Jobborov Baxrom Turg‘unovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Sug‘oriladigan tuproqlarning texnogen buzilishi, ularning ekologik holati va rekul`tivatsiyasi (Toshkent viloyati misolida)», 03.00.13–Tuproqshunoslik (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/B255.
Ilmiy rahbar: Jabbarov Zafarjon Abdukarimovich, biologiya fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, PhD.29.12.2018.B.05.03.
Rasmiy opponentlar: Abdullaev Anvar Xaydarovich, biologiya fanlari doktori; Uraimov Tojiddin, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: sug‘oriladigan bo‘z-o‘tloqi va to‘q tusli bo‘z tuproqlarning texnogen buzilishi va ekologik holati, ularning kimyoviy, fizikaviy, biologik xossalarining o‘zgarishini aniqlash hamda mos rekul`tivatsiya texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sug‘oriladigan tuproqlarning ifloslanish manbalari va omillari bo‘yicha muhofaza, texnik buzilish va fon hududlarining ifloslanish darajalarining farqlari ochib berilgan;
bir hududda ikki xil ifloslanish manbasi atrofida tuproqlarning texnogen buzilishi, xossalarining o‘zgarishi og‘ir metallar va kul chiqindilar miqdori bilan tuproq genetik qatlamlarining o‘zgaruvchan bo‘lishi asoslangan;
sug‘oriladigan tuproqlarning unumdorligini tiklash uchun biologik va texnik tadbirlarga asoslangan rekul`tivatsiya algoritmi yaratilgan;
texnogen buzilgan tuproqlar rekul`tivatsiyasidan so‘ng tuproqlarning ekologik holati va unumdorligining tiklanish ko‘rsatkichlari hamda ular uchun mavjud koeffisientlar takomillashtirilgan;
texnogen buzilgan sug‘oriladigan to‘q tusli bo‘z tuproqlar uchun texnik va biologik usulga asoslangan uch bosqichli rekul`tivatsiya texnologiyasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Sug‘oriladigan tuproqlarning texnogen buzilishi, ularning ekologik holati va rekul`tivatsiyasi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
texnogen buzilgan tuproqlar uchun yaratilgan rekul`tivatsiya texnologiyasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tizimida erlarni sog‘lomlashtirishda joriy etilgan (Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2018 yil 13 noyabrdagi 03-03/2-4563-son ma’lumotnomasi). Natijada, tuproq qoplamida umumiy mikroorganizmlar miqdorini oshirish, fizik va kimyoviy xossalarini yaxshilash, o‘simliklarning o‘sishi va rivojlanishi uchun optimal sharoit yaratish hamda tuproq unumdorligini tiklash imkonini bergan;
rekul`tivatsiya texnologiyasi Toshkent viloyati «Yangi hayot Jo‘raboy fayzi» fermer xo‘jaligining 1,8 gektar er maydoniga joriy etilgan (Qishloq xo‘jalik vazirligining 2018 yil 5 dekabrdagi 02/021-232-son ma’lumotnomasi). Natijada texnogen buzilgan tuproqlarning unumdorligini tiklash va ulardan oqilona foydalanish hamda muhofaza qilish imkonini bergan;
sug‘oriladigan tuproqlarning unumdorligini tiklash, rekul`tivatsiya texnologiyasini ishlab chiqishda bakteriya shtammlarini qo‘llash bo‘yicha me’yorlari va ularning stimulyativ ta’sir etish xossalari A-7-27 raqamli «Quyi Zarafshon okrugi barqaror rivojlanishining geoekologik indikatorlari va ularni amaliy baholash» ilmiy loyihasida tuproq unumdorligini tiklash, tuproqlarga biotexnologik ishlov berishda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 21 dekabrdagi 89-03-4397-son ma’lumotnomasi). Natijada, tuproq mikroorganizmlarini miqdor va guruhiy jihatdan ko‘payish, tuproq xossalariga bog‘liq holda qo‘llash me’yorlarini belgilash hamda tuproq unumdorligini tiklash imkonini bergan.