Qabulov Eshbolta Atamuratovichning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “XVIII asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Surxon vohasi xo‘jaligi”,  07.00.01–O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.DSc/Tar102.

Ilmiy maslahatchi: Tursunov Saypulla Narzullaevich, tarix fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Termiz davlat universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, Qoraqalpoq ijtimoiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Tar.01.04.

Rasmiy opponentlar: Musaev Nuriddin Umrzoqovich, tarix fanlari doktori, professor; Xoliqova Rahbar Ergashevna, tarix fanlari doktori; Abdullaev Ulug‘bek Saydanovich, tarix fanlari doktori.

Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: XVIII asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Surxon vohasining ijtimoiy-iqtisodiy hayotida dehqonchilik, chorvachilikning o‘rni hamda savdo-sotiq munosabatlarining rivojlanishini tarixiy manbalar, arxiv hujjatlari va tarixiy-etnografik materiallar asosida kompleks ochib berishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

Surxon vohasining iqtisodiy-xo‘jalik va savdo munosabatlarining rivojlanishi, XVIII asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Buxoro amirligida kuzatilgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy munosabatlarning notekis rivojlanish jarayonlari ta’sirida kechganligi yoritib berilgan;

xo‘jalik munosabatlari vohaning tabiiy-iqlim sharoiti, agroiqlim resurslari, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot, tashqi va ichki bozor talablari hamda  mavjud siyosiy vaziyat bilan bog‘liq holda rivojlanganligi hamda xo‘jalik taraqqiyoti an’anaviy agrotexnika tadbirlarini qo‘llash, mahalliy o‘g‘itlardan samarali foydalanish, oqilona almashlab ekishni joriy qilish borasida rivojlanib borganligi aniqlangan;

mintaqaning sun’iy sug‘orishga asoslangan dehqonchilik xo‘jaligida Amudaryoning irmoqlari (To‘palangdaryo, Surxondaryo, Sheroboddaryo)da bunyod etilgan irrigatsiya inshootlari hamda tog‘ va tog‘oldi hududlaridagi soy, havza, buloq, koriz, selovakorlik kabi lokal sug‘orish tizimi ustuvor ahamiyat kasb etgani holda, lalmikor dehqonchilik xo‘jaligining tabiiy sharoitga bog‘liq bo‘lgan beqaror ekstensiv xarakteri ko‘rsatib berilgan;

chorvachilik xo‘jaligining rivojlanish jarayonlariga turli ijtimoiy qatlamlarning (urug‘ oqsoqollari, oilaviy sulolalar, qishloq jamoasi) yaylovlarga va chorvaga egalik munosabatlari hamda yillik tabiiy sharoit, siyosiy-iqtisodiy vaziyat kabi qator omillar bevosita ta’sir etganligi  asoslangan;

XIX asrning oxiri – XX asr boshlarida Rossiya kapitalining Buxoro amirligi  iqtisodiyotiga kirib kelishi hamda savdo, hunarmandchilik va qishloq xo‘jaligini, ayniqsa, yangi erlarni o‘zlashtirish, irrigatsiya loyihalarini amalga oshirish, paxtachilikni rivojlantirish borasida olib borgan tadbirlarining Surxon vohasi xo‘jalik-madaniy landshaftiga bevosita ta’sir etganligi ko‘rsatib berilgan;

Surxon vohasi Buxoro amirligi va Rossiya imperiyasining Sharq davlatlari bilan iqtisodiy, savdo aloqalarida tranzit yo‘li sifatida strategik ahamiyatga ega bo‘lganligi, uning geografik jihatdan qulay savdo yo‘llari chorrahasida joylashganligi, Amudaryo suv yo‘lining (Ayritom, Pattakesar, Sho‘rob, Cho‘chqaguzar, Qorakamar kechuvlari) hamda Termiz temir yo‘lining xo‘jalik munosabatlari taraqqiyotida katta ahamiyat kasb etganligi tarixiy manbalar asosida aniqlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Surxon vohasining XVIII asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlari davri tarixini tadqiq etish bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:

vohaning Buxoro amirligi siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayotida tutgan o‘rni va roli oshganligi hamda strategik jihatdan muhim ahamiyat kasb etganligi to‘g‘risidagi materiallaridan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 27 yanvardagi 3-I-03-03 raqamli loyiha doirasida foydalanilgan (Fan va texnologiyalar agentligining 2018 yil 10 yanvardagi FTA-02-02/16-son ma’lumotnomasi). Bu esa so‘nggi o‘rta asrlarda Surxon vohasi xo‘jalik hayoti tarixini o‘rganish va yanada chuqurroq tadqiq etish imkonini yaratgan;

Surxon vohasi chorvachilik xo‘jaligining rivojlanish tendensiyalari va qulay iqlimi, keng yaylovlarning mavjudligi va ulardan samarali foydalanish borasida xalq an’analarining asrlar davomida shakllanganligi haqidagi dissertatsiya ma’lumotlari  I-2010-33 raqamli loyiha doirasida foydalanilgan (Fan va texnologiyalar agentligining 2018 yil 10 yanvardagi FTA-02-02/16-son ma’lumotnomasi). Bu esa talaba, magistr, ilmiy tadqiqotchilarning xo‘jalik tarixi masalalarini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirgan;

Surxon vohasi moddiy madaniyatining shakllanishi, taraqqiy etishi va rivojlanish bosqichlari hamda uning jahon tamaddunidagi o‘rniga oid dissertatsiya ma’lumotlardan I-2012-40 raqamli loyihada foydalanilgan (Fan va texnologiyalar agentligining 2018 yil 10 yanvardagi FTA-02-02/16-son ma’lumotnomasi). Bu ma’lumotlar tadqiq qilingan davrda Surxon vohasi aholisi xo‘jalik-madaniy an’analarini yoritib berishga xizmat qilgan.

Buxoro amirligi va Rossiya imperiyasining Sharq davlatlari bilan iqtisodiy, savdo aloqalarida Amudaryo suv yo‘lining (Ayritom, Pattakesar, Sho‘rob, Cho‘chqaguzar, Qorakamar kechuvlari) hamda Termiz temir yo‘lining muhim o‘rni tutgani to‘g‘risidagi ma’lumotlardan 3-I-03-03 raqamli loyihada foydalanilgan (Fan va texnologiyalar agentligining 2018 yil 10 yanvardagi FTA-02-02/16-son ma’lumotnomasi). Bu esa mintaqaning Sharq mamlakatlari savdo aloqalari tarixini yanada chuqurroq tadqiq etish imkonini yaratgan;

Surxon vohasi dehqonchiligida tuproq unumdorligini an’anaviy usulda oshirish, donli, sabzavot va poliz ekinlarining yangi navlarini yaratish kabi omillar asosida rivojlanib borganligi, sun’iy sug‘orish tarmoqlaridan samarali foydalanish qishloq xo‘jaligining rivojlanishiga asosiy tayanch bo‘lib xizmat qilishi haqidagi dissertatsiya ma’lumotlaridan Surxondaryo viloyat teleradiokompaniyasining “Qishloq va hayot”, “Bir qishloq tarixi”, “Janub ovozi” ko‘rsatuvlari ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (Surxondaryo viloyat teleradiokompaniyasining 2018 yil 3 yanvardagi 1-son ma’lumotnomasi). Bu ma’lumotlar voha aholisining agrar sohada katta tajribaga ega ekanligini omma orasida keng targ‘ib etishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish