Abdullaev Abror Bozarboevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Soliq to‘lovlari hisobi va tahlilini takomillashtirish», 08.00.08–Buxgalteriya hisobi, iqtisodiy tahlil va audit (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Iqt513.
Ilmiy rahbar: Kurbanov Ziyat Niyazovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent moliya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent moliya instituti, DSc.27.06.2017.I.17.01.
Rasmiy opponentlar: Karimov Ne’matulla Fatxullaevich, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent; Ilxamov Shavkat Islamovich, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Soliq to‘lovlari hisobi va tahlilini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning hisob siyosatini shakllantirishda soliq xarajatlarini kiritish va soliq xarajatlarini tasniflash orqali ularning alohida moddalar bo‘yicha buxgalteriya hisobini tashkil etish taklif etilgan;
tadbirkorlik sub’ektlariga berilgan soliq imtiyozlarini alohida schyotlarda aks ettirish va ishchi schyotlar rejasiga 8850-«Muddati tugagan coliq imtiyozlari» nomli schyotni kiritish asosida soliq imtiyozlarining buxgalteriya hisobini takomillashtirish taklif etilgan;
o‘zaro hisob-kitoblar tizimida elektron schyot-fakturaga bosqichma-bosqich o‘tish asosida qo‘shilgan qiymat solig‘i hisobini raqamli iqtisodiyot talablariga moslashtirish taklif etilgan;
tadbirkorlik faoliyati doirasida foydalaniladigan ko‘chmas mulk xarid qilinganda yoki ustav kapitaliga ulush sifatida olinganda qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha «hisobga olinadigan soliq summasi»ni buxgalteriya hisobida aks ettirish uchun ishchi schyotlar rejasiga 0970-«Qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha hisobga olinadigan soliq summasi - uzoq muddatli qismi» va 3230-«Qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha kechiktirilgan joriy qismi» nomli schyotlarni kiritish taklif etilgan;
xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda soliq to‘lovlari tahlilining bosqichlari ishlab chiqilgan va soliq turlari bo‘yicha tahlil metodikasi takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Soliq to‘lovlari hisobi va tahlilini takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar asosida:
Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning hisob siyosatini shakllantirishda «soliq xarajatlari» moddasini kiritish, ishchi schyotlar rejasida «Soliqlar bo‘yicha jarima va penyalar» nomli schyot ochish va vaqtinchalik farqlarni buxgalteriya hisobi schyotlarida aks ettirish bo‘yicha takliflari «O‘zneftgazqazibchiqarish» AJga qarashli korxonalar hisob siyosatini ishlab chiqishda foydalanilgan («O‘zneftgazqazibchiqarish» AJning 2019 yil    5 sentyabrdagi 06/RSh-2012-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifni amaliyotga joriy qilinishi soliq xarajatlari tarkibi asosida buxgalteriya hisobini tashkil etishni, xarajatlarni to‘g‘ri hisobga olishni, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning moliyaviy natijalari aniqligini hamda soliqlarni hisoblashning ob’ektivligini ta’minlagan hamda ishlab chiqilayotgan mahsulot tannarxi va moliyaviy natijalarni to‘g‘ri hisoblash, foyda solig‘i hisobini tashkil qilish, foyda va qo‘shilgan qiymat soliqlari bo‘yicha soliqqa tortish bazasini aniqlash hamda bu soliqlarni hisoblashda soliq va buxgalteriya hisobi ma’lumotlarini bir-biriga mos kelishligini ta’minlash imkonini bergan.
Elektron schyot-fakturani tegishli me’yoriy-huquqiy hujjatlar bilan mustahkamlab qo‘yish hamda unga bosqichma-bosqich o‘tish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 25 iyundagi «O‘zaro hisob-kitoblar tizimida elektron shakldagi hisobvaraq-fakturalardan foydalanishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 522-sonli qarorida o‘z aksini topgan (Davlat soliq qo‘mitasining 2019 yil 3 iyuldagi 14-19446-son ma’lumotnomasi). Natijada, soliq to‘lovlarini hisoblash aniqligi ta’minlanib, soliqlar hisobi axborot ta’minotini yaxshilash imkoniyati yaratilgan. Tovar etkazib beruvchilar va xaridorlar o‘rtasidagi hisob-kitob munosabatlari tezlashadi hamda pul mablag‘larining bankdagi hisobvaraqlarga kelib tushish vaqti qisqaradi. Bu esa o‘z o‘rnida, davlat byudjetiga foyda, QQS va boshqa soliqlar hajmini ko‘paytiradi hamda o‘z vaqtida tushishini ta’minlaydi. 
Qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblab chiqish va to‘lash tartibini buxgalteriya hisobi schyotlarida aks ettirish bo‘yicha takliflari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va «O‘zneftgazqazibchiqarish» AJ tomonidan qabul qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2019 yil 30 avgustdagi 06-17-01-35/670-3832-son va «O‘zneftgazqazibchiqarish» AJning 2019 yil 5 sentyabrdagi 06/RSh-2012-son ma’lumotnomalari). Natijada asosiy vositalar, ko‘chmas mulk va nomoddiy aktivlar sotib olinganda, ustav fondiga (ustav kapitaliga) hissa sifatida olinganda oluvchi tomonidan qo‘shilgan qiymat solig‘ining hisobga olinadigan summasini buxgalteriya hisobi schyotlarida aks ettirish bo‘yicha barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar uchun yagona uslubni yaratish imkonini bergan.
Foyda solig‘i bo‘yicha soliq imtiyozlarini buxgalteriya hisobida aks ettirish bo‘yicha taklifi «O‘zneftgazqazibchiqarish» AJ va unga qarashli korxonalarda analitik va sintetik hisobni tashkil etishda foydalanilgan («O‘zneftgazqazibchiqarish» AJning  2019 yil 5 sentyabrdagi 06/RSh-2012-son ma’lumotnomasi). Taklifni amaliyotga joriy qilinishi natijasida, tizimga qarashli korxonalarda soliqlar bo‘yicha berilgan imtiyozlardan samarali foydalanish ustidan nazorat va soliq imtiyozlaridan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha mas’uliyat oshishiga, shuningdek, soliq imtiyozlarining summalari buxgalteriya hisobida to‘g‘ri aks ettirilishi orqali 102,5 mln. so‘m penya va jarimalar summasi iqtisod qilinishiga erishilgan.
Foyda solig‘ini omilli tahlil qilish bo‘yicha ishlab chiqilgan metodika «O‘zneftgazqazibchiqarish» AJ va tizim korxonalarida foyda solig‘i bilan bog‘liq xarajatlarni kamaytirishga oid boshqaruv qarorlarini qabul qilishda foydalanilgan («O‘zneftgazqazibchiqarish» AJning 2019 yil 5 sentyabrdagi 06/RSh-2012-son ma’lumotnomasi). Ishlab chiqilgan metodikani amaliyotga joriy qilinishi foyda solig‘iga ta’sir etuvchi omillarni aniqlash asosida soliq xarajatlarini optimallashtirish bo‘yicha samarali boshqaruv qarorlarini qabul qilish imkoniyatini yaratgan.
Soliq to‘lovchilarga soliqni to‘lash muddati uzaytirilganda foizlar hisoblash hamda soliq majburiyatlarini bajarilishini ta’minlash usullari (garov, kafolat, bank kafilligi) bo‘yicha taklifi soliq qonunchiligini takomillashtirish maqsadida qabul qilingan (Davlat soliq qo‘mitasining 2019 yil 7 iyuldagi 14-19446-son ma’lumotnomasi). Natijada, soliq majburiyatlarini bajarishga qaratilgan me’yoriy-huquqiy hujjatlarni hamda muddati uzaytirilgan soliqlar va majburiy to‘lovlarni undirish bo‘yicha soliq ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirish imkoni yaratilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish