Aripdjanov Otabek Yusupdjanovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Kushon Baqtriyasi suyaktaroshlik san’ati», 17.00.08 – San’at nazariyasi va tarixi (san’atshunoslik fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.PhD/San64.
Ilmiy rahbar: Rtveladze Edvard Vasil`evich, tarix fanlari doktori, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi San’atshunoslik instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi San’atshunoslik instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.27.06.2017.San.51.01.
Rasmiy opponentlar: Luneva Valentina Vital`evna, san’atshunoslik fanlari doktori; Alieva Zafara Jumabaevna, san’atshunoslik fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot nomi: O‘zbekiston milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Baqtriyaning Kushonlar davri suyaktaroshlik san’atining texnologik jarayonlari, uslublari hamda suyak o‘ymakorligi maktabining o‘ziga xos xususiyatlari va asosiy jihatlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
arxeologik qazishmalar asosida topilgan moddiy ashyolar negizida Baqtriya suyak o‘ymakorligi buyumlariga (taqinchoqlar, soch to‘g‘nog‘ichlari, taroqlar, to‘qalar, urchuqlar, haykalchalar) oid shakl va turlar tipologiyasi dalillangan;
Kushon Baqtriyasi suyaktaroshligining semantik va badiiy zoomorf, antropomorf, o‘simliksimon va geometrik naqshlar xususiyatlari hind, yunon-rum hamda ko‘chmanchilar madaniyatining o‘zaro ta’siri asosida shakllangani aniqlangan;
antik davr Baqtriya suyaktaroshligiga oid buyumlarga ishlov berish izchilligi va moddiy-maishiy ashyolarni yasash texnologiyasi tiklangan;
Kushon Baqtriyasi suyak o‘ymakorligining o‘ziga xos lokal ko‘rinishi (organik xomashyo bazasi, texnik-texnologik, yasash va ishlov berish usullari, buyumlar turlari, dekorativ bezaklari va semantik xususiyatlari) arxeologik topilmalar asosida dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Baqtriyaning kushon davri suyaktaroshlik san’atining shakllanishi va rivojlanishiga oid ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
Baqtriya suyaktaroshlik san’ati maktabining boshqa tarixiy-madaniy hududlar bilan integratsion aloqalari va uslublar negizidagi o‘zaro ta’sirlanuvining mavjudligiga qaramay eklektik chegaralanish asnosida mustaqil rivojlanib borgani, turli kundalik ashyolar, dekorativ bezaklar tahlili, naqshlar tasviridagi ramziylik semantikasi asosida hind, yunon-rum va ko‘chmanchilar madaniyati bilan uzviy aloqalari, etnomadaniy, uslubiy hamda badiiy xususiyatlari asoslangan ilmiy xulosalardan O‘zbekiston tarixi davlat muzeyining «O‘zbekiston hududida davlatchilikning shakllanishi va rivojlanishi. Eramizdan avvalgi I asr – eramizning IV asri» ekspozisiyasining «Antik davr tarixi» bo‘limini takomillashtirishda, 2018 yilda chop etilgan «O‘zbekiston madaniyati yodgorliklari xazinasi» katalogini tayyorlashda hamda «O‘zbekiston Buyuk Ipak yo‘li chorrahalarida» nomli ko‘rgazmani tashkil etishda keng foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2017 yil 7 dekabrdagi 3/1255-2583-sonli dalolatnomasi). Natijada ilmiy ma’lumotlar asosida suyaktaroshlik buyumlari turlarga ajratilib, ulardan ashyolarni fotofiksatsiyalash, atribusiyalash va muzeylashtirishda keng foydalanildi;
Baqtriya suyak o‘ymakorligiga oid buyumlarning funksional vazifalari, ularning shakl va turlari tasnifi, aholi maishiy hayot tarzidagi o‘zgarishlar rivoji bilan bog‘liq holda takomillashgani, suyaktaroshlik buyumlarini yasashda pichoq, keskich, arra, iskana, tokarlik dastgohidan foydalanilgani asoslangan ilmiy xulosalardan ellinizm davrining eng yirik arxeologik yodgorliklaridan biri bo‘lgan Taxtisangin shahar xarobalaridan (Janubiy Tojikiston) topilgan suyaktaroshlik san’ati buyumlarining xomashyo bazasini aniqlash, o‘ymakorlik texnologiyalarini o‘rganish, ularning vazifalari, qo‘llanilishiga ko‘ra tsniflashda hamda dekorativ bezaklarni tahlil etishda foydalanilgan (Germaniya Arxeologiya instituti Evrosiyo bo‘limi dalolatnomasi, 18 avgust 2019 yil, Germaniya, Berlin). Ushbu natijalar Markaziy Osiyo antik davrdagi fil va boshqa hayvonlar suyaklaridan yasalgan topilmalarga oid aniq ilmiy-amaliy faktlarni tizimli o‘rganishda xizmat qilgan.