Sayt test rejimida ishlamoqda

Yangi O‘zbekistonni baro etish jarayonida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, salomatligini muhofaza qilish, intilish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularga munosib mehnat va yashash sharoitlarini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zero, yurtboshimiz ta’kidlaganidek, “Ayoli e’zozlangan yurt qudratli bo‘ladi”. Bu yurtning ayollari doim e’zozdadirlar.

Mamlakatimizda ayolga bo‘lgan munosabat o‘z tarixiy ildizlariga ega. Ajdodlarimiz doimo ayollarni qadrlashga, ularga nisbatan hurmat va izzatda bo‘lishga da’vat etishgan. Milliy tafakkur har bir xalqda ko‘p asrlar mobaynida shakllanadi, uning eng muhim komponentlaridan biri esa  ayollarning oila va jamiyatdagi roli, yosh avlodni tarbiyalash masalalari hisoblanadi. Xususan, XX asr boshlarida milliy ma’rifatparvarlarimiz xotin-qizlarning o‘qimishli, ilmli, madaniyatli, o‘z jamiyati uchun zarur va foydali insonlar bo‘lib etishishlariga o‘z munosabatlarini  bildirganlar. Abdulla Avloniy: “Qizlar bilim olishga hammadan ko‘proq intilishlari lozim, zero, bu bilimlar bilan ular kelajak avlodni tarbiyalaydilar”, - deb yozgan edi. Darhaqiqat, bu masalani hal etmasdan taraqqiyotni tasavvur etish qiyin. Zero, rivojlangan jamiyatlarda madaniyatlilik darajasi xotin-qizlarga bo‘lgan munosabat va ular uchun yaratilgan imkoniyatlarga qarab belgilanadi. Bu esa milliy an’analarga va shu bilan birga umumbashariy qadriyatlarga asoslangan bo‘lmog‘i darkor.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan “Taraqqiyot maqsadlaridagi fan, texnika va innovatsiyalar” to‘g‘risidagi rezolyusiyada ushbu sohalarda gender tenglikni ta’minlash masalasi ko‘tarilgan bo‘lib, butun dunyoda xotin-qizlarning fan, texnika va innovatsion yutuqlardan teng va to‘laqonli foydalanishlariga imkoniyatlar yaratilishiga chaqirilgan. BMT qaroriga ko‘ra, 2016 yildan boshlab har yili 11 fevral` “Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar xalqaro kuni” sifatida nishonlanadi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad ayollarning ilm-fandagi salohiyatiga e’tibor qaratish va qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Yangi O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini, gender tenglikni ta’minlash, oila, onalik va bolalikni himoya qilish, ayollar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, ular uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha davlat siyosati yangi bosqichga ko‘tarildi. Bu borada, jumladan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2018 yil 2 fevraldagi PF-5325-son farmoni hamda «Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 2019 yil 7 martdagi PQ-4235-son qarorining qabul qilinganligi buning yorqin ifodasidir. Mazkur huquqiy hujjatlar  xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning turli soha va tarmoqlarda o‘z qobiliyat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun shart-sharoit yaratish, huquq va qonuniy manfaatlariga so‘zsiz rioya qilinishini ta’minlash, onalik va bolalikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, oila institutini mustahkamlashga xizmat qiladi. Oliy ta’lim muassasalarida 2020-2021 o‘quv yilida xotin-qizlarga 4 foizli qo‘shimcha davlat grantlarining ajratilganligi  ularga berilgan yana bir imkoniyat va imtiyozdir.

Bugun mamlakatimizda ayollar iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida o‘z iqtidor va imkoniyatlarini namoyon qilmoqdalar.  Xotin-qizlarni yangicha yondashuv, yangicha g‘oya va tashabbuslar bilan chiqishlariga ko‘mak berish davr talabiga  aylanmoqda.  Respublikada amalga oshirilayotgan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasidagi loyihalarda xotin-qizlarning faol ishtirok etayotganligi ham e’tiborga molik. Olima ayollar tomonidan bajarilayotgan ilmiy tadqiqotlar, sanoat, qishloq xo‘jaligi, ijtimoiy-ma’rifiy va madaniy sohalarning rivojiga munosib hissa bo‘lib qo‘shilmoqda. Zero, mamlakatimiz iqtisodiyotining yuksalishi ilm-fan rivojiga bog‘liq. Bu esa o‘z navbatida ilm-fan sohasida izlanishlar olib borayotgan xotin-qizlar zimmasiga ham alohida mas’uliyat yuklaydi.

2018 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan “O‘zbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi” tanlovi diqqatga sazovor. Unda o‘z texnik loyihalari, ratsionalizatorlik takliflari, innovatsion ishlanmalarini amaliyotga joriy etish istagida bo‘lgan olimalar, doktorantlar, iste’dodli talaba va o‘quvchi qizlar, ixtirochilar, ratsionalizatorlar, muhandis konstruktor, dasturchi, tadbirkor ayollar ishtirok etib keladilar. Loyihalar ichidan 100 ta eng munosibi tanlab olinib, ularning mualliflari tanlov g‘olibi sifatida e’tirof etiladi. Ilm-fan sohasida ayollarning o‘rnini yanada oshirish uchun “Olima ayollar grantlari” tanlovini e’lon qilinishi ham ularni qo‘llab-quvvatlashda muhim bo‘lib, respublikamizda xotin-qizlarni ilm-fanga keng jalb qilish, fan-ta’lim va iqtisodiyotning turli tarmoq va sohalarida ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlarning yangi g‘oya va ishlanmalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga xizmat qiladi. So‘nggi uch yilda fan doktori (DSc) ilmiy darajasida tasdiqlanganlarning 32 foizini, falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasida tasdiqlanganlarning 37 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda.

Yosh olimalarni turli fan sohalarida o‘z intellektual salohiyatlarini namoyish etishlarida oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni maqsadli tayyorlovchi tayanch doktorantura va doktorantura katta ahamiyat kasb etmoqda. Bugungi kunda respublikada mavjud oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim institutlari ilmiy salohiyatni yuksaltirish, ta’lim samaradorligini oshirish hamda ilmiy va ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlashni yanada takomillashtirishga xizmat qilmoqda.

2020 yil yurtimizda “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb e’lon qilinishi olimlarimiz faoliyatini  jadallashtirdi. COVID-19  pandemiyasi davridagi karantin  sharoitida dissertatsiya himoyalarining onlayn shaklda yo‘lga qo‘yilishi  yosh olimlarni o‘z vaqtida  himoyaga chiqishiga imkoniyat yaratdi. Ayniqsa, muddatidan ilgari himoyaga chiqayotganlarning ko‘pligi tahsinga sazovor. Etti nafar yosh olimalarimiz  oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim institutlarida ta’lim olayotgan davrida dissertatsiyalari himoyalarini muvaffaqiyatli amalga oshirib, ilmiy darajalarga ega bo‘ldilar.

Abdullaeva Moxira Zaxidjanovna – O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tayanch doktoranti, Imom al-Buxoriy nomidagi Davlat stipendianti. Uning tadqiqoti kiber-makon va islom bilan bog‘liq diniy-ma’naviy jarayonlarga bag‘ishlangan bo‘lib, jumladan, yosh olima diniylik tamoyillarining konvergensiyasi xususiyatlarini ilmiy asoslab bergan. Olima tomonidan onlayn muhitning yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sirining oldini olish va “kibergigiena” madaniyatini shakllantirish va rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy-amaliy tavsiyalar e’tiborga loyiq.

Abdumalikova Feruza Baxtiyarovna – Toshkent tibbiyot akademiyasining tayanch doktoranti. «Bemorlarning asosiy davoga tarafdorlik darajasini xavotir-depressiv holatlarning yaqqollik prediktorlariga bog‘liqlikda o‘rganish» mavzusidagi dissertatsiyasida yurak ishemik kasalligi (zo‘riqish stenokardiyasi) bo‘lgan bemorlarning davo jarayoniga moyilliklarining psixosotsial jihatlari baholangan  va uni oshirish usullari ishlab chiqilgan. Bu esa o‘z navbatida Respublikada sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish chora-tadbirlarini amalga oshirish doirasida aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishning zamonaviy tizimini shakllantirish borasidagi muayyan ko‘rsatkichdir.

