Amanova Maxfurat Eshmuradovaning

dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida

fan doktori (DSc) ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Moydorlik darajasi yuqori, ertapishar va hosildor moyli ekinlarning (Arachis hypogaea L., Sesamum indicum L., Carthamus tinctorius L.) yangi navlarini yaratish», 06.01.05–Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.DSc/Qx121.

Ilmiy maslahatchi: Buriev Xasan Chutboevich, biologiya fanlari doktori, professor.

Ilmiy tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: O‘simlikshunoslik ilmiy tadqiqot-instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.27.06.2017.Qx.13.01.

O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan: er yong‘oqning «Lider» (№NAR 00227, 15.01.2019 y.); kunjutning «Sadaf» navi (№NAR 00226 15.01.2019 y.); maxsarning «Saxro malikasi» navi (№NAR 00225 15.01.2019 y.).

O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining 2019 yil 15 martdagi 01-11/583; 01-11/584; 01-11/585-son xulosalari.

II. Tadqiqotning maqsadi: moyli ekinlar jahon kolleksiyasidan samarali foydalanish maqsadida kompleks o‘rganish, seleksiyaning turli yo‘nalishlariga birlamchi manbalar ajratish, yangi, eksportbop va istiqbolli navlarni yaratishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

ilk bor respublikaning iqlim sharoitida, uch xil moy beruvchi ekinlar jahon kolleksiyasidan: birinchi marta er yong‘oqning 500 ta, kunjutning 350 ta, maxsarning 200 ta, jami 1050 ta namunalarining morfologik, biologik va asosiy xo‘jalik belgilari asosida kompleks baholangan;

moyli ekinlardan er yong‘oq, kunjut va maxsarning ertapisharlik, hosildorlik, yirik urug‘li, urug‘ tarkibidagi moy va oqsil moddalari yuqori bo‘lgan birlamchi manbalari seleksiyaning turli yo‘nalishlari uchun ajratib olingan va seleksiya jarayoniga jalb etilgan;

moyli ekinlarning ertapishar, serhosil, yirik urug‘li, urug‘i tarkibida moy va oqsil miqdori yuqori bo‘lgan eksportbop nav va duragaylari yaratilgan va ularni o‘ziga xos biologik, morfologik, xo‘jalik belgilari aniqlangan;

er yong‘oqning sun’iy duragaylash uslubi ishlab chiqilgan va ushbu uslub asosida serhosil, yirik urug‘li, urug‘ tarkibida moy miqdori yuqori bo‘lgan, jahon bozori talablariga javob beradigan yangi «Lider» navi yaratilgan.

kunjutning yangi turiga mansub yuqori hosilli, urug‘ rangi oq bo‘lgan eksportbop «Sadaf» navi yaratilgan;

maxsarning yirik savatchali, hosildor, tikansiz shaklli «Sahro» malikasi navi yaratilgan;

respublikaning turli tuproq-iqlim sharoitlarida maxsar, er yong‘oq va kunjutning ushbu yangi navlarini etishtirishning maqbul  agrotexnikasi ishlab chiqilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Moyli ekinlar jahon kolleksiyasidan samarali foydalanish maqsadida kompleks o‘rganish, seleksiyaning turli yo‘nalishlariga birlamchi manbalar ajratish, yangi, eksportbop va istiqbolli navlarni yaratish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:

serhosil, tezpishar, urug‘ tarkibidagi moy miqdori yuqori, eksportbop, qayta ishlash sanoati talablariga javob beradigan, andoza navlarga nisbatan 1,5-2 marta ko‘p hosil beradigan er yong‘oqning yangi «Lider», kunjutning «Sadaf» va maxsarning «Saxro malikasi» navlari yaratilgan va 2019 yildan qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish uchun Davlat reestriga kiritilgan (Qishloq xo‘jalik ekinlari navlarini sinash davlat komissiyasining 2019 yil 14 martdagi T/6-4-146-son ma’lumotnomasi). Natijada respublikamiz fermer, dehqon va tomorqa xo‘jaliklariga eksportbop, yuqori hosilli ushbu yangi navlar keng maydonlarga ekilgan va yuqori samaradorlikka erishilgan;

kunjutning Sadaf (№NAP 00226), er yong‘oqning Lider (№NAP 00227), maxsarning Saxro malikasi (№NAP 00225) navlariga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining seleksiya yutug‘iga patenti olingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 5 apreldagi 02/021-221-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu navlarni ishlab chiqarishga  joriy etish hisobiga iqtisodiy samaradorlik er yong‘oqning «Lider» navida o‘rtacha 6,2 mln. so‘m, maxsarning «Sahro malikasi» navidan 1,6 mln so‘m va kunjutning «Sadaf» navidan o‘rtacha 4,2 mln. so‘mni tashkil etgan;

Andijon, Jizzax, Xorazm viloyatlari va Qoraqolpog‘iston Respublikasida 2018 yilda er yong‘oqning «Lider» navi 130 gektar, lalmi erlarda maxsarning «Sahro malikasi» navi 544 gektar maydonga va kunjutning «Sadaf» navi 451 gektar maydonga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 5 apreldagi 02/021-221-son ma’lumotnomasi). Natijada er yong‘oqning «Lider» navidan gektaridan o‘rtacha 43,0 sentner, maxsarning «Sahro malikasi» navidan 10 sentner va kunjutning «Sadaf» navidan 21,0 sentner don hosili olish imkoniyati yaratilgan. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish