Saidov Sanjar Shavkatovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Ijtimoiy kapital rivojida fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokini ta’minlash tendensiyalari», 23.00.02–Siyosiy institutlar, jarayonlar va texnologiyalar (siyosiy fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/Ss66.
Ilmiy rahbar: Jo‘raev Narzulla Qosimovich, siyosiy fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc29.08.2017.S.01.08.
Rasmiy opponentlar: Axmedov Xusniddin Alikulovich, siyosiy fanlar doktori; Xasanov Atabek Abdirashidovich, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: jamiyatimizda ijtimoiy kapital shakllanishining spesifik xususiyatlarini aniqlash hamda mustaqillik yillarida O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati qurilishi jarayonida ijtimoiy kapital rolini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ijtimoiy aloqalar, ijtimoiy normalar, ijtimoiy ishonch kabi omillarga tayanadigan ijtimoiy kapital fenomeni fuqarolik jamiyatining kognitiv negizini tashkil etishi bilan birga shaxsning ijtimoiylashuvida muhim indikator ekanligi asoslangan;
ijtimoiy kapitalning mamlakatimiz hayotida mustahkamlanib borishi jamiyatda huquqiy madaniyatning oshishiga, jamoatchilik nazorati kuchayishiga, vatanparvarlikning shakllanishiga (fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faollashuviga) sinergetik effekt sifatida ta’sir qilishi asoslangan;
xalqimizning milliy qadriyatlari, an’analari va mentalitetining o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, ijtimoiy kapital ustuvor darajada chuqur milliy, ma’naviy va diniy ildizlarga tayanishi ochib berilgan;
mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida fuqarolik jamiyati institutlari faoliyati «davlat+NNT, davlat+siyosiy partiya, davlat+fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamkorligi» formatida rivojlanib borayotgani ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Davlat va jamiyat hayotini modernizatsiya qilishda ijtimoiy kapital omili, fuqarolik jamiyati institutlarining ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi ishtirokini yanada oshirish borasida ishlab chiqilgan amaliy taklif va tadqiqot natijalari asosida:
ijtimoiy aloqalar, ijtimoiy normalar, ijtimoiy ishonch kabi omillarga tayanadigan ijtimoiy kapital fenomeni fuqarolik jamiyatining kognitiv negizini tashkil etishi bilan birga shaxsning ijtimoiylashuvida muhim indikator ekanligiga oid ilmiy xulosalardan «Taraqqiyot strategiyasi» markazining 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini ijtimoiy hayotimizga samarali tatbiq qilish borasidagi faoliyatida foydalanilgan («Taraqqiyot strategiyasi» markazining 2019 yil 11 apreldagi 477/19-son ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy xulosalar «Taraqqiyot strategiyasi» markazining dasturiy maqsad va ish rejalarini amalga oshirishda xizmat qilgan;
ijtimoiy kapitalning mamlakatimiz hayotida yanada mustahkamlanishi jamiyatda huquqiy madaniyatning oshishiga, jamoatchilik nazorati kuchayishiga, vatanparvarlikning shakllanishiga sinergetik effekt sifatida ta’sir qilishiga oid xulosa va takliflar O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining elektorat bilan olib borilayotgan ishlarni yanada kuchaytirishda foydalanilgan (O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashining 2018 yil 12 apreldagi 2-371-son ma’lumotnomasi). Natijada O‘zbekiston XDPning ijtimoiy-siyosiy va mafkuraviy ishlari samaradorligini oshirishga, partiya tomonidan fuqarolarni, ayniqsa yoshlarni ijtimoiy-siyosiy faolligini kuchaytirishga qaratilgan faoliyatiga ijobiy ta’sir etgan;
xalqimizning milliy qadriyatlari, an’analari va mentalitetining o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, ijtimoiy kapital g‘arb mamlakatlaridan farqli o‘laroq, moddiy asoslar bilan birga chuqur milliy, ma’naviy va diniy ildizlarga tayanishi borasidagi taklif va amaliy xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining targ‘ibot ishlari samaradorligini oshirish bo‘yicha faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2018 yil 29 martdagi 01.11.09.2110-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflar vazirlikning Madaniy-ma’rifiy muassasalar va nomoddiy madaniy merosni rivojlantirish sho‘’basi tomonidan o‘zbek xalqining boy milliy an’analari, nomoddiy madaniy meros, milliy o‘zlikni anglashda jamiyatimizda tarixan shakllangan ijtimoiy qadriyatlarning o‘rniga doir targ‘ibot materiallari tayyorlash va ulardan samarali foydalanishda ijobiy natijalarga erishilgan;
mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini rivojlantirish bilan bog‘liq mexanizmlar davlat+NNT, davlat+siyosiy partiya, davlat+fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari formati orqali takomillashtirilishi bilan bog‘liq xulosa va takliflardan Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil institutining Raqobatdosh ko‘p partiyali tizimning rivojlanish jarayonlarini tahlil qilish hamda Ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy vazifalarni hal etishda NNTning ishtirokini monitoring qilish sho‘’balari tomonidan foydalanilgan (Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil institutining 2019 yil 17 maydagi 01/711-son ma’lumotnomasi). Ushbu xulosa va takliflar institutning jamiyatimiz ijtimoiy-siyosiy islohotlar jarayonida NNT va siyosiy partiyalar rolini mustahkamlashga doir metodik qo‘llanma va «Yo‘l xarita»larini ishlab chiqishda ilmiy manba bo‘lib xizmat qilgan.