Ruzmatova Dilfuza Mirzabaevna – Respublika ixtisos-lashgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tayanch doktoranti. Uning tadqiqotida ilk marotaba ko‘rsatkichlari va bashoratlashni asoslaydigan ustuvor salomatlik determinantlari (ekologik va tibbiy-biologik omillari, shu jumladan kech va asoratli homiladorlik, yaqin qarindoshlik nikohi va irsiy moyillik) aniqlandi, bolalarda kasallikning og‘irlik darajasini (yurak etishmovchiligi, yurak bo‘shliqlarida tromboemboliya) aniqlash va tashxislash taktikasini tanlash imkonini beruvchi matematik dastur taqdim etildi.

Savrieva Dilafruz Doutovna – Fanlar akademiyasi Umumiy va noorganik kimyo instituti tayanch doktoranti. Uning  tadqiqoti mahalliy Angren ko‘mirlari asosida gliserinni tozalash uchun uglerodli adsorbentlar olish va ularni qo‘llash texnologiyasini takomillashtirishga bag‘ishlanganligi bilan ahamiyatga molik. Ishda ko‘mirning kul miqdorini 1,3 marta kamaytiruvchi boyitishning bo‘ktirish usuli ishlab chiqilgan.

Abdullaeva Mashxura Ikromjonovna – Toshkent tibbiyot akademiyasining tibbiy va biologik kimyo kafedrasi tayanch doktoranti. Uning tadqiqoti etanol bilan zaharlanish sharoitida bosh miya neyromediator faoliyati buzilishlarining ba’zi mexanizmlarini aniqlash va ularni o‘simlik preparatlari bilan korreksiyalashga bag‘ishlangan. Chunonchi,  surunkali alkogol` intoksikatsiyasi modelida bosh miya va jigarda giperlipoperoksidatsiyani hamda jigar shikastlanishi sindromlarini korreksiyalashda proantatsianidinning samaradorligi isbotlangan.

Atabaeva Nargis Batirovna – Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining tayanch doktoranti. Uning  tadqiqoti o‘smir va ilk o‘spirinlarda al`truizm motivatsiyasiga asoslangan xulq-atvorning psixologik omillarini o‘rganish asosida uni rivojlantirishning amaliy imkoniyatlarini oshirishga qaratilgan. Bu esa zamonaviy o‘zbek pedagogikasidagi yutuqlardan biridir.

Rajabova Sadoqat Yusufovna - Toshkent davlat pedagogika universiteti tayanch doktoranti.  “Bo‘lajak kasb ta’limi o‘qituvchilarining konstruktorlik-texnologik kompetentligini rivojlantirish metodikasi”  mavzusidagi dissertatsiyasida, jumladan bo‘lajak kasb ta’limi o‘qituvchilarining kasbiy faoliyatga tayyorlashning funksional imkoniyatlari takomillashtirilgan hamda innovatsion xarakterli ijodiy loyiha, for-eskiz, kombinatorika, dekonstruksiya, andozani gradatsiyalash, eskizni stilizatsiyalash va transformatsiyalash topshiriqlarini bajarish bosqichlari kasbiy ehtiyojlar va ish beruvchi talablarini maksimal qanoatlantirishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqilgan.

Men singillarimni yoshlar kunida oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim institutlarini o‘z muddatida tamomlab, dissertatsiya himoyalari asosida ularga ilmiy darajalar berilishi bilan  samimiy qutlayman. Zero, olima ayollarimizning safi kengayib borayotgani, fan cho‘qqilarini ham zabt etayotganligi, Vatanimizning ta’lim va ilm-fan sohasi rivojiga salmoqli hissa qo‘shayotganligi barchamizni quvontiradi. Albatta, bularning barchasi mamlakatimizda yoshlar ta’lim-tarbiyasiga berilayotgan yuksak e’tibor, ilm-fan sohasiga yaratilgan shart-sharoit va keng imkoniyatlar samarasidir.  Ilm-fan ravnaqi, yurt kelajagi uchun tinim bilmay ilmiy izlanishlar qilayotgan, o‘z izlanishlari bilan hissa qo‘shayotgan yosh olimalarni  yanada yuqori marralar kutmoqda.

Mustafaeva Nodira Abdullaevna
tarix fanlari doktori

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish