Xaytmuratov Arslanbek Fayzullaevichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekistonning janubiy va markaziy hududlari yaylov o‘simliklarining zararli entomofaunasi hamda ularga qarshi kurash tizimini yaratish”, 06.01.09–O‘simliklarni himoya qilish (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.DSc/Qx106.
Ilmiy maslahatchi: Gapparov Furkat Axatovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘simliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.27.06.2017.Qx.13.01.
Rasmiy opponentlar: Xodjaev Shamil` Tursunovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Anorbaev Azimjon Raimqulovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Boboqulov Nasillo Asadovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekistonning janubiy va markaziy hududlari (Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Navoiy, Jizzax viloyatlari) yaylov o‘simliklarining zararli entomofaunasining turlar tarkibini, tarqalish arealini, dominant turlarning bioekologik xususiyatlarini o‘rganish asosida zararkunandalarga qarshi ekologik xavfsiz mikrobiologik va istiqbolli kimyoviy preparatlarni qo‘llab, samarali kurash usul va vositalar majmuini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor O‘zbekistonning janubiy va markaziy hududlarida yaylov o‘simliklari bilan oziqlanadigan hasharotlarning: to‘g‘riqanotlilar turkumining 5 ta oilasiga mansub 37 turi; teng qanotlilar turkumining 2 ta oilasiga mansub 7 turi; yarimqattiq qanotlilar turkumining 2 ta oilasiga mansub 6 turi; qattiq qanotlilar turkumining 8 ta oilasiga mansub 53 turi; tangachaqanotlilar turkumining 11 ta oilasiga mansub 34 turi; quloqkavlagichlar va termitlar turkumlaridan 2 ta oilasiga mansub 2 tadan tur, jami hasharotlar sinfiga mansub 7 ta turkumning 30 ta oilasiga mansub, jami 141 turi aniqlangan;
yaylov o‘simliklarida hasharotlarning yigirmadan ortiq turi dominant ekanligi aniqlanib, ularning bioekologiyasi o‘rganilgan va rivojlanishining fenologik kalendari tuzilgan;
entomofaglarning hamda tashkiliy-xo‘jalik va agrotexnik tadbirlarning zararkunandalar populyasiyasi sonini kamaytirishi aniqlangan;
yaylov zararkunandalariga qarshi ekologik xavfsiz mikrobiologik Metarhizium zamburug‘i asosidagi biopreparatlarning biologik samaradorliklari aniqlangan;
yaylov zararkunandalariga qarshi turli kimyoviy guruhga mansub yangi zamonaviy insektisidlarning biologik va xo‘jalik samaradorligi ilmiy asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekistonning janubiy va markaziy hududlari yaylov o‘simliklarining zararli entomofaunasi hamda ularga qarshi kurash tizimini yaratish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlarning natijalari asosida:
O‘zbekistoning janubiy va markaziy hududlarida yaylov o‘simliklari bilan oziqlanadigan hasharotlarga mansub 7 ta turkumning 30 ta oilasiga xos 141 turi aniqlangan va ularning 95 ta turi efemer–efemeroidli, 137 ta turi chala buta–efemerli, 53 ta turi butali-o‘tli yaylovlarda tarqalganligi to‘g‘risida ma’lumotlar to‘plangan (O‘zRFAning 2019 yil 24 sentyabrdagi 4/1255-2539-son ma’lumotnomasi). Natijada hasharotlarning 6 turkum 20 ta oila 73 turga mansub 103 nusxasi zoologiya kolleksiyasiga topshirilgan.
O‘zbekistoning janubiy va markaziy hududlarida yaylov o‘simliklarida uchraydigan zararli hasharotlarga qarshi turli kimyoviy guruhga mansub 14 ta insektisid va 1 ta mikrobiologik biopreparat “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligida o‘simlik zararkunandalari, kasalliklariga qarshi foydalanish uchun ruxsat etilgan kimyoviy va biologik himoya vositalari Ro‘yxati”ga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi kimyolashtirish va o‘simliklarni himoya qilish vositalari davlat komissiyasining 2019 yil 26 avgustdagi 2-5-192-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu ro‘yxatga kiritilgan vositalardan yaylov zararli hasharotlariga qarshi kurashda foydalanish uchun joriy qilingan;
yaylovlarda uchraydigan marokash chigirtkasi lichinkalariga qarshi Dalate plyus (0,075-0,125 l/ga), Fipronil ekstra (0,03-0,04 l/ga), Adonis gold (0,03-0,04 l/ga), Veftnor (0,05 l/ga), Killer super (0,0375-0,0625 l/ga), katta saksovul bukri chigirtkasiga qarshi Kreyser (0,05-0,1 l/ga), Videltametrin (0,1-0,125l/ga); Turon va italiya zararli chigirtkalarning lichinkalariga qarshi Imidashans plyus (0,1-0,15l/ga), Imidashans (0,07-0,1 l/ga), Neokloprid ekstra (0,025-0,04 l/ga), Fasshans (0,1-0,2 l/ga) sarf-me’yorlarda Surxondaryo, Qashqadaryo, Samaraqand, Jizzax, Navoiy viloyatlari zararli entomofaunasiga qarshi 827 710 gektardan ortiq maydonda joriy etilgan (“O‘zagrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyatining 2019 yil 11 - sentyabrdagi 02-13/862-son ma’lumotnomasi). Natijada chorva ozuqasi bo‘lgan yaylov o‘simliklaridan 784-854 kg quruq pichan hosilini saqlab qolishga erishilgan;
Surxondaryo, Qashqadaryo, Samaraqand, Jizzax, Navoiy viloyatlarida erta bahorgi yaylov o‘simliklari zararkunandalaridan kravchik qo‘ng‘izlariga qarshi: Karache super (0,04-0,06 l/ga), Dalate plyus (0,075- 0,125 l/ga); shuvoq bargxo‘ri qurtlariga qarshi: Dalprid (0,1-0,15 l/ga), Entolucho (0,1-0,15 l/ga), Killer super (0,05-0,07 l/ga); qushqo‘nmas o‘t kapalagi qurtlariga qarshi: Videltametrin (0,15-0,2 l/ga), shuvoq tunlami qurtlariga qarshi - Killer super (0,1-0,15 l/ga), saksovul shirasiga qarshi esa Neokloprid ekstra (0,075-0,1 l/ga) joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 6 sentyabrdagi 02/025-2171-son ma’lumotnomasi). Natijada yaylovlardan gektaridan o‘rtacha 638,4-698,4 ming so‘m foyda olinib, 800-2078% gacha rentabellikka erishilgan.