Mamadaliev Xusniddin Abdijalilovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Massa sarfi disbalansi sharoitlarida magistral gaz quvuri orqali gaz tashish rejimini tahlil qilishning model` va algoritmlari», 05.01.07–Matematik modellashtirish. Sonli usullar va dasturlar majmui (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/T60.
Ilmiy rahbar: Xo‘jaev Ismatulla Qo‘shaevich, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti huzuridagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ilmiy-innovatsion markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, DSc.27.06.2017.T.07.01.
Rasmiy opponentlar: Abduraximov Baxtiyor Fayzievich, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Malikov Zafar Mamatqulovich, texnika fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: quvurlarda massa disbalansining matematik modellari va ularga mos masalalarni echish usullarini ishlab chiqish va quvurdan gazning sizib chiqishi, tormozlanishi jarayonlari xususiyatlarini tadqiq etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk marotaba N.E.Jukovskiy qonuni bo‘yicha gaz sizib chiqishi tezligi va gaz sizib chiqayotgan tirqish yuzasi omillari hisobga olinib, magistral gaz quvuridan gaz yo‘qotishlarining takomillashgan matematik modeli taklif etilgan va unga mos masala shakllantirilib, echish algoritmi ishlab chiqilgan;
zichlanish va siyraklanish to‘lqinlarining gorizontal quvurda tarqalishi haqidagi N.E.Jukovskiy masalasi ishlab turgan gaz quvurida boshlang‘ich bosim tarqalishini hisobga olgan holda echilgan va jarayonning ishqalanish hamda inersiya kuchining lokal tashkil etuvchisi alohida va birgalikda ta’siriga bog‘liq xususiyatlarini aniqlovchi takomillashgan matematik model` yaratilgan;
impul`slar tarqalishi jarayonida xos sonlar diskret maydonida kvazirezonans holat bilan chegaralanuvchi parabolik va giperbolik tenglamalar echimlariga mos chastotalardagi qo‘zg‘alishlar sodir bo‘lishini aniqlovchi yagona hisob algoritmi ishlab chiqilgan;
izotermik rejimda quvur orqali gaz uzatishning barcha kuch omillarini hisobga oluvchi chiziqsiz tenglamalarini echishning iteratsion usuli ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Massa disbalansi sharoitida quvur faoliyatini tahlil qilishga doir ishlab chiqilgan va takomillashtirilgan matematik modellar, analitik echimlar va yaratilgan dasturiy ta’minot yordamida olingan ilmiy natijalar asosida:
magistral gaz quvuri chiziqli qismidan gaz sizib chiqishi va quvur qismining boshi va oxirida tormozlanish sababli paydo bo‘ladigan zichlanish hamda siyraklanish to‘lqinlari tarqalishi jarayonini tahlil qilish uchun ishlab chiqilgan algoritm asosida yaratilgan dasturiy vosita O‘zbekiston neft` va gaz sanoati ilmiy-muhandislar jamiyati tomonidan magistral gaz quvurlari gidravlik parametrlarini aniqlashga qabul qilingan (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2018 yil 4 dekabrdagi 33-8/9062-son, «O‘zbekneftegaz» AJning 2019 yil 13 iyundagi 02/12-1-120-son ma’lumotnomalari). Ilmiy ishlanmaning natijalaridan foydalanish gaz quvuri chiziqli qismidagi tirqishdan gaz chiqib ketishi va quvur oxirlarida gaz tormozlanishi tufayli hosil bo‘ladigan zichlanish to‘lqinlarining tarqalishi jarayonini tahlil etishda ish hajmini 9,5% ga qisqartirish imkonini bergan;
quvur chiziqli qismining bir yoki har ikkala oxirlari berkitilganda suyuqlik bosimi va massa sarfi o‘zgarishlarini hisoblash algoritmi «Zarafshon» magistral tizimi boshqarmasiga tatbiq etilgan (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2018 yil 4 dekabrdagi 33-8/9062-son ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqot natijasida diametr, qarshilik koeffisienti va qiyalikdan bog‘liq ravishda oqim gidravlik ko‘rsatkichlarini tezkor aniqlash, suyuqlik uzatishning muqobil rejimini aniqlash, kuch qurilmalarini boshqarish, dinamik rejimda faoliyat ko‘rsatayotgan tarmoqda kompressor stansiyalar qurilmalarini ishga tushirish va to‘xtatishga doir qaror qabul qilishda hisoblashlar hajmini 9,5% ga qisqartirish imkonini bergan;
gaz quvuri parametrlariga va iste’mol uchun tayyorlangan propan tovar gazi mahsulotiga kompressor mashinalari orqali berilayotgan dastlabki bosim qiymatiga bog‘liq holda kechadigan dinamik o‘zgarishlarni aks ettiruvchi hisoblash algoritmi va dasturiy vosita «AXMAN GOLD» MChJga tatbiq etilgan (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2018 yil 4 dekabrdagi 33-8/9062-son ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqot natijasida avtomobillarga yoqilg‘i quyish jarayonida propan bosimini tezkor aniqlash va turli davrlarda kompressorlardan optimal foydalanishga doir tavsiyalar ishlab chiqishda hisob ishlari hajmini 7–8% ga qisqartirish imkonini bergan.