Xamdamov Shavkat Komilovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Fuqarolar yoshiga doir pensiya ta’minotining tashkiliy-iqtisodiy asoslarini takomillashtirish», 08.00.07 – Moliya, pul muomalasi va kredit (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Iqt504.
Ilmiy rahbar: Jumaev Nodir Xosiyatovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent moliya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent moliya instituti, DSc.03/30.12.2019.I.17.01.
Rasmiy opponentlar: Isakov Janabay Yakipbaevich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Islamkulov Alimnazar Xudjamuratovich, iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot:O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekistonda yoshga doir pensiya ta’minotining tashkiliy va iqtisodiy asoslarini takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
fuqarolar yoshiga doir pensiya ta’minotidagi risklarini baholash asosida amaldagi pensiya tizimini isloh etishning maqbul variantlari, xususan, ko‘p darajali pensiya ta’minotini shakllantirish, pensiya yoshini sug‘urtalangan ish stajiga muvofiq belgilagan holda tabaqalashtirish taklif etilgan;
fuqarolarning pensiya ta’minoti tizimida uzluksiz va uzoq muddatli ishtirokini rag‘batlantirish, ish staji davomiyligi va ish haqi miqdorlariga nisbatan pensiya miqdorlarini oshirish va minimal talab etiladigan ish stajini bosqichma-bosqich 15 yilga etkazish taklif etilgan;
imtiyozli shartlardagi pensiyalarni tayinlashda umumbelgilangan stajga ega bo‘lgan ayollar uchun pensiya yoshidan bir yil oldin pensiya ta’minoti huquqini berishni bekor qilish, uning o‘rniga uch yoshgacha farzand tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lgan ayollar mehnat stajlariga ushbu davrlarni ham hisobga olish, shuningdek, yoshidan qat’iy nazar imtiyozli shartlardagi pensiyalarga belgilangan ustamalarni xususiy pensiya tizimini shakllantirish orqali moliyalashtirish taklif etilgan;
pensiya jamg‘armasining balansliligini ta’minlash maqsadida yagona soliq to‘lovi ajratmalari o‘rniga davlat byudjetidan transfert ajratish zarurligi asoslangan;
Pensiya jamg‘armasining moliyaviy barqarorligini ta’minlash maqsadida yagona ijtimoiy to‘lov (ijtimoiy soliq) bo‘yicha imtiyozlarni qayta ko‘rib chiqish nuqtai nazaridan harbiy va bojxona sohalariga tegishli qayd etilgan xizmatni o‘tash munosabati bilan olgan pul ta’minoti, pul mukofatlari va boshqa to‘lovlar summalari bo‘yicha imtiyozlarni bekor qilish taklif etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Fuqarolar yoshiga doir pensiya ta’minotining tashkiliy va moliyaviy-iqtisodiy asoslarini takomillashtirish borasida olingan ilmiy natijalar asosida:
pensiya tizimi risklarini baholash, buning asosida amaldagi pensiya tizimini qayta ko‘rib chiqishni tashkil etish va uni isloh qilishning salohiyatli variantlarini aniqlash haqidagi taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 yanvardagi PF-5614-son “Iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va iqtisodiy siyosat samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining 2019 yil 14 oktyabrdagi 30-03-39/1363-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida davlat pensiya ta’minoti tizimida demografik, moliyaviy-ekvivalentlilik va sug‘urta badallarini o‘zaro paritetlilik risklari baholangan holda davlat pensiya ta’minoti tizimini istiqbolli rejalarini ishlab chiqishga imkoniyat yaratgan;
fuqarolar yoshiga doir pensiya ta’minoti tizimida imtiyozli shartlardagi pensiyalarni tayinlashda imtiyozlarni optimallashtirish zarurligi to‘g‘risidagi taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining 2018 yil 16 sentyabrdagi 16118-xx-son “Pensiya ta’minoti tizimini kompleks o‘rganish, uni rivojlantirish bo‘yicha takliflar tayyorlash va 2019-2030 yillarda davlat pensiya tizimini isloh qilish Konsepsiyasini ishlab chiqish chora-tadbirlari Dasturi”da o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining 2019 yil 14 oktyabrdagi 30-03-39/1363-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida pensiya ta’minoti tizimining o‘rtacha yillik 45,6 mlrd. so‘mlik xarajatlari iqtisod qilinishiga erishilgan va fuqarolarning pensiya miqdorlarini oshirilishini ta’minlagan;
fuqarolarning pensiya ta’minoti tizimida uzluksiz va uzoq muddatli ishtirokini rag‘batlantirish, mehnat staji davomiyligi va ish haqi miqdorlariga nisbatan pensiya miqdorlarini oshirish haqidagi taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining 2018 yil 16 sentyabrdagi 16118-xx-son “Pensiya ta’minoti tizimini kompleks o‘rganish, uni rivojlantirish bo‘yicha takliflar tayyorlash va 2019-2030 yillarda davlat pensiya tizimini isloh qilish Konsepsiyasini ishlab chiqish chora-tadbirlari Dasturi”da o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining 2019 yil 14 oktyabrdagi 30-03-39/1363-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida fuqarolarga yoshiga doir pensiya ta’minotini tashkiliy-iqtisodiy asoslarini takomillashtirish imkonini yaratishi bilan birga o‘rtacha yillik 225,5 mlrd. so‘mlik iqtisod qilinishiga erishilgan;
Pensiya jamg‘armasining moliyaviy barqarorligini ta’minlash maqsadida yagona soliq to‘lovidan ajratmalar o‘rniga davlat byudjetidan transfert ajratish taklifi O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 9 dekabrdagi O‘RQ-589-son “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonuninida o‘z aksini topdi (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2019 yil 25 noyabrdagi 06/04-02-01-34/3645-son ma’lumotnomasi). Natijada 2020 yilda Pensiya jamg‘armasiga 8,0 trln. so‘m transfert ajratilishi belgilanib, Jamg‘armaning moliyaviy barqarorligiga erishilgan;
O‘zbekiston Respublikasi mudofaa, ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar vazirliklarining, milliy xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilari, ichki ishlar organlari hamda bojxona organlarining oddiy xizmatchilari va boshliqlari tarkibiga kiruvchi shaxslarning olgan pul ta’minoti, pul mukofotlari va boshqa to‘lovlar summalari bo‘yicha imtiyozlarni bekor qilish taklifi O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 24 dekabrdagi O‘RQ-508-son “Soliq va byudjet siyosatining 2019 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2019 yil 25 noyabrdagi 06/04-02-01-34/3645-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amaliyotga joriy qilinishi natijasida yagona ijtimoiy to‘lovi bo‘yicha qo‘shimcha 1800 mlrd. so‘mdan ortiq tushum ta’minlangan.