar distrofiyasining erta tashxislash, davolash hamda guruhli oldini olish usullarini ishlab chiqish va takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor respublikaning uch geoekologik hududi (adekvat, ekstremal va keskin ekstremal) sharoitidagi g‘unojin va sigirlarda oqsillar, uglevodlar va lipidlar almashinuvi darajasining kartogrammalari ishlab chiqilgan;
sigirlarda oqsil-uglevod-lipid almashinuvi buzilishlarining jigar distrofiyasi bilan etiopatogenetik bog‘liqligi va sabablari aniqlangan;
sigirlarda oqsil-uglevod-lipid almashinuvining buzilishi va jigar distrofiyasining maxsus gepatoklinik hamda maxsus gepatobiokimyoviy o‘zgarishlarga asoslangan ertachi tashxis testlari ishlab chiqilgan;
sigirlarda oqsil-uglevod-lipid almashinuvining buzilishi va jigar distrofiyasiga qarshi samarali davolash-profilaktik majmua sifatida tarkibi asosan mahalliy vositalardan tashkil topgan, oson tayyorlanadigan, arzon, ekologik toza, ishlatilishi qulay va organizm uchun zararsiz hisoblangan «Ul`traketost» oqsilli-vitaminli-mineralli oziqa aralashmasi, «Gepastimulin» to‘qima preparati va «Fexoselen» murtak ekstrakti yaratilgan;
sigirlarda oqsil-uglevod-lipid almashinuvining buzilishi va jigar distrofiyasining yangidan yaratilgan davolash-profilaktik majmuani qo‘llashga asoslangan va yuqori samaradorlikni ta’minlaydigan guruhli oldini olish usuli ishlab chiqilgan;
sigirlarda oqsil-uglevod-lipid almashinuvining buzilishi va jigar distrofiyasi bilan o‘tadigan oshqozon oldi bo‘limlari gipo- va atoniyasi, alimentar distrofiya, ketoz, alimentar osteodistrofiya va gepatodistrofiya kasalliklarini davolash usullari takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Sigirlarda oqsil-uglevod-lipid almashinuvining buzilishi va jigar distrofiyasi bo‘yicha olingan ilmiy-tadqiqot natijalari asosida:
«Mahsuldor qoramollarda metabolizm buzilishlari va jigar distrofiyasining oldini olish bo‘yicha tavsiyalar» ishlab chiqilgan (Davlat veterinariya Bosh boshqarmasining 10.5.09.2016 y., 48/4-1381-son ma’lumotnomasi). Bunda sigirlarda oqsil-uglevod-lipid almashinuvining buzilishi va jigar distrofiyasining ertachi tashxisi, davolash va oldini olish bo‘yicha qoramolchilik fermer xo‘jaliklariga qo‘llanma sifatida tavsiya etilgan;
sigirlarda oqsil-uglevod-lipid almashinuvining buzilishi va jigar distrofiyasini «Ul`traketost» oqsilli-vitaminli-mineralli oziqa aralashmasi, «Gepastimulin» to‘qima preparati va «Fexoselen» murtak ekstraktidan iborat davolash-profilaktik majmuani qo‘llashga asoslangan davolash hamda guruhli oldini olish usullari Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumani, Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ va Nishon tumanlari, Buxoro viloyatining Kogon tumani chorvachilik fermer xo‘jaliklarida jami 310 bosh sigirda joriy qilingan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 16.09.2016 y., 05/09-117-son ma’lumotnomasi). Bunda sigirlarning o‘rtacha tana vazni 15,0–15,5 foiz, sut mahsuldorligi 7,0–7,1 foiz, pushtdorligi 8–10 foiz, yangi tug‘ilgan buzoqlar o‘rtacha tirik vazni 8,0–8,4 foizga oshgan hamda jigarning distrofiya bilan zararlanish darajasi 10–11 foizga kamaygan, iqtisodiy samara har bosh sigir hisobiga yiliga o‘rtacha 410,0–410,8 ming so‘mni tashkil etgan.